Jamiyat | 13:41 / 04.02.2017
20227
15 daqiqa o‘qiladi

E'tiqodsiz o‘qituvchining ma'naviy qiyofasi bo‘lmaydi

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinganiga keyingi yilda 20 yil to‘ladi. Odatda bunday sharoitda o‘tgan davrga bir nazar tashlanadi, erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar sarhisob qilinadi. Tahlil qilish natijalari esa bizni yangi marralarga yetaklaydi, mavjud muammolarni hal etishga undaydi.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonunda o‘qituvchi-murabbiylar oldiga katta vazifalar qo‘yildi, zero ta'lim-tarbiyaning sifati samaradorlik darajasi eng avvalo ularning iste'dodi, o‘z kasbiga nisbatan mehr-muhabbati, zimmasiga yuklatilgan mas'uliyatni anglab yetishiga bog‘liq. Shu o‘rinda mustaqillikning ilk yillarida maktablar, umuman, barcha ta'lim muassasalarida ahvolning o‘ta og‘irligi, o‘qituvchilarning “qorin g‘ami”da ishdan bo‘shab ketishlari, pirovard natijada ta'lim tizimining mutlaqo izdan chiqish xavfi paydo bo‘lganligini eslashimiz muhimdir.

Mana, o‘sha kunlar ham o‘tib ketdi. Bugun bundan 19 yil avval maqsad qilgan “portlash effekti” yuz berdi. O‘zbekistonda ta'lim tizimi mutlaqo yangi shakl va mazmunda shakllandi. Uning tajribasi xalqaro miqyosda o‘rganilmoqda. Ta'lim tizimidagi “portlash effekti” ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma'naviy mafkuraviy sohalarda ham aynan shunday “effekt”ni paydo qilmoqda.

Ayni payda, ko‘p yuz ming kishilik o‘qituvchi-muallimlar orasida o‘zining tom ma'nodagi ma'naviy qiyofasini topa olmayotgan, tobora tezlashib borayotgan zamon talablaridan ortda qolayotganlar ham borligini esdan chiqarmaslik muhimdir. Yana hujjatlarga murojaat qilaylik. “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonunda ta'lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari sifatida ta'lim-tarbiyaning insonparvarligi, demokratik xarakterdaligi, ta'lim tizimining dunyoviyligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, mazkur hujjatda yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lganlargina pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga egaligi qayd etiladi. Boshqacha so‘z bilan aytganda, “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonunda-pedagogning ijtimoiy- madaniy,mafkuraviy qiyofasi chizib borilgan.

Ta'limning turli tizimlari o‘qituvchi-murabbiylari bilan bo‘lgan uchrashuvlar, suhbatlar chog‘ida, afsuski, ayrim domlalarimiz talab etilgan “qiyofa”ga erishmaganliklarini ko‘rish mumkin. Aslida bundaylar barcha davrlarda va jamiyatlarda “mehnat qiladilar”, borliklarini sezdirib turadilar. Shu o‘rinda ulug‘ shoir Cho‘lponning “Adabiyot nadir?”, deb nomlangan maqolasidagi quyidagi fikrga murojaat qilishni ma'qul ko‘rdik: “Bizni ulamo va eshonlarimiz to‘n kiymoqdan, avomlarimiz choyxonalarga chiqib choy ichmoqdan  va ziyolilarimiz esa Ovro‘po kiyimlaridan va qiymatlik papiro‘slaridan lazzat olurlarki, “adabiyot nima?” desang, javobida yuqorida aytilganiga “ya'ni, masalan”dan boshqa javoblari yo‘qdir. Mana shuning uchundirki, kundan-kunga ruhimiz tushib, keladirg‘on istiqbolimizga umidsiz qarab, boshqa millatlar kabi shod va umidli yashamaymiz va bizda shodlik ruh bo‘lmagani uchun bir ishni qilamiz deb endi o‘ylaganimizda o‘y yo‘q-fikrlar chochilib, aqllarimiz parishon bo‘lib ketar” (Cho‘lpon. Adabiyot nodir. –Toshkent, 1994. 37-bet).

Xo‘sh, o‘qituvchining ma'naviy qiyofasi qanday shakllanadi, uning tarkibiy qismlari nimalardan iborat, ushbu jarayonda ustuvor ahamiyat beriladigan yo‘nalishlar nimalardan tarkib topadi?

