Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"Oltin globus" boshlovchisi Trampni "Taxtlar o‘yini" qahramoniga qiyosladi
Amerikalik hajvchi Jimmi Fellon 74 - "Oltin globus" kinomukofotini topshirish marosimi ochilishida AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampni "Taxtlar o‘yini" serialidagi qirol Joffri Barateonga qiyosladi. Bu haqida The Hill nashri xabar berdi.
"Ko‘pchilikda savol tug‘iladi - qirol Joffri hayot bo‘lganda nima bo‘lar edi? Buni 12 kundan keyin bilib olamiz", - dedi Fellon (20 yanvarda Donald Trampning inaguratsiyasi bo‘lib o‘tadi).
Marosim davomida kino rivojiga qo‘shgan hissasi uchun mukofot olgan aktrisa Meril Strip ham respublikachini tanqid qildi. U Trampning jismoniy jihatdan nosog‘lom jurnalist Serj Kovaleskiga parodiyasini eslatib o‘tdi.
"Mamlakatimizdagi bosh lavozimni egallash uchun kurashgan inson nogiron muxbirning ustidan kuldi", - dedi u. Aktrisa bu lavha unga qattiq ta'sir ko‘rsatganini ta'kidladi, "chunki bu filmda emas, hayotda ro‘y berdi".
"Oltin globus" kinomukofotining 74-marosimi 8 yanvar kuni Los-Anjyelesda bo‘lib o‘tdi. "Jimmi Fellon bilan kechki shou" teleko‘rsatuvi orqali tanilgan Fellon kinomukofotga boshlovchilik qildi.