Jamiyat | 12:28 / 01.11.2016
9067
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaliklar mamlakatning asosiy muammolarini aniqlab olishdi

Foto: gorod.lv

Ukraina fuqarolarining aksariyati — 53 foizi — Donbassdagi jangovar harakatlarni mamlakatning asosiy muammosi deb hisoblamoqda. Bu haqda, «Interfaks» agentligi «Reyting» guruhi tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga asoslangan holda xabar qilmoqda. 

Unga ko‘ra, ikkinchi o‘rinda davlat hokimiyati organlaridagi korrupsiya muammosidir. So‘ralganlarning 38 foizi shu haqda qayg‘urishlarini bildirishgan. Bundan tashqari, 29 foiz kishi ishsizlikni ham asosiy muammolar qatoriga qo‘shgan. Shuningdek, ishlab chiqarishning past darajasi va narx-navoni nazorat qilish kabi mavzular ham so‘rovda ishtirok etganlarning e'tiboridan chetda qolmagan. 

Ukrainaliklarning fikricha, tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvning yetishmasligi yoki ularning o‘chirib qo‘yilishi (4 foiz) hamda rus tilining maqomi (1 foiz) ahimiyatsiz muammolardir. 

So‘ralganlarning 74 foiziga ko‘ra, so‘nggi bir yilda mamlakatdagi iqtisodiy ahvol yomonlashgan. Ularning 50 foizi o‘zlarini qashshoq toifaga, 41 foizi o‘rtacha daromadli kishilar hisobiga qo‘shgan. 

Ijtimoiy so‘rovda ishtirok etganlarning yarmidan kamrog‘i oylik maoshi oziq-ovqat, zaruriy kiyim va poyabzal xarid qilishga yetayotganini aytishgan. 35 foizining ishontirishicha, ularning oylik ish haqi faqatgina yegulikka kifoya qiladi. 18 foizi oziq-ovqatdan ham tejashga majbur ekanliklarini bildirgan. 

Mavzuga oid