Jamiyat | 21:23 / 17.03.2017
13759
4 daqiqa o‘qiladi

Parfyumeriya vositalarini noqonuniy ravishda olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga tushdi

Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan kosmetika va parfyumeriya vositalarining bozori chaqqonligidan foydalanib, mo‘may daromad orttirishga uringan soxta tadbirkorlarning qing‘ir qilmishlarini fosh qilishdi.

Parfyumeriya va kosmetika vositalarining noqonuniy olib o‘tilishi bu kabi mahsulotlar tarkibida kimyoviy moddalar juda katta miqdorni tashkil qilishini, boz ustiga ularning zararli hisoblangan kontrafakt nusxalari yoyilayotganligini inobatga olsak yurtdoshlarimiz salomatligi uchun jiddiy tahdid ekanligi oydinlashadi.

Ta'kidlash joizki, mamlakatimizga olib kirilayotgan parfyumeriya va kosmetika vositalari davlat tilida markalanishi shart. Shuningdek, bu turdagi tovarlar majburiy tartibda sertifikatlanadigan mahsulot turlari ro‘yxatiga ham kiritilgan.

Shunga qaramay, sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan bu kabi tovarlarni olib o‘tishga bo‘lgan urinishlar ko‘zga tashlanmoqda.

Jumladan,Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari “Chelyabinsk-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha kirib kelgan yo‘lovchi poyezdida bir qator xorijiy shaxslarning bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi.

Rossiyalik N.Gorkusha, B.Seidov, A.Murtazin va N.Romanyuklar respublikamizga kirib kelishar ekan, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib, qiymati 27,2 mln. so‘mlik 1000 donadan ortiq kosmetika va parfyumeriya vositalarini olib kirishga urinishgan paytda to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, mazkur postda “Almata-Nukus” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi orqali kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi J.Usmanov umumiy qiymati dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra 21 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan 7 turdagi atirlarni noqonuniy ravishda olib kirishga uringani fosh qilindi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari pochta jo‘natmalari orqali ham kosmetika va parfyumeriya vositalarining noqonuniy ravishda jo‘natilishiga doir bir nechta qonunbuzarlik holatlarini aniqlashdi.

Turkiyadan  poytaxtlik N.Yarmatov nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasi o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda unda yo‘l-yuk hujjatlarida ko‘rsatilmagan qiymati 7,5 mln. so‘mlik 75 dona parfyumeriya vositalari borligi ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, Turkiyadan 7 nafar fuqarolar nomiga yuborilgan pochta jo‘natmalari o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirilganda, ushbu jo‘natmalarning har birida deyarli bir xil miqdorda va qiymatdagi jami 16 ming 500 dona avtomobil salonlari uchun mo‘ljallangan xushbo‘y purkagichlar borligi aniqlandi. Bu esa ushbu jo‘natmalar shaxsiy foydalanish uchun emas, balki tijorat maqsadlari uchun ko‘zlanganini anglatadi. Yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan mazkur tovarlarning umumiy qiymati salkam 50 mln. so‘mni tashkil qilar ekan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.  

Raqamlarga murojaat qilsak, respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 344 qonunbuzarlik holatlarida qiymati 1 mlrd. so‘mdan ziyod salkam 58 ming dona kosmetika va parfyumeriya vositalarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Husan Tangriyev
Davlat bojxona qo‘mitasi
Axborot xizmati katta inspektori

Mavzuga oid