Jahon | 16:42 / 11.11.2024
5354
5 daqiqa o‘qiladi

Kreml Putin va Tramp telefonda suhbatlashganini rad qildi

«Bu mutlaqo yolg‘on», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Foto: RIA Novosti

Washington Post gazetasi xabardor manbalariga tayanib, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp 7 noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashgani hamda Ukrainadagi urushni muhokama qilgani to‘g‘risida xabar tarqatdi. Kreml bunday muloqot bo‘lib o‘tganini rad etmoqda.

Amerika nashri xabarida Tramp Putinni Ukrainadagi vaziyatni keskinlashtirishdan qochishga chaqirgani va Yevropada Amerikaning kattagina kuchlari borligini eslatgani haqida ma’lum qilingan.

Shuningdek, nashr suhbatdoshlari Putin va Tramp Yevropa qit’asida tinchlikka erishish zarurligi haqida gaplashgani va amerikaliklar rahbari «mojaroni tezroq hal etish»ni muhokama qilish uchun keyingi muloqotlarga qiziqish bildirganini qayd etgan.

Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov Washington Post xabarini «mutlaqo uydirma» deb atadi. U dushanba tongida RBK va BBC jurnalistlari savollariga javoban shunday degan: «Bu ba’zida hatto hurmatli nashrlarda e’lon qilinadigan ma’lumotlarning ham sifati qandayligiga eng yaqqol misol bo‘ladi. Bu mutlaqo yolg‘on. Bu sof fantastika, bu shunchaki yolg‘on ma’lumot».

Washington Post so‘roviga javoban Tramp shtabining kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Stiven Chung shunday degan: «Biz prezident Tramp va jahonning boshqa davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi shaxsiy qo‘ng‘iroqlarni izohlamaymiz». Shu bilan birga, Chung turli davlatlar rahbarlari saylangan prezident bilan aloqa o‘rnatish jarayonini boshlaganini qayd etgan.

NBC News tomonidan payshanba kuni e’lon qilingan intervyuda Tramp hali Putin bilan gaplashmagani, ammo shunday niyati borligini aytgandi. Xuddi o‘sha kuni Putin «Valday» munozara klubi yig‘ilishida Trampni saylovdagi g‘alaba bilan tabriklab, muloqotga tayyor ekanini aytgandi.

Shu tariqa, Putinning tabrigi Amerika nashri Rossiya prezidenti Tramp bilan telefon orqali muloqot qilganini aytgan kunda yangragandi. Washington Post versiyasiga ko‘ra, Tramp Putinga Floridadagi qarorgohidan turib qo‘ng‘iroq qilgan.

Amerika nashri Kiyevdagilar ham Trampning Putin bilan muloqoti haqida ogohlantirilgani va bunga e’tiroz bildirilmaganini xabar qilgan, ammo Ukraina TIV buni rad etgan.

«Ukraina tomonining ehtimoliy qo‘ng‘iroq haqida oldindan xabardor qilingani haqidagi xabarlar yolg‘on. Shunga ko‘ra, Ukraina bu chaqiruvni ma’qullay olmaydi yoki unga qarshi chiqa olmaydi», dedi Ukraina idorasining rasmiy vakili Georgiy Tixiy Reuters'ga bergan izohida.

Kreml vakili jurnalistlarning Putin Tramp bilan muloqot qilishni rejalashtiryaptimi deya berilgan savoliga shunday javob bergan: «Sizni yana prezidentning „Valday“da aytgan so‘zlariga yo‘naltirmoqchiman. Hozircha qandaydir muayyan rejalar yo‘q».

Tramp chorshanba kuni Zelenskiy bilan muloqot qilgandi. Ukrainlar prezidenti aytishicha, rahbarlar «yaqindan muloqotni davom ettirish va hamkorlikni rivojlantirish»ga kelishib olishgan.

«Prezident Tramp bilan ajoyib telefon muloqoti o‘tkazdim va uni tarixiy hamda ishonchli g‘alaba bilan tabrikladim — bu natija uning kuchli saylov kampaniyasi evaziga qo‘lga kiritildi», — deya yozgan ukrainlar rahbari telegram kanalida.

Juma kuni Axios portali, keyin Amerikaning boshqa nashrlari ham muloqotda milliarder Ilon Mask qatnashgani haqida yozishdi.

Muloqot 25 daqiqa davom etgan. Zelenskiy Trampni saylovdagi g‘alaba bilan tabriklaganidan keyin saylangan prezident Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytgan, ammo tafsilotlarga to‘xtalmagan.

Mask esa Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimidan foydalanishni ta’minlash orqali Ukrainani qo‘llashini bildirgan.

Muloqotda Mask ham ishtirok etgani to‘g‘risidagi ma’lumotni keyinroq Ukraina prezidenti ofisidagi manba BBC’ga tasdiqlagan.

«Prezident Trampning yonida Ilon ham bo‘lgan va u go‘shakni unga bergan, prezident Zelenskiy „Starlink“lar uchun minnatdorchilik bildirgan», — deya xabar bergan u.

Muloqot vaqtida qanday kayfiyat hukm surgani haqidagi savolga javoban manba «normal, ishchi kayfiyati, yaxshi muloqot» deya javob bergan.

«Bu juda muhim masalalarni muhokama qilish uchun suhbat emasdi, lekin, umuman olganda, bu juda iliq va yoqimli muloqot bo‘ldi», — degan manba.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid