O‘zbekiston | 20:20 / 08.04.2025
2610
3 daqiqa o‘qiladi

“Yakkalangan davlat bo‘lmasligimiz kerak” – YeXHT Parlament assambleyasi prezidenti

Toshkentdagi Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi turli sessiyalarda davom etmoqda. Tinchlik va xavfsizlik, BMT ishlari, Yaqin Sharq masalalari, xalqaro gumanitar huquq qo‘mitalarining tadbir doirasidagi muloqotlari o‘tkazildi. Biz yakkalangan davlatlar bo‘lmasligimiz kerak, Yevropa bilan aloqalar faqat suv va energetikada bo‘lmay, inson huquqlarini ta’minlash va demokratiya sifatini oshirishda ham davom etishi lozim, deydi YeXHT Parlament assambleyasi prezidenti.

Foto: Kun.uz

7 aprel kuni assambleyada chiqish qilgan O‘zbekiston prezidenti rasmiy Toshkent dunyodagi har qanday ziddiyat va mojarolarni diplomatiya hamda tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini yana bir marta eslatdi. Assambleya debatlarida qatnashgan YeXHT Parlament assambleyasi prezidenti, Finlandiya parlamenti a’zosi Pia Kaumaning aytishicha, davlatlar izolyatsiyalangan bo‘lmasligi kerak. Dialog va kelishuvlar – har qanday mojaroning yechimi bo‘la oladi, deydi u.

- Prezident Ukraina, G‘azodagi urushlarni diplomatiya bilan hal qilish kerakligini gapirdi. Diplomatiyaning o‘zi mojarolarni tugatish uchun yetarli bo‘ladimi?

“Diplomatiya va kelishuvlar – buning yagona yo‘li xolos. Biz izolyatsiyalangan davlatlar bo‘lib qolmasligimiz kerak. Chunki yakkalangan davlatlar bir-birini kamroq tushunadi. Biz ham bu yerda parlament diplomatiyasi targ‘iboti uchun turibmiz. YeXHT dialog – hamma narsaning kaliti deb biladi” – Pia Kauma, YeXHT Parlament assambleyasi prezidenti

Siyosatchi Markaziy Osiyodagi jarayonlarga ham e’tibor qaratarkan, o‘tgan hafta Yevropa Ittifoqi bilan imzolangan strategik sheriklik hujjatiga to‘xtaldi. Besh davlatning hamkorligi transport, energetika bilan tugamay, inson huquqlari borasida ham davom etishi kerak, deydi Parlament assambleyasi prezidenti.

“Besh davlatning rahbari muntazam uchrashadi deb eshitaman. Bilasiz, Yevropa shimolida 5 ta NORDIC davlatlari bor, biz ham muntazam ko‘rishib, muammolarimizni muhokama qilamiz. Yevroittifoq bilan sherikligingiz faqat suv, tok, energetika yoki boshqalar bilan cheklanmasligi kerak. Inson huquqlari, demokratik jamiyat qurish va bu jamiyatda gender tenglik bo‘lishi uchun ham ittifoq bilan aloqalar juda muhim. Biz tez jamiyatlar qurdik, lekin shu jamiyatlarda ayollarning o‘rnini afsuski, unutdik. Bolalarimiz va yosh avlod bo‘ladigan jamiyatlarimizda inklyuzivlik bo‘lishi kerak” - Pia Kauma, YeXHT Parlament assambleyasi prezidenti

- Dunyo bo‘ylab demokratiya jiddiy tahdid ostida, deya olamiz. Parlamentlar bunday jarayonda biror rolga egami o‘zi? O‘zbekistonda-chi, Respublikadagi parlamentning rolini qanday baholaysiz?

“Tashkilotimizda o‘zbek delegatsiyasi uzoq yillardan beri bor. Demokratiyaning real holatini yaxshilash uchun ishlashganiga guvoh bo‘lganman. Konstitutsiyangizni o‘zgartirayotganingizda o‘lim jazosini undan olib tashlaganingiz, o‘limni taqiqlaganingiz bizni quvontirgan. Bu juda yaxshi tuzatish bo‘lgandi” - Pia Kauma, YeXHT Parlament assambleyasi prezidenti.

Mavzuga oid