Sport | 16:39 / 18.03.2017
32368
4 daqiqa o‘qiladi

Futbolimizni tanqid qilmang, foydasi yo‘q

Tanish-bilish, notanishlarni “Aka muxbirsiz, nega terma haqida tanqidiy maqola yozmaysiz?” - degan gaplari yurakni siqadi. “E-e, oshna futbolimizni tanqid qilmagan kim qoldi o‘zi?” deb savoliga, savol bilan javob qaytarging keladi-yu... Rostdan ham bu qurmagur o‘zbek futboli muxlis, jurnalist, yozuvchilarni istagan paytida kesak otadigan joyiga aylangan. 

Atoqli yozuvchimiz ularni qo‘shga solib dalaga haydash kerak deydi, qiziqchilarimizniku qo‘yavering... Hozirda, har qanday kulgu kechasi dasturini san'atkorlar ta'biri bilan aytganda “eng yeydigan joyi” futbol mavzusi bo‘lib qolgan.

Ba'zida “Tanqid kelajak mevasi” degan hikmat futbolga to‘g‘ri kelmas ekan, deb o‘ylab qolaman. Bo‘lmasa, so‘nggi yigirma yil davomida o‘sha millionlar o‘yini vakillariga berilgan dakki, dashnomlarga bodring ham qizarib ketgan bo‘larmidi. Futbolimizni “millionlar o‘yini” degan joyiga ham alohida urg‘u berib qo‘yish kerak! Voha, vodiyda stadionlarga hartugul ishqiboz kirib turibdi. Ayrim joylarda millionlar o‘yini allaqachon “yuzlar o‘yini” maqomida. 

Stadionga muxlis kirmasa, lotereyaga “Damas” qo‘yish kerakmi? Ozgina farosati bor qiziqchiga bu g‘oya - tayyor masalliq, bilsangiz. Avtomashina yutmoqchi bo‘lgan kishiga futbolda balo bormi? O‘zi shunaqa tinmay turli lotereyalar o‘ynab turadigan insonlar bo‘ladi. Ularni soni ham juda ko‘p emas. Chipta olib maydonga kiradi, so‘ng tanaffusda lotereya o‘ynalgach, “ashaddiy muxlis” uyiga ravona bo‘ladi.  

O‘yna, yut, yutqaz! Agar chempion bo‘lib, yurtda zo‘r sanalsang kuchingni OChLda ko‘rsat! Nomlari bir-biriga o‘xshaydigan arab klublari darvozasiga gollar yog‘dir. Stadioningga muxlislar yog‘ilib kelmasa, men kafil!   

Mahallamizning kengroq joyida futbol o‘ynayotgan bolajonlarni kuzatdim. Ular besh nafardan iborat beshta jamoa tuzishib, guruhiga nom ham qo‘yib olar ekan. Biri “Real” yana biri “Barselona”, “Chelsi”, “Atletiko” va hokazo... Kichkintoylarni “Mayli, bu safar “Chelsi” bo‘ldik, keyingi safar biz “Real” bo‘lamiz” degani ortiqcha. Futbolkalari orqasida ham ajnabiy o‘yinchilarning nomi. Qarab turib, xo‘rliging keladi. Umuman olganda bizda nomini havas qiladigan klub, yelkasiga ismini yozdiradigan futbolchining o‘zi yo‘q.

Nima ham derdik. Jurnalistlar jon kuydirib tanqidiy maqolalar yozaveradi, yozuvchilarimiz kinoya, qiziqchilarimiz askiya qiladi. Yigirma yillik amaliyot. Ming voylang, futbolimiz cho‘qqisida turganlarga nolangiz yetib bormaydi. Suvni singadigan joyga sepish kerak. Bolajonlarimiz faqat chet el futboliga ko‘ngil qo‘yib o‘sayotgani esa juda alamli hol.   

Gapni ichakdek  cho‘zgandan ko‘ra, indalloga o‘tgan ma'qul. Qalam ahliga murojaat: Futbolimizni tanqid qilmang, foydasi yo‘q! 

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid