Jamiyat | 18:49 / 10.04.2017
34729
10 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi pushaymon – o‘zingga dushman

Yoshligidan dadasining soyasida katta bo‘lgan Jahongir (ismlar o‘zgartirilgan) umri davomida qiyinchilik ko‘rmadi. Oddiy dehqon bo‘lib, keyinchalik mahalla oqsoqoli darajasiga yetgan Ortiq aka o‘g‘lim mendek g‘am chekmasin, umri rohatda o‘tsin, deb uni avaylab-asradi. Holida opa ham yolg‘iz o‘g‘il deb Jahongirni yeru ko‘kka ishonmadi. O‘zlari yemay farzandlariga yedirishdi, ichmay ichirishdi. Ko‘ngli nimani tusasa hammasini muhayyo qilishdi. Shu sababmi Jahongir yoshligidan erka bo‘lib o‘sdi. Ulg‘aygan sayin xohishlari ham ko‘payib bordi. Dastlab, magnitofon, velosiped deb xarxasha qiladigan Jahongir endi so‘nggi rusumdagi telefon, noutbuk talab qila boshladi. 

Ortiq aka o‘g‘lim boshqalardan kam bo‘lmasin, deya hammasini muhayyo qildi. Jahongir institutga kirgan kun uyda bayram bo‘lib ketdi. Quvonchidan ichiga sig‘magan ota o‘g‘lim endi katta yigit bo‘lib qoldi, ehtiyojlari ham shunga yarasha, do‘stlarining oldida uyalib qolmasin, deb qo‘liga dasta-dasta pul tutishni kanda qilmadi...

Ortiq aka xizmat safari bilan bir haftaga Toshkentga ketdi. Jahongir uyda oyisi bilan qoldi. Telefonini o‘ynab, tunni yarim qilar, ertalab oyisining tergashi bilan zo‘rg‘a uyqudan turar, nonushta qilib, o‘qishga jo‘nardi. Oyisining har kungi:
  
– “O‘g‘lim, oshxonadagi rozetka buzilib qolibdi. Yangisini olib keldim, almashtirib ber, mikroto‘lqinli pechni ishlata olmayapman,” –  degan so‘zlari u qulog‘iga kirib, bunisidan chiqib ketardi.

–  “Ertaga, oyi, bugun ishim ko‘p,” – javob qildi. Aslida esa rozetkani olib almashtirishga erinar, dadasi kelsa o‘zi tuzatib qo‘yishini bilardi. Shu sabab vaqtni cho‘zardi.

Darsga bordi. Kech uxlagani sabab qulog‘iga o‘qituvchining gapi kirmasdi. Telefonida internetga kirib o‘tirarkan, qulog‘iga ustoziining gapi chalindi:

- Insonning tutundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikki daqiqa nafas olishi halokatga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki, tutun tarkibidagi 4-6 % is gazi qon tarkibidagi gemoglabinga ta'sir qilib, kislorod tashish qobiliyatini ...

Jahongir yana telefoniga “sho‘ng‘ib” ketdi.

Kunlar o‘tdi. Jahongirning dimog‘i chog‘. Bu yil institutga kirdi. Institutni bitirsa bo‘ldi, dadasi uni “yog‘li ish”ga joylashtirib qo‘yadi. Dadasi har doim aytganini qilgan. O‘qishga kirsa mashina olib berishini aytgan edi. Mana yangi Nexiada yuribdi. Kursdoshlari unga havas bilan qarashadi. Hamma u bilan yaqin bo‘lgisi keladi, do‘st bo‘lishga urinadi. Ammo, Jahongir ham anoyilardan emas. Hamma bilan ham do‘st bo‘lavermaydi. Axir, u oddiy bola emas. Shaharning eng ko‘zga ko‘ringan, obro‘li kishilaridan birining farzandi. Do‘stlari ham shunga yarasha.

