Jahon | 14:17 / 09.01.2017
36451
4 daqiqa o‘qiladi

Eronning "muvozanatni ushlab turuvchi qanoti" endi yo‘q

Eronning eng nufuzli siyosatchilaridan biri, sobiq prezident Ali Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy yurak xuruji natijasida hayotdan ko‘z yumdi. Eron siyosatining "muvozanatni ushlab turuvchi qanoti" va amaldagi mamlakat  prezidenti Hasan Ruhoniyni qo‘llab-quvvatlovchi yetakchining o‘limi prezidentlik saylovlari arafasida vaziyatni o‘zgartiradi. 

Rafsanjoniy 82 yoshda bo‘lgan. Siyosatchi va yirik ishbilarmon Muvofiqlashtiruvchi kengash - Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Hamanoiy qoshidagi maslahat idorasini boshqargan.

Eronning rasmiy agentligi hisoblanmish Fars'ning xabar berishicha, Eron oliy rahbari Ali Hamanoiy va mamlakat prezidenti Hasan Ruhoniy shimoliy Tehrondagi Rafsanjoniy joylashtirilgan shifoxonaga shoshilinch yetib kelishgan. Mamlakatning asosiy siyosiy idoralari rahbarlari ham shu yerda hozir bo‘lgan. 

Tehron rahbariyati Rafsanjoniyning korrupsiyada ayblanib, 10 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan kenja o‘g‘li Mahdiyga ham otasi bilan xayrlashishga izn berdi. 

Eron oliy rahbari Rafsanjoniyning o‘limi ulkan yo‘qotish bo‘lganini aytdi. "Qarashlar va fikr-mulohazalarimiz farq qilishiga qaramay, bu bizning do‘stligimizga rahna sola olmasdi", - dedi Hamanoiy marhum haqida. 

Rafsanjoniy shoh rejimining qulashida faol ishtirok etgan, keyinchalik inqilobdan keyingi Eronda asosiy lavozimlarni egallagan va Homayniyning o‘limidan keyin (1989 yilda) mamlakatning oliy rahbari bo‘lish uchun barcha imkoniyatlarga ega edi. Biroq u Eron siyosiy tizimida ikkinchi darajadagi mavqeda qolishni afzal, deb bildi. Shundan keyin oliy rahbarlik Ali Hamanoiyga nasib etdi. Rafsanjoniy esa 1989-1997 yillarda Eron prezidenti lavozimida faoliyat yuritdi. 

Mamlakat iqtisodiyotidagi bir qator islohotlar va iqtisodiyotning ko‘plab sektorlarining liberallashuvi Rafsanjoniyning prezidentlik davri bilan bog‘liq. U mamlakat rahbariyatidagi "mo‘'tadil amaliyotchilar" qanotining yetakchisi hisoblanib, radikal konservatorlarga qarshi chiqqan. 

Marhum siyosatchi Eronning eng badavlat kishilaridan biri bo‘lgan. 2003 yilda Forbes jurnali sobiq prezident oilasining 1 milliard dollarlik mol-mulkni nazorat qilishi haqida ma'lum qilgan. 

2005 yildagi prezidentlik saylovlarida Rafsanjoniy yana bir bor o‘z nomzodini qo‘ygan, biroq ultrakonservatorlar yetakchisi, Tehronning sobiq meri Mahmud Ahmadinajotning qo‘li baland keldi. 

Shuningdek Rafsanjoniy G‘arb bilan muloqot tarafdori bo‘lgan va AQSh bilan Eron yadroviy muammosiga doir muzokaralarni qo‘llab-quvvatlagan. 

The New York Times Rafsanjoniyning o‘limini mamlakatdagi "islohotchilik harakatlariga berilgan zarba" sifatida baholamoqda. 

Eron siyosatshunosi Hamidrez Taraqiyning fikricha,  "marhum Ali Akbar Rafsanjoniyning ko‘rinmas qo‘li endi yo‘q". "Bu Amerika bilan yaqinlashish tarafdorlari bo‘lgan islohotchilarning maxfiy uchrashuvlari poyoniga yetganini anglatadi. Bundan buyon biz o‘z pozitsiyamizda sobit turishimiz va qaror qabul qilishimiz ancha osonlashadi", - deb hisoblaydi Tehron rahbariyatining konservativ qanotiga yaqin siyosatchi.   

Rafsanjoniy amaldagi prezident Hasan Ruhoniy (yana bir mo‘'tadil islohotchi)ni ham qo‘llab-quvvatlab kelgan. 

Ruhoniy ikkinchi marta prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini qo‘ygan. Endi Rafsanjoniyning o‘limi saylovlar natijasiga ta'sir ko‘rsatishi aniq, bu Ruhoniyning g‘alabaga bo‘lgan umidini yo‘qqa chiqarishi mumkin. 

Gulf State Analytics'ning yetakchi eksperti Teodor Karasikning ta'kidlashicha, sobiq prezidentning o‘limi prezidentlik saylovlariga bir necha oy qolganda konservatorlar va pragmatiklar o‘rtasidagi kurashni yanada kuchaytiradi.  

Mavzuga oid