Jahon | 20:54 / 12.12.2024
1441
2 daqiqa o‘qiladi

Telegram 2024 yilda 15 milliondan ziyod kanal va guruhlarni blokladi

Bloklangan qariyb 702 mingta kanalda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka oid materiallar bo‘lgan.

Foto: Unsplash

Telegram messenjeri 2024 yilda bloklangan kanallarga oid statistikasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, joriy yilda 15,3 millionta guruh va kanallar bloklangan.

Qayd etilishicha, bloklangan qariyb 702 mingta kanalda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka oid materiallar bo‘lgan, yana 129 mingtasi terrorizm bilan bog‘liqligi sabab bloklangan.

Xabarda ta’kidlanishicha, 2022 yildan beri terrorizm bilan bog‘liq 100 milliondan ortiq kontent o‘chirilgan.

Telegram asoschisi Pavel Durov avgust oyi oxirida Parij aeroportida hibsga olingan edi. U messenjerni yetarlicha moderatsiya qilmaganlikda gumonlanmoqda. Jandarmeriya ma’lumotlariga ko‘ra, bu va uning hamkorlik qilishdan bosh tortishi uni bolalar pornografiyasi, firibgarlik va boshqa jinoyatlarni tarqatishda sherik qiladi. Keyinroq Durov 5 million yevro garov va haftasiga ikki marta politsiya bo‘limiga xabar berish majburiyati evaziga ozod qilingandi.

23 sentabr kuni Durov Telegram asosli qonuniy talablarga javoban huquq-tartibot idoralariga qonun buzgan shaxslarning IP-manzillari va telefon raqamlarini oshkor qilishi mumkinligini aytgan.

Avvalroq Parij prokuraturasining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi Fransiya Milliy assambleyasi (parlament quyi palatasi) deputatlarining Telegram akkauntlari buzib kirilgani ehtimoli yuzasidan tergov boshlagandi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid