Jahon | 12:40 / 02.01.2025
1024
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaning Kemnits shahri Yevropa madaniy poytaxtiga aylandi

Germaniyaning sharqiy qismidagi Kemnits shahri 2025 yilgi Yevropa madaniyat poytaxti deb topildi. Tadbirlarning bir qismi Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligi va GDR tarixiga bag‘ishlanadi.

Foto: iStock

Germaniyaning sharqiy qismidagi Kemnits shahri 1 yanvar, chorshanba kuni Sloveniyaning Nova-Goritsa va Italiyaning Goritsiya shaharlari bilan birga 2025 yil uchun Yevropa madaniyat poytaxti bo‘ldi.

Dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Kemnitsda madaniy tadbirlar boshlanishi 18 yanvarga belgilangan. Shu kuni u yerda 80 minggacha mehmon kutilmoqda. Shahar markazida tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi, so‘ngra shahar hokimiyati va opera teatrida marosimlar tashkillashtiriladi.

Bir yilda jami 229 ta madaniy loyiha amalga oshiriladi. Ular orasida: san’at va haykaltaroshlik yo‘lini yaratish, Edvard Munk shoulari, raqs, musiqa va san’at festivallari, Yevropa sanoat shaharlari va konchilikning o‘zgarishi haqidagi ko‘rgazmalar, Teatr maydonida yozgi ochiq havoda konsertlar.

Dasturning bir qismi Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligiga bag‘ishlanadi. 5 mart kuni 1945 yilda shaharning bir qismi ittifoqchilar aviatsiyasi tomonidan vayron etilgani, 2100 ga yaqin kishi halok bo‘lgan Kemnits bombardimon qilinishi xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tadi. 8 may kuni «Yevropa tinchlikka chaqiradi» (Europäisches Friedensläuten) deb nomlangan qo‘ng‘iroqlar bilan aksiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Kemnitsning SSSR bilan bog‘liq madaniy merosi

18 yanvar kuni tantanali ochilish marosimi shahar markazidagi Karl Marks yodgorligida bo‘lib o‘tadi. 1953 yildan 1990 yilgacha GDR davrida Kemnits Karl-Marks-Shtadt deb nomlangan. Uning asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri hali ham faylasufning bahaybat bosh shaklidagi yodgorlik hisoblanadi. Bu sovet haykaltaroshi Lev Kerbelning ishi va dunyodagi eng katta haykaltaroshlik boshlaridan biri. Yodgorlik Leningradda tayyorlangan. Uning orqasida to‘qqiz qavat balandlikka ega panno joylashgan bo‘lib, unda: «Barcha mamlakatlar proletariylari, birlashing!» degan yozuv nemis, ingliz, fransuz va rus tillarida yozilgan.

Shuningdek, 2025 yilda Kemnitsda nemis yozuvchisi Verner Broynigning Rummelplatz («Yarmarka maydoni» deb tarjima qilinishi mumkin) romani asosidagi opera premerasi rejalashtirilgan. Kitob Saksoniyadagi Ruda tog‘larida sovet atom sanoati uchun uran qazib olish haqida hikoya qiladi. Syujyet 1953 yil 17 iyunda GDRdagi xalq qo‘zg‘oloni bilan yakunlanadi. Kitob 1959-1966 yillarda yozilgan, lekin faqat 2007 yilda nashr etilgan. Yozuvchi Germaniya sotsialistik birlik partiyasi (GSBP) a’zosi va sotsialist bo‘lgan bo‘lsa-da, partiya rahbariyatiga roman yoqmadi va GDRda taqiqlangan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid