Jamiyat | 17:48 / 19.12.2016
39593
15 daqiqa o‘qiladi

Haqiqiy hayo qanday bo‘lmog‘i kerak?!

Bismillahir rohmanir rohiym

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

الإيمان بضع وستون شعبة ، والحياء شعبة من الإيمان ، صحيح البخاري

«Iymon oltmishta nechta ham shoxchadan iboratdir. Hayo iymonning shoxlaridan bir shoxdir», dedilar. (Imom Buxoriy rivoyat qilganlar)

 Ushbu hadisi sharifni sharhlagan ulamolarimiz aytadilarki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bizlarni komil iymonli bo‘lishga qiziqtirmoqdalar. Komil iymonni esa shoxlari ko‘p va serhosil bo‘lgan daraxtga o‘xshatmoqdalar. Agar daraxtning shox-shabbalari bo‘lmasa, uning hech qanday mevasi ham bo‘lmaydi. Xuddi shuningdek, agar iymonning ham shoxlari bo‘lmasa, iymonning o‘zi tasdiqqina bo‘lib, u go‘yoki daraxtning tanasi xolos. Daraxt tanasining o‘zi hech qanday soya ham, hosil ham bermaydi. Meva ham tugmaydi. Iymon ham xuddi shunday deydilar.

Birgina tasdiq, til bilan iqror bo‘lib qo‘yish, musulmonman deyish bilan iymonning tanasi paydo bo‘ladi. Bu tana shox-shabba chiqarib, yaproqlari qalinlashib, yanada ko‘proq meva berishi uchun esa shoxchalari hosil bo‘lishi kerak. Ana shunday shoxchalardan biri hayodir, deyiladi. Agar e'tibor bersak, bu yerda komil iymon to‘g‘risida gap ketmoqda. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu bilan biz ummatlarni ko‘pincha g‘aflatda qolishimizdan ogohlantirmoqdalar. Iymonning taqozosi bo‘lgan katta-katta ibodatlarga e'tibor beramiz-u, go‘yoki shu katta ibodatlarni mustahkamlab, to‘ldirib, mukammallashtirib, qo‘llab-quvvatlab turuvchi shoxchalarni unutib qo‘yamiz.

Aytaylik, daraxtning katta shoxlari – namoz, ro‘za, zakot, haj singari katta-katta ibodatlar bo‘lsa, bu katta shoxlardan unib chiqqan yana mayda shoxchalar ham bor. Ular ham meva beradi va katta shoxning qiymatini oshirib turadi. Masalan, namozning atrofida qiymatini oshirib, uni to‘ldirib turadigan bir qancha amallar bor. Hattoki, mustahab bo‘lgan amallar bor. Agar shu mustahab bo‘lgan amallar ro‘yobga chiqmasa, namoz noqis bo‘lib qoladi. Zakot, ro‘za, haj va boshqa ibodatlar ham shunday.

Biz g‘aflatda qoladigan shu kabi shoxlardan biri hayo shoxidir. Iymon daraxtining bir shoxi hayodir. Nima uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aynan hayoni aytdilar? Bundan tashqari, kechirimlilik, sahovat yoki boshqa qanchadan qancha fazilatlar ham bor-ku. Ushbu fazilatlarni aytmasdan, nima uchun aynan hayoni keltirib, eslab o‘tyaptilar? Ulamolarimiz buning sababini tushuntirib: «Hayo barcha fazilatlarning aslidir», deydilar. Ya'ni, hayo bo‘lmagan joyda boshqa fazilatlar ro‘yobga chiqmaydi. Hattoki namozda ham.

Ulamolarimiz haqiqiy hayoni ehson bilan qiyos qiladilar. Ehson nima? Hadisi shariflarda keltirilganidek, ehson Alloh taoloni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ingdir. Hayo ham aynan shuning o‘zi, deydilar. Namozda ro‘baro‘ bo‘layotgan ekanmiz, Alloh taoloni ko‘rib turgandek ibodat qila olishimiz kerak. Shunda mukammal hayo ro‘yobga chiqqan bo‘ladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, ko‘pchiligimiz mana shu hayodan mahrummiz. Bundan g‘aflatdamiz. Asosiy katta shox bo‘lgan namozga e'tibor beramizu, lekin mana shu shoxning asl mevasi bo‘lmish hayoga e'tibor bermaymiz.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi sallam sahobai kiromlarga hayoning nima ekanligini tushuntirib: «Allohdan haqiqiy hayo qilmoqlik bilan hayo qilinglar» dedilar. Sahobai kiromlar: «Alhamdulillah, ya Rasulalloh, biz Allohdan haqiqiy hayo qilamiz», dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Sizlar aytayotgan hayo haqiqiy hayo emas. Balki haqiqiy hayo bosh va boshga tegishli bo‘lgan barcha a'zolarni Alloh ma'n etgan narsalardan saqlamoqdir. Qorin va qorin bo‘shlig‘iga tegishli bo‘lgan barcha a'zolarni Alloh ma'n etgan ishlardan saqlamoq va o‘limni eslashu, o‘limdan keyingi azobu uqubatni unutmaslik. Kimki mana shu ishlarni amalga oshira olsa, Allohdan haqiqiy hayo qilibdi» dedilar.

Mana azizlar, hayo qanday keng ma'noli, qanday qamrovli, fazilatli xususiyatdir. Sahobai kiromlar ham avvaliga buning asl mohiyatini xuddi biz singari tushunganlari uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ularga saboq berdilar. Bizlar ham: «Allohdan hayo qilyapmizu, namozni o‘qiyotgan bo‘lsak, ro‘zani tutayotgan bo‘lsak, zakot berayotgan bo‘lsak, yana nima qilaylik?» deyishimiz mumkin.

Yo‘q, aslida hali bu boshlanishidir. Endigina hayoning birinchi pog‘onasida turibmiz. Hayo pog‘onalaridan birma-bir, bosqichma-bosqich ko‘tarilib borar ekanmiz, kelajakda ma'lum fazilatga erishsangiz, hozirgi o‘qigan namozingizni eslaganda uyaladigan bo‘lib qolasiz. «O‘sha vaqtda ham o‘qigan namozimizni namoz deb, ro‘zamizni ro‘za deb yurgan ekanmiz-da! Mana endi namoz, ro‘zaning 50 foizini tushunib yetganimda, avvalgi ro‘za va namozlarimni qay darajada nuqsonli ekanligini bildim», deb qolasiz inshaAlloh. Alloh taolo hammamizni ana shu martabaga erishtirsin. Alloh taolodan haqiqiy hayo qilmoqlikka O‘zi erishtirsin.

Buning uchun esa, birinchi navbatda, bosh va boshga tegishli bo‘lgan a'zolarni Alloh harom qilgan yoki man etgan ishlardan saqlash lozimdir. Boshimizni eng qiymatli qilib turgan narsa, bu – aql, xayol, tafakkur. Mana shularni Alloh taolo man etgan narsalardan asramoq kerak.

Aytaylik, Alloh taolo aqlni bizga ne'mat qilib bergan ekan, uni faqatgina manfaatli ishlarga, ya'ni dunyomiz va oxiratimiz uchun manfaatli, savobli, mukofotga sazovor bo‘ladigan amallarga sarflamog‘imiz kerak. Ammo aqlni arzimas, oyoq osti bo‘ladigan, o‘tkinchi dunyoning hoyu-havaslari uchun ishlatib, uni isrof etadigan bo‘lsak, buning uchun ertaga Alloh taoloning huzurida javob beramiz. Demak, biz behayolik qilgan bo‘lamiz. Alloh bergan ne'matni o‘rniga ishlatmagani uchun bunday insonni behayo deydilar.

Qorin va qorin bo‘shlig‘iga tegishli bo‘lgan barcha a'zolarni yoki qo‘limiz, oyog‘imiz yoki boshqa jamiki a'zolarimizni Alloh taolo hikmat bilan nima uchun yaratgan bo‘lsa, ular xuddi o‘sha narsaga ishlasa, shundagina biz haqiqiy hayo qilayotgan bo‘lamiz. Aks holdachi? Behayo bo‘lib qolamiz.

Ammo ko‘pchiligimiz hayoni o‘ta tor doirada o‘ylaymiz. Hayo deganda o‘zimizning qarichimiz bilan nimalarnidir o‘lchaymiz. Hayo deganda o‘zimizning tushunchamizdagi ba'zi bir narsalarni odamlarga taklif etamiz va ularga izhor etamiz: «Mana shu hayo», deb. Buni bejizga aytayotganimiz yo‘q. Bozorlarda savdo-sotiqda behayolarcha tarozidan urib qolayotganlar ham o‘zlarini hayoli deb hisoblaydi. Ko‘zingizga termilib birovning haqqini yeb ketayotganlar ham o‘zlarini hayoli deb hisoblaydi. Hayoli deganda ular faqat yarim-yalang‘och yurmaslikni tushunishlari mumkin, xolos. Hayoli deganda insonga uyat bo‘ladigan biror-bir tashqi ko‘rinishni tushunadi xolos. Aslida esa haqiqiy hayo insondan avval Allohdan bo‘lishi kerak. Alloh sizning qalbingizni, fikringizni, aqlingizni va har bir narsangizni bilib turibdi. Aqlingiz yalang‘och bo‘lib qolmasin, qalbingiz yalang‘och bo‘lib qolmasin, birov bilmasa-da xiyonat qilayotganingizni Alloh bilib turibdi.

Shuning uchun imom Hasan roziyallohu anhu, hazrati Usmon roziyallohu anhuning hayolarini bu borada zarbulmasal qilib keltirar ekanlar: «Usmon roziyallohu anhu shu darajada hayoli edilarki, uylarining ichkarisiga kirib, eshikni bir necha marta qulflab olib, cho‘milmoqchi bo‘lsalar, kiyimlarini yechgani hayo qilar edilar», deydilar. 

Buni qarangki, o‘zining hammomida, g‘usl qilish vojib bo‘lib turibdi yoki tahorat olishi kerak, eshik qulf, yolg‘iz, hech qanday odam kirmaydi, hamma havfsizlik ta'minlangan, ammo Allohdan hayo qilib liboslarini yechmoqlikka hazrati Usmon roziyallohu anhu uyalar ekanlar. Mana bu haqiqiy hayo deyiladi.

Endi shu darajada libosini yechishga uyalgan inson biror bir yomon narsani fikrlashi mumkinmi? Biror bir jinoyatni rejalashtirishi mumkinmi? Kibru havo, hasadgo‘ylik va boshqa illatlar to‘g‘risida o‘ylashi mumkinmi? Birovning haqqiga xiyonat qilishi mumkinmi? Mana bu Allohdan haqiqiy hayo qilmoqlikdir.

Allohdan hayo qilishlikning haqiqiy ko‘rinishi, bir inson jamoat joyida qandoq hayolik bo‘lsa, yolg‘iz qolganda ham xuddi shunday hayoli bo‘lishi kerak. Albatta, bu umuman yechinmaslik kerak degani emas. Chunki yechinmasdan tahorat ushatib bo‘lmaydi, ammo tahorat ushatayotganda ham hayo qilish, g‘usl qilayotganda ham hayo qilish, ya'ni avrat a'zolar berk turgan holatda g‘usl qilmoqlik bizning dinimizda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan sunnatdir. Mana shu haqiqiy hayo deyiladi.

Ammo jamoat joyida hayoli bo‘lib, arzimas narsaga yuzingiz qizarib, jamoat joyida arzimas narsaga ko‘zingizdan yosh kelib, hammaga o‘rnak va namuna bo‘lib ko‘rinsangiz-u, hech kim yo‘q vaqtda, eshikni orqasiga o‘tgandan keyin turli qiliqlarni qilsangiz, o‘zingizni shaxsiy hammomingizga kirib olib qandaydir nomaqbul harakatlarni bajaradigan bo‘lsangiz, bilingki, sizning hayoingizda nuqson, kamchilik bor. Boshqalar emas, o‘zingizga o‘zingiz baho bering. Har bir inson o‘zini-o‘zi taftish qilib ko‘rishi kerak. Agar shunday illatlarimiz bo‘lsa, ulardan qutulmoqlikka harakat qilishimiz kerak.

Hayo yana shunday narsa ekanki, u insonda salobatni, viqorni, haybatni hosil qiladi. Hayoli insonni ko‘rgan inson o‘zidan-o‘zi uyalib qolar ekan.

