Jahon | 11:10 / 12.03.2017
9906
3 daqiqa o‘qiladi

Batumidagi tartibsizliklar tafsilotlari. 40dan ortiq kishi qo‘lga olingan

Gruziyaning Batumi shahrida uyushtirilgan miting oqibatida yuzaga kelgan tartibsizliklar yakunida 40dan ortiq kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Gruziya IIV rahbari Georgiy Mgebrishvili ma'lum qilgan.

"Gruziya hududida bunga o‘xshash tartibsizliklar kuch qo‘llanishi orqali to‘xtatiladi. Tartibsizliklarda ishtirok etgan shaxslar qonun bo‘yicha jazolanadi", - degan vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning ba'zilari bo‘yicha tergov ishlari boshlangan. U "Rustavi 2" telekanali orqali chiqishida barchani uyida o‘tirishga chaqirgan.

"Men vazirlikda kadrlar o‘zgarishini istisno etmayman. Ammo bu voqealarga jiddiy yondashiladi", - degan Mgebrishvili. U Batumida yoki mamlakatning boshqa shaharlarida fuqarolar qonun chegaralaridan tashqari chiqish qilishiga nisbatan kuch ishlatilishidan ogohlantirgan.

11 mart oqshomida Batumida yuzlab kishilar Adjariya politsiya boshqarmasi iste'foga chiqishini talab qilib, namoyishga chiqdi. So‘ngra namoyishchilar va politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan. Shaharning turli nuqtalarida politsiyachilarning avtomobillari yoqib yuborilgan.

Adjariya sog‘liqni saqlash vaziri Zaal Mikeladzening ma'lumot berishicha, Batumidagi klinikalarga tartibsizliklar vaqtida jabrlangan 33 kishi murojaat qilgan, shundan 15 nafari politsiyachilar bo‘lgan.

Shanba kuni Batumida patrul politsiyasi xodimi avtomobil haydovchisini yo‘l harakati qoidasini buzgani uchun jarimaga tortgan. Guvohlarning aytishicha, politsiyachi bu vaqtda haydovchini qattiq haqorat qilgandi. Haydovchini atrofdagi kishilar qo‘llab-quvvatlashgan. Natijada politsiyaga bo‘ysunmaganligi uchun 6 kishi qo‘lga olingan. Tez orada Adjariya politsiyasi boshqarmasi binosi oldida minglab kishilar to‘plangan. Ular patrul politsiyasi boshlig‘i Malxaz Batiashvilining iste'foga chiqarilishini talab etishgan. Ular Batiashvili lavozimga tayinlangach, asossiz jarimaga tortish holatlari va jarima miqdorlari keskin ko‘payganini bildirishgan.

Aktsiya tez orada tartibsizlikka aylanib ketgan. Gruziya IIV rahbari Georgiy Mgebrishvili Batumiga yetib borgan. Shaharda tez orada tartib o‘rnatildi.

 

Mavzuga oid