O‘zbekiston | 20:01 / 12.11.2024
3949
7 daqiqa o‘qiladi

12 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Mirziyoyevning arab-islom sammitida qilgan chiqishi, havo ifloslanishiga qarshi choralar, Dubay va Kuvaytda ishlash imkoni, Saudiyadan 2,5 mlrd investitsiya — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Havo ifloslanishiga qarshi choralar

Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi, deb xabar bermoqda shahar hokimligi.

Mahallalar uyushmasining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev yunusobodliklar issiqxonalarda turli narsalar yoqilayotganidan aziyat chekayotganini aytib, jamoatchilikni amaliy yechim topilmaguncha to‘xtamaslikka chaqirdi.

Odamlar issiqxonalarda turli narsalarni yoqishyapti, ekologiya buzilyapti. Eng muhimi, odamlarning salomatligiga juda negativ ta’sir qilyapti”, – degan u.

Toshkent shahar hokimligi Mahmudxo‘jayevning murojaatiga munosabat bildirdi.

Korxonalarning isitish uskunalarida tegishli energiya manbalaridan, xususan, qattiq yoqilg‘idan foydalanishini tekshirish maqsadida ishchi guruh tomonidan ekologik reyd o‘tkazilmoqda.

Aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha, mavjud vaziyatni o‘zgartirish uchun qat’iy choralar ko‘rilmoqda”, – deyiladi hokimlik bayonotida.

Bayonotda ta’kidlaniicha, ko‘mir qozonlaridan foydalanayotgan obektlarda kulning og‘ir va yengil zarrachalarini ushlab qoluvchi filtrlarni o‘rnatish majburiy deb belgilangan. O‘ziga xos hid va havo rangini o‘zgartiradigan boshqa materiallardan, masalan, shinalar yoki yoqilg‘i moyidan foydalanadigan korxonalarga mavjud uskunalarni filtrlar o‘rnatilgan holda ko‘mirga almashtirish talabi qo‘yilgan.

Aks holda, bunday korxonalar og‘ir ekologik vaziyat yuzaga kelgan yillarda o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishga majbur bo‘ladi.

Dubay va Kuvaytda ishlash imkoni

O‘zbekiston va BAA o‘rtasida haydovchilik guvohnomalari o‘zaro tan olinishi to‘g‘risidagi bitim 2023 yilda imzolangan.

O‘zbekistonning elchixonasi rahbariyati Dubay rekruting biznes guruhi bosh kotibi, DULSCO Group rekruting kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahdi Muhammad bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Dubay rekruting biznes guruhi bosh kotibi O‘zbekiston bozoriga qiziqish mavjudligini va mamlakat fuqarolarini BAAda ish bilan ta’minlash bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi. 

Shuningdek, Kuvaytdagi turli kompaniyalar, restoranlar va mehmonxonalardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston elchixonasi rahbariyati, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili hamda Kuvaytning HIREO Placement Consulting Co. kompaniyasi ta’sischisi va ijrochi direktori Muhsin al-Jadaan o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Kuvayt tomoni O‘zbekiston rahbariyati tomonidan qonuniy migratsiyani tashkil qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilinayotgan dasturlar, shuningdek, xorijga ishlash uchun yuboriladigan fuqarolarga qo‘yiladigan talablar, ularni til bilish darajasi va kasbiy ko‘nikmalarni egallashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.

Saudiyadan 2,5 mlrd dollarlik investitsiya

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ar-Riyod shahriga amaliy tashrif doirasida Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qildi. 

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, eng avvalo, O‘zbekistonda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, kooperatsiya ko‘lami va aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. 2024 yil yakuni bilan O‘zbekistonga Saudiya Arabistoni kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etilishi kutilmoqda.

“Yashil” energetika, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, issiqlik va suv ta’minoti, qishloq va uy-joy kommunal xo‘jaligi kabi sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Oktyabrda avtomobillar narxida tushish

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan oktyabr oyidagi avtomobil narxlari tahlil qilindi.

2024 yilning oktyabr oyida ikkilamchi avtomobil bozorida Lacetti, Damas, Labo narxlari pasayishda davom etdi. Spark’ning o‘rtacha narxi bir oz ko‘tarilgan bo‘lsa, Cobalt va Nexia narxlarida deyarli o‘zgarish kuzatilmadi.  

Oktyabr oyida mahalliy lyuks avtomobillaridan Equinox narxlari sezilarli o‘zgargan bo‘lsa, Malibu va Tracker narxlari deyarli o‘zgarmadi.

Prezident Yaqin Sharqdagi mojaro haqida

Saudiyada Arab ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining qo‘shma sammitida chiqish qilgan Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topilishi muhimligini ta’kidladi.

Prezident Falastin-Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash va tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari BMT va Xavfsizlik Kengashining doimiy e’tibor markazida turishi zarurligi qayd etildi.

Qadimiy va boy tarixga ega Falastin xalqi 1967 yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqli ekani ta’kidlandi.

Falastin va Livan hududidagi humanitar inqirozning oldini olish maqsadida yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan, shu jumladan BMTning Maxsus agentligi doirasida yordam ko‘lamini kengaytirish taklif etildi.

Davlat rahbari urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini ta’kidladi.

Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan «Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo» sammitida ham muhokama qilish niyati bildirildi.

Mavzuga oid