Fikrimizcha bugungi o‘qituvchi ma'naviy qiyofasini eng avvalo jamiyat, uning qonuniyatlari, barpo etilayotgan mamlakat hakidagi bilimlar bilan to‘ldirish lozim. Demokratik, huquqiy, insonparvar davlat bilan totalitar-mustabid, ma'muriy – buyruqbozlikka asoslangan mamlakatni, dunyoviy davlatning diniy davlatdan farqini bilmasdan, mamlakat konstitutsiyasi, uning asosiy prinsiplari, inson va fuqarolarning  asosiy huquqlari, erkinliklari, burchlari, davlat hokimiyatining tashkil etilishi kabi masalalar to‘g‘risida mukammal bilimga ega bo‘lmagan o‘qituvchini ma'naviy jihatdan yetuk Shaxs deyish qiyin. Ayniqsa 2010 yil noyabr oyida qabul qilingan “Mamlakatimizda demokratik islohatlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”ni, uning barqaror rivojlanib borayotgan iqtisodiyotga asoslangan ochiq demokratik huquqiy davlat barpo etish, inson, uning manfaatlarini himoya etish borasidagi ahamiyatini anglab yetmasdan har qanday kishi o‘zini ma'naviy jihatdan shakllangan, deyishga haqqi yo‘q. Bu narsa, ayniqsa, o‘qituvchi-murabbiylarga ko‘proq tegishli hisoblanadi.

Shu ma'noda o‘qituvchining zamonaviy ijtimoiy–gumanitar fanlarni chuqur, har tomonlama o‘rganishi talab etilishini qayd etish lozim. Ayniqsa, tarix, falsafa, adabiyot, madaniyatshunoslik, ma'naviyat asoslari kabi fanlar o‘qituvchi ma'naviy qiyofasini shakllantirishning muhim omilidir. Ming afsuslar bilan tan olib aytish lozimki, Alisher Navoiy va Bobur g‘azallarini yod olmasdan, ularni tahlil etish darajasiga yetmasdan filologiya fakultetlarini bitirib, “O‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi” degan ixtisoslikka egalar kammi?

Shu nuqtai nazardan, men o‘qituvchi ma'naviy qiyofasini shakllantirishda milliy madaniy merosimiz, qadriyatlarimiz, an'anlarimizni chuqur va puxta o‘zlashtirish ustuvor ahamiyatga ega ekanligini qayd etmoqchiman. Buning uchun, fikrimcha, dastlabki metodologik-kontseptual manba sifatida 2014 yil 15-16 may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiya hujjatlari, ayniqsa, mamlakat birinchi Prezidenti Islom Karimovning mazkur anjumandagi ma'ruzasi bilan  tanishish muhimligini eslatishni lozim topdim.

Muhammad ibn Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi matematik, astronomlar, Abu Ali ibn Sino kabi tabib-donishmandlar, Nizomiddin Shomiy, Xondamir, Sharafiddin Ali Yazdiy kabi tarixchilar, Abu Nasr Farobiy, Abu Abdulloh Xorazmiy, Faxriddin Roziy singari faylasuflar, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy, Zaxriddin Muhammad Bobur, Mahmud Qoshg‘ariydek adiblar, tilshunoslarning asarlari bilan oziqlanmasdan turib o‘qituvchi o‘z ma'naviy olamini shakllantirishi qiyin. Ho‘sh, yuqorida nomlari tilga olingan buyuk zotlar, mutafakkirlarning bizga qoldirgan buyuk merosi nimadan iborat? Eng avvalo o‘z vatani va xalqiga sodiqlik, adolatli jamiyat barpo etish, komil insonni tarbiyalash o‘rta asrlar Sharq allomalarining ma'naviy-ahloqiy qiyofasini tashkil etgan. Ana shu an'analarning davom etishi esa bugungi zamonaviy o‘zbek o‘qituvchisi – murabbiyining eng ustuvor maqsadi bo‘lishi lozim.

O‘qituvchining ma'naviy qiyofasi tizimida e'tiqod masalasi alohida o‘ringa ega. Ma'lumki, e'tiqod inson o‘zi tanlagan maqsadini, ishongan qadriyatini tafakkur tarzi orqali yengilmas kuchga aylantirish vositasi hisoblanadi. E'tiqod o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, shakllanmaydi. Nazarimizda, inson e'tiqodini shakllantirishga ko‘mak beruvchi quyidagi omillarni e'tiborga olish to‘g‘ri bo‘lardi: bilim, g‘oya, tajriba, ehtiyoj va hissiyot. Ushbu omillarning mushtarakligi, shubhasiz, insonda yuksak e'tiqodni shakllantiradi. Insoning kuchi, qudrati uning e'tiqodida bilinadi.

