Sport | 09:49 / 11.12.2016
7201
3 daqiqa o‘qiladi

Joshua Molinani yengib, jahon chempioni unvonini o‘zida saqlab qoldi

Foto: EPA

Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) versiyasi bo‘yicha superog‘ir vazn toifasida jahon chempioni bo‘lmish britaniyalik bokschi Entoni Joshua 10 dekabr oqshomida himoya jangini o‘tkazdi. U Manchester shahrida kechgan 12 raundlik jangning 3-raundidayoq amerikalik raqibi Erik Molinani nokaut holatiga tushirdi.

Avvaliga Joshua ukrainalik Vladimir Klichkoga qarshi ringga ko‘tarilishi rejalashtirilgandi. Ammo raqib jarohat tufayli jangdan bosh tortdi. Klichko Joshua va Molina jangini arenaga kelib kuzatgan.

Shu tariqa, 27 yoshli Joshua ikkinchi marta o‘z unvonini himoya qildi. U shu yilning 10 apreliga o‘tar kechasida ham London shahrida bo‘lib o‘tgan 12 raundlik jangning ikkinchi raundida AQSh vakili Charlz Martinni nokautga uchratgandi va jahon chempioniga aylangandi. Shu yilning iyunida u birinchi marta himoya jangini o‘tkazib, amerikalik Dominik Brizilni 7-raundda texnik nokautga uchratgandi.

Endilikda Joshua professional ringda 18 jangda 18 g‘alaba bilan yuz foizlik natija ko‘rsatib turibdi.

Britaniyalik bokschi superog‘ir vaznda Olimpiada chempioni (London–2012) maqomida professional boksdagi eng nufuzli versiyalaridan birida chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan birinchi bokschi bo‘ldi.

Avvalroq bunday natijaga, ammo turli vazn toifalarida Muhammad Ali, «Shugar» Rey Leonard, Oskar de la Xoyya va Floyd Patterson erishgan.

34 yoshli Molina faoliyatida to‘rtinchi mag‘lubiyatini qayd etdi. U 25 g‘alabaga (19 - nokaut) erishgan. U o‘tgan yilning iyunida WBC yo‘nalishi kamari uchun amerikalik Deontey Uaylderga ham qarshi jang qilgan va yutqazgandi.

AQSh vakili Deontey Uaylder hozirda ham WBC versiyasi bo‘yicha jahon chempioni hisoblanadi, WBO va WBA kamari britaniyalik Tayson Fyuridan olib qo‘yilgan, WBO yangi zelandiyalik Jozef Parkerga tegishli, WBA kamari bo‘sh turibdi.

Mavzuga oid