Sport | 23:37 / 27.02.2017
9641
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik kurashchi xalqaro turnirda “Eng yaxshi texnika sohibi” bo‘ldi

Bolgariyaning Varna shahrida erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda o‘zbekistonlik yosh sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi.  Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasidan ma'lum qilinishicha, turnirda O‘zbekiston, Bolgariya, Ruminiya, Moldova, Rossiya, Gruziya, Yaponiya, Vengriya, Xorvatiya, Ispaniya, AQSh va Ukraina terma jamoalari qatnashgan.

Yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda Islom Bahromov, Mirzobek Rahmatov va Jalg‘as Berdimurodov barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, birinchi o‘rinni egalladi. M.Rahmatov, shuningdek, yosh polvonlar orasida “Eng yaxshi texnika sohibi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. To‘rabek Tirkashev va Fazliddin Namozov bronza medal bilan taqdirlandi.

Erkin kurash bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda Rustam Jo‘rayev va Bahodir Aslonov o‘z vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Ramazon Ibodov, Muhammadali Muxtorov  va Hasanboy Rahimov esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Mavzuga oid