Azamat Abduraimov: Yil yakunida ushbu natijalar tahlil qilinib, o‘zgarishlar kiritilishi lozim
O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2018 saralashida muhim o‘yinni Janubiy Koreyaga boy berishi o‘zbek futboli jamoatchiligida katta rezonansni keltirib chiqardi. Terma jamoa bosh murabbiyiga qaratilgan navbatdagi tanqidiy fikrlar futbol jurnalistlari va muxlislaridan keyin, sobiq futbolchi Azamat Abduraimov tomonidan yangradi. U «Erudit Sport» gazetasida shu o‘yinga bag‘ishlangan tahliliy maqolasini chop ettirgan.
O‘z vaqtida jurnalistika sohasida ham faoliyat olib borgan Abduraimov birinchi bo‘limda namoyish etilgan o‘yindan qoniqish hosil qilganini aytib o‘tgan.
«O‘yinning dastlabki qismida ko‘rsatilgan futbol meni ham juda xursand qildi. Futbolchilarimiz raqibdan qo‘rqmay, ajoyib himoyalandi, bo‘sh hududlarni faollik bilan yopa oldi va raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Zamonaviy pressing sabab qarshi hujum boshlab, Janubiy Koreya terma jamoasi futbolchilarini xato qilishga majbur qila oldi», — deb yozgan Azamat Abduraimov.
«Tanaffusdan keyin esa murabbiylar xatoga yo‘l qo‘ydi. Ikkinchi bo‘lim raqib bizga umuman boshqa futbol taklif qilganida, murabbiylar shtabi va futbolchilar bunga tayyor emasdi. Mezbonlar zaxira kuchlaridan juda to‘g‘ri foydalandi, biz bu borada xato qildik», deya davom etgan u.
Muallif ikkinchi bo‘limda Aleksandr Geynrixning maydon tushirilishini xato qaror sifatida baholagan.
«Jamoamiz asosiy vaqtni himoyalanish bilan o‘tkazayotgan paytda Aleksandr Geynrix singari to‘pni o‘zida saqlay oluvchi hujumchi emas, qarshi hujumda tezkorligini namoyish eta oladigan futbolchi zarur edi. Chunki, bungacha butun o‘yin davomida biz himoyalanishda jangovar, keskin o‘yin namoyish etib, yakkakurashlarda ham yutayotgan bo‘lsak, hujumda raqib darvozabonining xatosidan bo‘lak hech narsani qoyillata olmayotgandik. Ya'ni, biz foydalanishimiz mumkin bo‘lgan yagona variant — qarshi hujum bo‘lsa-da, o‘yin davomida aynan nimaning evaziga g‘alaba qozonishimiz mumkin ekanligini ko‘rsata olmadik.
Ikkinchi bo‘limda Shtilike o‘z zaxira kuchlari bilan Babayanni mag‘lub etdi. Samvel qarshi hujumda tezkor Sardor Rashidovni tushirmay, Geynrixni tushirgani ish bermadi. Fikrimcha, bu noto‘g‘ri qaror edi», deya munosabatini bildirgan mutaxassis.
Azamat Abduraimov Janubiy Koreyaga qarshi harakat qilgan tarkibni optimal deb baholamagan. Uning fikricha bu faqatgina Samvel Babayan tarkibi hisoblanadi.
«Shaxsan men bugungi terma jamoaning tarkibini optimal tarkib deb hisoblamayman, bu Babayan jamoasi. Chunki terma jamoa natijasiga aynan u javob beradi, shu bois Samvel o‘zi ishongan futbolchilarni terma jamoaga taklif etgan, ularni maydonga tushirmoqda. Masalan, bu jamoada men ishlaganimda, tarkib bugungidek ko‘rinish olmagan, men ko‘rishni istagan futbolchilar jamlanardi», — deb yozgan Abduraimov.
«Bugungi kunda mutaxassislar singari muxlislar ham terma jamoamiz tarkibidan qoniqish hosil qilayotgani yo‘q. Chunki, chindan ham mamlakatimizda yana kamida 10 futbolchi borki, ular ayni damda terma jamoamizga to‘p surishga loyiq. Misol uchun, Igor Sergeyev ishonchni oqlayotgani yo‘q. U Xitoyda yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lolmayapti. Uning o‘rniga bemalol Oliy Liga to‘purari Temurxo‘ja Abduxoliqovni sinab ko‘rsa bo‘ladi.
O‘yinda Aleksandr Lobanov ham to‘pga chiqishlarda, gol urilgan vaziyatda joy tanlashda xatolarga yo‘l qo‘ydi. Himoyachilar gol kiritilgan vaziyatlarda xatolardan holi bo‘lmadi. Men futbolchilarni yaqqol aybdor demoqchi emasman, ammo ularda ham yetarlicha xatolar ko‘zga tashlandi», degan o‘z vaqtida terma jamoa bilan 1994 yilgi Osiyo o‘yinlarida chempion bo‘lib qaytgan sobiq futbolchi.
Xulosa o‘rnida muallif mamlakat o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarining ham muvaffaqiyatsizliklariga to‘xtalgan va o‘z taklifini bergan.
«O‘ylaymanki, yil yakunida ushbu natijalarimiz chuqur tahlil etilishi va tashkiliy qo‘mita darajasida ko‘rilib, bu borada qandaydir o‘zgarishlar kiritilishi lozim. Toki keyingi yilda natijalarimiz yanada yaxshilanishi va futbolimiz rivojlanishi uchun», deydi O‘zbekiston terma jamoasining Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlardagi yagona g‘alabasida yagona golni urgan Abduraimov.
Mavzuga oid
22:31 / 30.06.2022
Hokimlarga bog‘liq futbol, O‘FAga e’lon bilan ishga olinishi va JCh-2022 saralashidagi sharmandalik haqida Azamat Abduraimov bilan suhbat
15:29 / 15.11.2019
«0:6 ni eslash kifoya» - Azamat Abduraimov Abramovni tanqid qildi
15:21 / 09.05.2019
O‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlari saralashiga qur'a tashlandi
23:14 / 07.03.2019