O‘zbekiston | 12:11
761
2 daqiqa o‘qiladi

Elektron shaklda sug‘urta polislarini rasmiylashtirish tartibi tasdiqlandi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining buyrug‘i bilan elektron shaklda sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish tartibi tasdiqlandi. Hujjat 3 oydan so‘ng kuchga kiradi.

Barcha turdagi sug‘urta shartnomalari (qayta sug‘urtalash) va sug‘urta polislarini Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish joriy etilmoqda.

Barcha turdagi sug‘urta polislarini qog‘oz shaklida rasmiylashtirish bekor qilinishi munosabati bilan elektron shaklda sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi: Yagona axborot tizimi orqali barcha turdagi sug‘urta shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta polislarini rasmiylashtirish tartibi; sug‘urtalovchilar tomonidan Yagona axborot tizimidan foydalanish talablari va shartlari, shuningdek Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligining ko‘rsatmalariga muvofiq huquqbuzarliklarni bartaraf etish davrida undan foydalanishni to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish va boshqalar.

Yangi tartib sug‘urta mukofotlarini hisoblashni avtomatlashtirish orqali majburiy sug‘urta shartnomalarini tuzish jarayonlarini soddalashtiradi, sug‘urtalovchini tanlash huquqi bilan shartnomalarni elektron shaklda majburiy tuzish imkoniyatini ta’minlaydi, shuningdek sug‘urta da’volarini tartibga solishni nazarda tutadi.

Agar sug‘urta polislari Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtirilmagan bo‘lsa, ular haqiqiy emas deb hisoblanadi va bu sug‘urtalovchining litsenziya talablari va shartlarining bir martalik qo‘pol buzilishi deb e’tirof etiladi. 

Mavzuga oid