O‘zbekiston | 22:31 / 16.05.2025
3584
6 daqiqa o‘qiladi

16 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

1 iyundan boshlib radarlar yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun jarima yozmaydi, Buxoroda ekskavator ayolni bosib ketdi, ilk bor robot yordamida bosh miya biopsiyasi bajarildi, Umra litsenziyasiga ega turfirmalar soni oshdi, — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Radarlar yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun jarima yozmaydigan bo‘ldi

Prezident topshirig‘iga asosan avtomobil yo‘llarida harakatlanish tartibini yanada takomillashtirish, haydovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, joriy yil 1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, 1 iyundan shaharlar avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

1 sentabrdan boshlab esa harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda “Radar” yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi.

Bundan tashqari, avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni “A” harfli tasmalarda soat 23:00 dan 06:00 ga qadar boshqa transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Yana 2 ta turfirmaga Umra litsenziyasi berildi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun yakka tartibdagi litsenziya berish bo‘yicha tanlov natijalariga ko‘ra yana 2 ta turfirmaga litsenziya berdi.

Xususan, tanlov komissiyasi Toshkent shahrida joylashgan Centrum holidays hamda Buxoroda joylashgan «Buxoro umra jamiyati» MChJlarini tanlov g‘olibi deb topgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita joriy yil 7 mart kuni ikkinchi marotaba Umra litsenziyasini olish uchun tadbirkorlik sub’yektlaridan yangi arizalar qabuli boshlanganini e’lon qilgan edi.

Kun.uz manbalariga ko‘ra, litsenziyalovchi vakolatli organga 10 dan ortiq ariza kelib tushgan, lekin qo‘mita ularning faqat 2 tasiga litsenziya bergan. Ushbu ma’lumotni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan bog‘lanib, aniqlashtirishning imkoni bo‘lmadi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yangi litsenziya uchun tanlov e’lon qilinganini ham, uning natijalarini ham keng aholi foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qilmagan.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda Umra ziyoratini tashkil qilish uchun litsenziya berilgan turfirmalar soni 14 taga yetdi.

O‘zbekistonda ilk bor robot yordamida bosh miya biopsiyasi bajarildi

Milliy tibbiyot markazida zamonaviy neyroxirurgik robot — B Remebot yordamida O‘zbekistonda ilk bor bosh miya sohasidan biopsiya olish amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Qayd etilishicha, ushbu innovatsion texnologiya orqali operatsiya yuqori aniqlik, minimal shikast va bemor salomatligiga eng kam xavf bilan bajarilgan. Robot miya to‘qimalaridan tahlil uchun zarur namunalarni aniq va xavfsiz tarzda olish imkonini bergan.

B Remebot roboti yordamida endilikda miya o‘simtalarini aniqlash va olib tashlash, epilepsiya va Parkinson kasalligini davolash, miya qon tomir kasalliklari, shikastlanishlar va murakkab tashxislarni aniqlash mumkin bo‘ladi.

Orol tubida sho‘rlanishga chidamli o‘simlik sinovdan o‘tkazildi

Orol dengizining qurigan tubini ekologik tiklash maqsadida istiqbolli o‘simlik turlarini joriy etish yuzasidan ilmiy sinovlar olib borilmoqda.

O‘tkazilgan dala tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, yuqori yashovchanlik ko‘rsatgan eng istiqbolli o‘simliklardan biri — gigant qamish bo‘ldi. Ushbu o‘simlik tabiatan namlikni yoqtiruvchi bo‘lishiga qaramay, sho‘rlangan muhitga yuqori darajada moslashish xususiyatiga ega.

Tajriba maydonlarida olib borilgan tuproq qazish ishlari natijasida yerosti suvlari sathi taxminan 2 metr chuqurlikda joylashgani aniqlangan, gigant qamish ildizlari allaqachon birinchi yilning o‘zida shu chuqurlikka yetib borayotgani kuzatilgan. Bu esa o‘simlikka barqaror o‘sish va rivojlanish imkonini beradi.

O‘tkazilayotgan sinovlar Orolbo‘yi mintaqasida ekologik holatni yaxshilash, chang bo‘ronlariga qarshi kurashish hamda biologik tiklanish orqali hudud ekotizimini barqarorlashtirish yo‘lida muhim ilmiy asos yaratmoqda.

Ekskavator ayolni bosib ketdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida ekskavator yo‘ldan o‘tayotgan ayolni bosib ketgani aks etgan videolavha tarqaldi.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, yo‘l-transport hodisasi Buxoro shahar markaziy bozori oldidagi yo‘lda sodir bo‘lgan.

Ekskavatorni boshqarib ketayotgan fuqaro Ibn Sino ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtida bozordan chiqib, yo‘lni kesib o‘tayotgan ayolni bosib ketgan. Oqibatda 64 yoshli ayol voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov yakunlariga ko‘ra holatga huquqiy baho berilishi va javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanishi ta’kidlandi.

Mavzuga oid