O‘qituvchi ma'naviy qiyofasining muhim bo‘lagini ham e'tiqod tashkil etadi. E'tiqod kelishuvchanlik, moslashuvchanlikni inkor etadi. Shu ma'noda o‘quvchi o‘qituvchining faqat va faqat o‘z e'tiqodiga suyangan holda bergan bilimigagina ishonadi. O‘qituvchining e'tiqodi teran fikr, voqea-hodisalarni ilmiy jihatdan tahlil etish asnosida yuzaga kelgan xulosa natijasida shakllanadi. Darsda, rasmiy davralarda mustaqillik, ozodlik to‘g‘risida saboq berib, ko‘chada, norasmiy davralarda sovet davrida gugurtning bir tiyinligini, Moskvaga samolyot chiptasi narxi 56 so‘m ekanligini gapirishi bunday “domla”ning nafaqat sovet davrini qo‘msashi, ayni paytda, uning e'tiqodsizligidan darakdir. Bugungi o‘quvchi oq bilan qorani, to‘g‘ri bilan noto‘g‘rining farqini juda tez ilg‘aydi. E'tiqodi sust o‘qituvchining gapiga u ishonmaydi, undan bezadi.

O‘qituvchining e'tiqodini bezaydigan yana bir muhim omil bor. Bu uning go‘zal fe'l-atvoridir. Fe'l-atvor inson tomonidan egallangan bilim bilan bevosita bog‘liq bo‘lsada, ammo u ko‘proq ajdodlar merosi, ota-ona, oila tajribasiga ham bog‘liqdir. Husayn voiz Koshifiy insondagi go‘zal fe'l-atvorning nishonasini 10 narsada ko‘radi. Ular quyidagilardan iborat: birinchi nishonasi – yaxshilik; ikkinchisi – insofli bo‘lish; uchinchisi – boshqa odamdan ayb qidirmaslik; to‘rtinchisi biror kishida nojo‘ya harakat ko‘rsa, uni yaxshi yo‘lga boshlash; beshinchisi – bir odam o‘z aybiga iqror bo‘lib uzr etsa, uzrini qabul qilish; oltinchisi – boshqalar uchun mashaqqatni o‘z ustiga olish; yettinchisi – faqat o‘z manfaatini emas, o‘zgalar va jamiyat manfaatini ham hurmat qilish; sakkizinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli bo‘lish; to‘qqizinchisi – muloyim va tavozeli bo‘lish; o‘ninchisi – muhtojlarning hojatlarini chiqarish. (Durdonalar xazinasi. – Toshkent, 1999. 8-bet).

Shubhasiz, yuqorida sanab o‘tilgan xislatlar har bir insonning, ayniqsa, o‘qituvchining ma'naviy qiyofasini to‘ldirib turishi muhimdir. O‘qituvchining yutug‘i o‘zi bergan bilimning qumga singib ketgan suv kabi yo‘qolishini emas, aksincha, uning real hayotdagi ro‘yobini ko‘rishidadir. Boshqacha so‘z bilan aytganda, kimki, jumladan, o‘qituvchi o‘z fikri, mulohazasi, g‘oyasining real kuchga aylanganligini o‘z o‘quvchisining bilimi, to‘g‘ri hatti – harakati, tevarak – atrofga munosabatida ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lsa, unday kishini o‘z maqsadiga erishgan sifatida baholash mumkin. Konfutsiyning shogirdlaridan biri Zijang o‘z ustozidan inson o‘zining ta'limotini qay yo‘sinda hayotga tadbiq etishi mumkinligini so‘raydi. Ustoz esa shunday javob beradi: “So‘zlaganda samimiy va rostgo‘y bo‘lsang, harakatlaringda mehribon va ehtiromli bo‘lsang, hatto yovvoyi xalqlar mamlakatida ham ta'limotingni tadbiq eta olasan. So‘zlaganda samimiy va rostgo‘y bo‘lmasang, harakatlaringda mehribon va ehtiromli bo‘lmasang, hatto o‘zingning yeringda ham ta'limotingni yurgaza olmaysan” (Konfutsiy. Suhbat va mulohazalar. – Toshkent, 2014. 145-bet).

