Sport | 08:56 / 12.09.2016
25540
2 daqiqa o‘qiladi

Paralimpiya o‘yinlari. O‘zbekiston vakillari yana 2ta oltin medal oldi

Rio-de-Janeyro shahrida davom etayotgan Paralimpiada o‘yinlarining to‘rtinchi kuni ham O‘zbekiston vakillari uchun muvaffaqiyatli kechdi.

Shu kuni O‘zbekiston delegatsiyasi hisobi 2ta oltin medal bilan boyidi.

Suzuvchilar jamoasi vakili Fotima Omilova 100 metrga brass usulida suzish musobaqasida 1:12.45 soniyalik natija ko‘rsatdi va marraga birinchi bo‘lib keldi. U Paralimpiada chempionligiga erishish bilan birga, jahon rekordini yangiladi.

Bu Fotimaxon Omilovaning Rio-2016 paralimpiya o‘yinlarida uchinchi medali bo‘ldi. Bungacha u 200 metrga kompleks uslubda suzishda kumush, 100 metrga batterflyay uslubda suzishda bronza medallariga sazovor bo‘lgandi.

Erkaklar o‘rtasida bellashuvlarda esa Firdavs Musabekov oltin medal bilan taqdirlandi. 1:04.94 soniyalik natija ko‘rsatgan Musabekov ukrainalik sportchi Aleksey Fedina  bilan bir xilda natija qayd etdi.

Natijada har ikki sportchiga oltin medallar topshirildi. Shu paytgacha Rio-2016 paralimpiadasi 2ta oltinga ega chiqqan belaruslik Ixar Boki "bronza"ni qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi oltin medallar soni 6taga yetdi. O‘zbekiston hisobida jami 21ta medal bor (6ta oltin, 4ta kumush va 11ta bronza).

O‘zbekiston medallar hisobi bo‘yicha reytingda 6-o‘rinni band etib turibdi.

Bu borada o‘zbekistonlik sportchilar mezbon Braziliyadan keyingi o‘rindan joy olgan. Braziliyada ham oltinlar soni 6 ta, biroq kumush medallar O‘zbekistonnikiga qaraganda 7 taga ko‘proq.

Kuchli uchlik o‘zgarishsiz qoldi: Xitoy, Buyuk Britaniya, Ukraina. AQSh delegatsiyasi kuchli to‘rtlikdan joy olgan.

Mavzuga oid