Jahon | 09:14
3829
3 daqiqa o‘qiladi

Volin qirg‘ini: Ukraina va Polsha eksgumatsiya haqida kelishib oldi

Kiyev Volin fojiasi qurbonlari jasadlarini eksgumatsiya qilishga 2017 yildan beri amal qilib kelayotgan moratoriyni bekor qildi, deya xabar berildi Ukraina va Polsha tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonotida.

Foto: PAP

Ukraina Volin fojiasi qurbonlari jasad qoldiqlarini qidirish bo‘yicha o‘z hududida qidiruv va eksgumatsiya ishlarini olib borishga hech qanday to‘siq yo‘qligini tasdiqladi. Bu haqda Ukraina va Polsha tashqi ishlar vazirlari Andrey Sibiga va Radoslav Sikorskiyning Varshavada 26 noyabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotida aytiladi.

Ukrainada 2017 yildan beri Volin fojiasi yoki Volin qirg‘inida halok bo‘lgan polshalik qurbonlar qoldiqlarini qidirish va eksgumatsiya qilishga moratoriy amal qilmoqda. Polsha Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Pavel Vronskiy jurnalistlar bilan suhbatda eksgumatsiya 2025 yilning bahorida boshlanishi mumkinligiga ishora qildi.

O‘z navbatida, Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ukrainaliklar va polyaklar o‘rtasida tushunmovchiliklar bo‘lmasligidan manfaatdor ekanini ta’kidladi, chunki «har bir oila o‘z ajdodlari xotirasini munosib hurmat qilishga haqli».

Radoslav Sikorskiyning ta’kidlashicha, u va Sibiga tomonidan qabul qilingan bayonot Polsha va Ukraina o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatadi va ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin munosabatlarning «katta isbotidir», deb yozadi Polshaning PAP axborot agentligi.

Polsha tashqi ishlar vaziri shu munosabat bilan Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bostirib kirishi boshlanganidan beri uning mamlakati Kiyevga ko‘rsatgan yordamni esladi. «Harbiy, iqtisodiy, moliyaviy, gumanitar va qochqinlarni qo‘llab-quvvatlashni hisobga olgan holda, bizning statistik ma’lumotlarimizga ko‘ra, Polsha boshqa mamlakatlarga qaraganda Ukrainaga yalpi ichki mahsulotga mutanosib ravishda ko‘proq mablag‘ sarflagan», dedi Sikorskiy.

Volin qirg‘ini

2016 yilda Polsha Seymi Volin qirg‘inini genotsid deb tan olgan va 11 iyulni ushbu voqealar qurbonlarini xotirlash kuni deb hisoblashga qaror qilgan edi. 

Gap Ikkinchi jahon urushi davridagi qirg‘in haqida ketmoqda, u Ukrainada Volin fojiasi deb ataladi, Polshada esa - Volin qirg‘ini. 1942 va 1943 yillarda Ukraina millatchilari tashkiloti - Ukraina isyonchilar armiyasi (OUN-UPA) jangchilari, turli manbalarga ko‘ra, 30 dan 100 minggacha polyaklarni - asosan Ikkinchi jahon urushidan oldin zamonaviy Volin viloyatida yashagan tinch aholini yo‘q qilib tashlagan.

Dpa agentligiga ko‘ra, qasos olish harakatlari davomida, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 20 mingga yaqin ukrainalik halok bo‘lgan. 

Mavzuga oid