Jahon | 15:57 / 14.05.2025
1723
4 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda shifoxonaga zarba oqibatida o‘nlab qurbonlar borligi aytilmoqda

Isroil tomoni Hamas qo‘mondonlik markaziga zarba berganini aytmoqda.

Foto: Anadolu

Isroilning G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida joylashgan Yevropa kasalxonasiga uyushtirgan havo hujumi oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘ldi va o‘nlab odamlar yaralandi, deb xabar berdi Hamas nazorati ostidagi Fuqarolik mudofaasi agentligi.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, Isroil aviatsiyasi G‘azodagi shifoxonaga oltita bomba tashlab, ichki hovli va unga tutash hududga zarba bergan.

Isroil mudofaa kuchlari «Hamas terrorchilarining qo‘mondonlik markazi»ga aniq zarba berganini ma’lum qildi, ularning so‘zlariga ko‘ra, markaz shifoxona ostida joylashtirilgandi.

Havo hujumi oqibatida jabrlanganlar orasida BBC bilan hamkorlik qilgan mahalliy jurnalist ham bor.

Unga yordam ko‘rsatilgan, hozirda u barqaror holatda.

Zarba oqibatida hududda bir necha chuqur o‘ralar hosil bo‘lgan

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil dronlari binoni qamal qilib, qutqaruvchilarga voqea joyiga yetib borishga imkon bermagan.

Qayd etilishicha, dronlardan biri voqea joyiga yaqinlashmoqchi bo‘lgan ikki qutqaruvchini jarohatlagan.

Ideals International xayriya tashkilotida ishlovchi plastik jarroh Tom Potokar zarba berilgan chog‘da shifoxonada bo‘lgan.

U BBC Newshour dasturiga bergan intervyusida «ketma-ket oltita kuchli portlash» gumburlagani va shifoxonaga zarbalar «hech qanday ogohlantirishsiz» yo‘llanganini aytdi.

«Hamma vahimaga tushib qoldi», – dedi u.

Shifokorlar va voqea guvohlariga ko‘ra, seshanba kuni G‘azodagi «Nosir» shifoxonasining shoshilinch yordam bo‘limiga yana bir zarba berilgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida taniqli falastinlik fotojurnalist Hasan Aslix ham bo‘lgan, u Isroilning boshqa bir hujumi natijasida olgan jarohatlaridan davolanayotgandi.

Isroil harbiylari avvalroq uni Hamasning 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga uyushtirgan hujumiga aloqadorlikda ayblagan edi.

Aprel oyidagi zarba natijasida Aslixning hamkasbi Helmi al-Fakaviy halok bo‘lgan, yana bir qancha jurnalistlar yaralandi.

«Nosir» shifoxonasi, 13 may. Foto: AFP

Isroil mudofaa armiyasi va «Shin-Bet» xavfsizlik xizmatining qo‘shma bayonotida aytilishicha, Hamas G‘azo sektoridagi shifoxonalardan foydalanishda davom etmoqda. Guruh bu ayblovlarni rad etadi.

Isroil ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, zarba nishoni Hamasning yuqori martabali arbobi Muhammad Sinvar bo‘lgan – u guruhning G‘azodagi sobiq rahbari Yahyo Sinvarning ukasidir.

Taxminlarga ko‘ra, Muhammad Sinvar o‘tgan yilning 13 iyulida Isroilning G‘azo sektoridagi aviazarbasi oqibatida halok bo‘lgan Muhammad Deyfning o‘limidan so‘ng guruhning harbiy qanotiga qo‘mondonlik qilishni o‘z zimmasiga olgan.

Isroil rasmiylari Muhammad Deyf va Yahyo Sinvarni 2023 yil 7 oktyabrda Hamasning Isroilga hujumi tashkilotchilari deb hisoblaydi.

Mavzuga oid