Ushbu fikrlarning tubida ayni haqiqat yotibdi. Demak, o‘qituvchining ma'naviy qiyofasi uning ma'naviy jasorati asosida shakllanadi. Tor darajada o‘ylash, fikrlash, ijtimoiy faolsizlik, yangilikka qiziqishning sustligi, haqiqatni anglab yetishdagi sabrsizlik – bularning bari ma'naviy jasoratni so‘ndiradi. Shu ma'noda respublika va jahon miqyosidagi fan olimpiadalar, tanlovlarda o‘quvchisi g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilar, har kuni o‘z shogirdlariga ilm-fanning yangiliklarini o‘rgatishga, ularda cheksiz millatparvarlik va vatanparvarlik g‘oyalarini singdirishga o‘zini mas'ul deb bilgan har qanday ustoz – muallim aslida ma'naviy jasorat ko‘rsatgan insondir. 

Fikrimizcha o‘qituvchi-muallim ma'naviy qiyofasining shakllanishiga kuchli ijobiy ta'sir ko‘rsatuvchi omillardan yana biri bu – uning o‘ziga qo‘yadigan talabidir. Qachonki inson o‘ziga yuksak talablar qo‘ymas ekan, unda o‘zidan qoniqish hissi paydo bo‘laveradi. Talab har birimizda sog‘lom ehtiyojni yuzaga keltiradi. Shu ma'noda kimki o‘ziga yuksak talablar qo‘ysagina u o‘zining tom ma'nodagi mukammalligiga erishishi mumkin. Bu gapning mazmuni shundan iboratki, bugungi dunyo tobora o‘zgarib bormoqda. Globallashuv hayot sur'atlarini tezlatib yubordi, mamlakatlar taqdirida bir-biri bilan bog‘liqlik jihatlari ko‘payib ketmoqda. Bir mamlakatning muammosi tezlikda boshqa mamlakat muammosiga aylanmoqda. Shu tarzda yashash, tirikchilik muammosini hal etish, tinchlik-xotirjamlikni ta'minlash uchun go‘yoki musobaqalar boshlangandek. Haqiqatdan ham shunday.

O‘qituvchining ma'naviy qiyofasi xususida fikr bildira turib uning faoliyatida ijod masalasi alohida o‘rin egallashini aytmaslik xato bo‘ladi. Ha, darhaqiqat, o‘qituvchi ijodkor. Ijod qilish, kashf etish, yangilik yaratish inson tabiatidagi eng katta mo‘'jiza hisoblanadi. Inson yopiq jamiyatda ijod qila olmaydi. Shu ma'noda sovet mustabid tizimi sharoitida, ya'ni yopiq jamiyatda uning a'zolari, ayniqsa o‘qituvchilar o‘zlarining ijodkorlik kuchidan mahrum bo‘ldilar, moddiy manfaatlarga intilib yashashga ustuvor ahamiyat berildi.

Umuman, insonning, hususan, o‘qituvchi-murabbiylarning ma'naviy qiyofasi jamiyatda tarkib topgan ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-mafkuraviy muhitga ko‘p jihatdan bog‘liq. Odatda mustabid jamiyatlarda, yuqorida qayd etilgani kabi, yopiq muhitlarda Millatning eng ziyoli qatlami hisoblangan qismi o‘qituvchilar faoliyati mafkuraviy jihatdan kuchli nazoratda bo‘ladi. Bu narsaga barchamiz guvohmiz. Ammo, mustaqillik yillarida jamiyatning o‘zi o‘qituvchi ma'naviy qiyofasini shakllantirishdan manfaatdor bo‘lmoqda. Bu – ochiq jamiyatning talabi hisoblanadi.

Buyuk mutafakkir shoirimiz Mir Alisher Navoiy bunday degan edi: “Ilmda zamonasining yagonasi bo‘lsa-yu, johillarga qarshi kurashmasa, bundan nima foyda?” (Alisher Navoiy. Hikmatlar. – Toshkent, 2014. 118-bet). Juda to‘g‘ri o‘ylab topilgan fikr. Bugun O‘zbekistonlik o‘qituvchi-murabbiylar ham ilmda zamonasining ilg‘orlari, ham o‘z bilimlarini millat va mamlakat kelajagi bo‘lgan yoshlarga berishdan manfaatdor bo‘lgan insonlardir. Aslida ularning ma'naviy qiyofasi O‘zbekistonning bugungi kundagi qiyofasining, toboro o‘zgarib, rivojlanib borayotgan mamlakatimiz qiyofasining aksidir.

Abduhalil Mavrulov, tarix fanlari doktori, professor 
2016 yil 21 oktabr

 

Mavzuga oid