Behayo inson esa yoshi ulug‘ bo‘lsa ham, uning oldida yoshlar uyalmasdan uyatsiz so‘zlarni aytib o‘tirishaveradi. Yoshi saksonga kirgan otaxonlar bor. Ularning oldida yigirma yoshli o‘smirlar bemalol ichib, chekib, qarta o‘ynab o‘tiraveradi. Nima uchun sakson yasharli odamdan uyalmaydi? Chunki sakson yoshli odamning o‘zida hayo yo‘q. O‘zining iffati yo‘q. Shuning uchun yoshlar ham uni bir chaqaga ilmaydi. Ammo o‘sha piyonistalar, o‘sha ichadiganlar, o‘sha noskashlar o‘zidan yosh bo‘lgan, iymonli, e'tiqodli, hayoli bir odamning oldiga kelib qolsa – chekmaydi, icholmaydi, o‘shaning oldida hattoki tili kalimaga kelmay qoladi. Banda hayoli bo‘lgani uchun Alloh uning yoniga kelayotgan odamlarning ham qalbiga haybatni solib qo‘yar ekan, inshaAlloh. Hayoli insonning shunday viqori va salobati bo‘lar ekanki, har qanday inson ko‘rganda, albatta, uning hayoli ekanini sezadigan holat yuzaga chiqar ekan.

Hazrati Usmon roziyallohu anhu xuddi ana shunday zotlardan edilarki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir hadisi shariflarida: «Farishtalar hayo qilgan Usmondan nechun men hayo qilmay?» degan ekanlar. Shu bois, hayo haqida gap ketganda, hazrati Usmon roziyallohu anhuni eslamasdan ilojimiz yo‘q. Boshqa qancha-qancha fazilatlilar bo‘lgan, ammo hayo bo‘yicha hazrat Usmon roziyallohu anhu eng yetuk insonlardan bo‘lganlar. Mana shu insondan namuna olaylik. Boshqa sahobai kiromlarning ham o‘zlariga yarasha fazilatlari, xususiyatlari, yutuqlari, xislatlari bor. Ammo hayoda hazrati Usmon roziyallohu anhuning oldilariga hech kim tusha olmagan. Bundan keyin ham to qiyomat kunigacha u zotdek hayoli inson topilmaydi. Azizlar, ana shu zotlarga bizlar ham o‘xshashga, ularga munosib merosxo‘r bo‘lishga harakat qilaylik.

Har bir insonning fitratida Alloh taolo hayoni bor qilib yaratadi. Ammo shuni rivojlantirish, uni shariatning qolipiga muvofiqlashtirish o‘sha insonning o‘ziga qolgan ish bo‘lar ekan. Bu esa u insonning kasbi bilan hosil bo‘ladi. Agar ushbu hayo o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, u shariatdan tashqari ham bo‘lishi mumkin. Demak, mo‘min musulmon kishi tug‘ma berilgan xususiyatlarni shariatning qolipiga moslashtirib, muvofiqlashtirib qo‘ysa, ular insonni ikki dunyo baxtu saodatiga erishtiradi.

Alhamdulillah, hammamizda ozgina bo‘lsada hayo bor. Ayniqsa Ramazon oyida bu ko‘pchilikda namoyon bo‘ladi, chunki ro‘za ibodati ham hayosiz insonda amalga oshmaydi. Shuning uchun ro‘za tutish davomida hech kim ko‘rmaydigan joyda ham yemaymiz, ichmaymiz, gunohi ma'siyat qilmaymiz. Demak, mana shu hayoning boshlanishidir. Bu ishlar bizda hayoning bor ekanligining alomatidir. Shuning uchun Ramazon oyidan boshqa oylarda ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tavsiya qilgan kunlarda nafl ro‘zalarni tutmoqlik orqali hayoni shakllantirib borish mumkin.

Kelinglar, shu hayoni rivojlantirib yuqori bosqichga olib chiqaylik - shuni yil davomida, har bir kunimizda rivojlantiraylik va uni mukammallashtiraylik. Toki namozimizda ham, zakotimizda ham, hajimizda ham, boshqa ibodatlarimizda ham hayo doimo bizlarga hamroh bo‘lsin. Alloh taolo bizlarni hech qachon hayodan ayirmasin!

Ishoqjon BeGMATOV
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi

Mavzuga oid