Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
RF armiyasi Dnipropetrovsk oblastidagi poligonga zarba yo‘lladi
«Ukrainskaya pravda» o‘nlab harbiylar halok bo‘lgani, yaralanganlar soni 100 ga yaqinligi haqida xabar bergan.
Rossiya qurolli kuchlari 1 mart kuni Ukraina qurolli kuchlarining Dnipropetrovsk oblastidagi poligoniga raketa hujumi uyushtirdi, natijada Ukraina quruqlik qo‘shinlari bo‘linmalaridan birining harbiy xizmatchilari halok bo‘lgan va yaralangan. Bu haqda Ukraina quruqlik qo‘shinlarining 3 mart kuni feysbukda e’lon qilingan bayonotida aytiladi.
Rossiya zarbasi oqibatida qancha odam halok bo‘lgani va jarohatlangani rasman oshkor etilmagan. «Ukrainskaya pravda» manbalarga asoslanib xabar berishicha, «gap bir necha o‘nlab qurbonlar va yuzga yaqin yaradorlar haqida ketmoqda». Dnipropetrovsk oblastidagi kasalxonalardan birida zarba natijasida yaralangan «ko‘p sonli» harbiylar bor, deb yozadi «Suspilne» manbalarga tayanib.
Ukraina qurolli kuchlari quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Mixaylo Drapatiy tergov olib borilayotgani, harbiy kontrrazvedka ishtirokidagi mustaqil tekshiruv tayinlanganini ma’lum qildi. «O‘sha kuni qaror qabul qilgan va qarorni o‘z vaqtida qabul qilmagan har bir kishi javobgarlikka tortiladi», — degan Drapatiy.
Ukraina Oliy Radasi deputati Maryana Bezuglaya va ukrainalik harbiy blogerlar ham Rossiya qo‘shini Dnipropetrovsk oblastidagi poligonga «safga tizilish chog‘ida» zarba bergani haqida xabar tarqatgan. Mixaylo Drapatiy hodisaning bu tafsilotini to‘g‘ridan to‘g‘ri tasdiqlamagan, ammo «harbiylarni eskirgan protseduralarga „tortib“, ularning xavfsizligini e’tiborsiz qoldirayotganlar» uchun «eng qattiq jazo» qo‘llanishiga erishilishini aytgan.
Rossiya mudofaa vazirligi 1 mart kuni kechqurun telegram-kanalida «Iskander-M» kompleksidan Dnipropetrovsk oblastining Cherkasskoye qishlog‘i yaqinidagi «Novomoskovskiy» harbiy poligoniga raketa zarbasi berilishi aks etgan videoni e’lon qildi, bu yerda Ukraina qurolli kuchlarining 157-mexanizatsiyalashgan brigadasi harbiy xizmatchilari bo‘lgan. Videoyozuv geolokatsiyasiga ko‘ra, bu haqiqatan ham Cherkasskoye qishlog‘i yaqinidagi poligon. Yozuvda poligonda ko‘plab chodirlar o‘rnatilgani, zarba berilishi arafasida ulardan kamida bittasidan harbiylar yugurib chiqqani aks etgan. Yozuvda «Iskander» kompleksi raketalarining kassetali jangovar kallaklari o‘q-dorilari detonatsiyasini eslatuvchi portlashlarni ko‘rish mumkin.
Rossiya mudofaa vazirligi ta’kidlashicha, zarba oqibatida 150 nafargacha harbiy, jumladan, 30 nafargacha xorijiy instruktor halok bo‘lgan. Bu bahoni mustaqil manbalar orqali tasdiqlash imkoni yo‘q.
Uchuvchisiz tizimlar bo‘yicha ukrainalik harbiy mutaxassis Sergey Beskrestnov (Sergey «Flesh») hodisaga izoh berarkan, telegram-kanalida rossiyaliklarning zarbadan oldin poligon ustidan uchib o‘tgan «Orlan» droni ham «mas’ul shaxslarni kerakli xavfsizlik choralarini ko‘rishga unday olmagani» haqida yozdi. Ukrainalik bloger va ko‘ngilli Sergey Sternenkoning ta’kidlashicha, Rossiya razvedkachi droni «uchuvchisiz uchish apparatlaridan himoya qilishning to‘liq tizimi hali ham ishga tushirilmagani» uchun urib tushirilmaganini bildirgan.
Sergey Flesh ta’kidlashicha, 28 fevral kuni Rossiya qo‘shinlari Zaporijjya oblastiga ham xuddi shunday zarba bergan. U hech qanday tafsilotlarni keltirmadi.
Ukraina davlat tergov byurosi «Rossiyaning Dnipropetrovsk oblastidagi poligonga raketa hujumi oqibatida ukrainalik harbiy xizmatchilar halok bo‘lgani va yaralangani fakti yuzasidan» harbiy xizmatga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish moddasi (Ukraina Jinoyat kodeksining 425-moddasi 4-qismi) bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va daxlsizligiga tajovuz qilish (Ukraina Jinoyat kodeksining 110-moddasi 3-qismi) moddasi bo‘yicha tergov olib borilmoqda, deya ma’lum qildi prokuratura «Suspilne» jurnalistlariga.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025