Bugun Jahongirning tug‘ilgan kuni. Dadasi ertalab telefon qilib tabrikladi. Ammo, hali ishlari bitmaganini, shu sabab kela olmasligini, lekin zo‘r sovg‘a olib qo‘yganligini aytdi. Jahongir xursand bo‘ldi. Bir tarafdan kelmagani ham yaxshi, mazza qilib o‘rtoqlari bilan ko‘chada yuradi, restoranga boradi. Onasining yolvorishiga qaramay, u tug‘ilgan kunini shahardagi restoranlarning birida tashkil qildi. Hamma tanishlari keldi. Uning sharafiga qadah so‘zlari aytildi. Maqtovlarga shirakayf Jahongir qo‘l telefoniga bir necha bor dadasi telefon qilganligiga e'tibor bermadi. Baribir shovqinda uni eshitmayman, deb o‘yladi. O‘chirib qo‘ydi. Ziyofat yarim tungacha davom etdi. Hamma tarqalgach, Jahongir yangi avtomobilini o‘t oldirdi. O‘rtoqlari ichgansan, mashinani tashlab ket, deyishsa ham o‘z bilganidan qolmadi. Bu birinchi marta emas. Oldin ham ichib mashina haydagan, hech nima qilmagan. Yo‘lda GAI to‘xtatmasa bas, uyiga yetib oladi. 

Shu xayollar bilan katta yo‘lga chiqdi. Ko‘chada jimjitlik. Har zamonda qarama-qarshi tomondan avtomobil kelib qolardi. Odamlar deyarli ko‘rinmasdi. Uzoqdan yong‘in o‘chirish avtomobilining sirena ovozi eshitilardi. Shu vaqtda qayerda yong‘in bo‘ldiykin, deb o‘ylamadi ham. 

Jahongir mashinasini o‘z mahallasiga burgan ham ediki, sirena ovozi juda yaqindan eshitildi. Shundroqqina uning ortidan qizil rangli yong‘in o‘chirish avtomobili kelar, sirena chalinib, yo‘l berishni so‘rardi.

Jahongirning qaysarligi tutdi.

– “O‘zim xohlamasam bular meni yo‘ldan ko‘tarib olisharmidi, –  kulgan bo‘ldi, – hozir ko‘rsatib qo‘yaman, kim yo‘l berishi kerakligini, sirenang bo‘lsa o‘zingga. Qani o‘tib ko‘rchi.”
 
Jahongir atayin avtomobilini sekinlatdi. Musiqa ovozini ko‘tardi. Baland musiqa ovozi orasida sirena unchalik eshitilmay qoldi. Jahongir o‘zida yo‘q xursand bo‘ldi:

– “ Bopladim! Meni kimligimni bilmabsanlar.”

Aksiga olib Jahongir qayoqqa burilsa, yong‘in o‘chirish avtomobili ham o‘sha tomonga harakat qilaverdi. 

– “Obbo, rosa jonga tegdiku bu.”

Jahongir gazni bosdi. O‘ziga tanish ko‘chaga kirdi. Birdan yashin urgandek bo‘ldi. Darvozasi oldida qo‘ni-qo‘shnilar to‘plangan, hamma yong‘inni o‘chirishga harakat qilardi. Jahongir mashinasini chetga to‘xtatib, uyiga yugurdi. Darvozaxona olov ichida qolgan, ichkariga kirishga hech kim botina olmasdi. Jahongir odamlar ichidan onasini qidirdi. Ammo, topa olmadi. Chiroyli naqshinkor panjara tortilgan derazalardan uy ichiga kirib bo‘lmasdi. Ichkaridan faqat olov domiga tushgan uy jihozlarining g‘ichir-g‘ichiri eshitilar, tomdan quyuq tutun ko‘tarilardi. 

Jahongir qotib qoldi. Bir zumga vaqt to‘xtab qolgandek edi. U atrofdagilarning qiy-chuvi, baqir-chaqirini eshitmas, xuddiki qulog‘i tom bitgandek edi. Boshi gavdasiga og‘irlik qilar, yeru ko‘k aralashib ketgandek boshi aylanardi.

Shu payt yon tomondagi deraza panjaralari birdan qarsillab sug‘urildi.  Jahongir u yoqqa qaradi va tanish avtomobilni ko‘rdi. Yong‘in o‘chiruvchilar o‘z uskunalari bilan deraza panjaralarini sug‘urib, ichkariga kirib ketishdi. 

Jahongir ular tomonga yugurdi. Birpasdan so‘ng, ichkaridan behush holatdagi onasini olib chiqishdi

– “Oyijon...” – tili zo‘rg‘a kalimaga keldi.

Holida opani darhol tez tibbiy yordam mashinasiga olib chiqishdi.

Jahongir oyisining yoniga o‘tirdi. Mashina sirenasini chalib, joyidan qo‘zg‘aldi. Jahongir oyisining qo‘llarini ushladi, yuzi rangpar, qora kuya tekkan qadoq qo‘llarda tomirlar bo‘rtib chiqqaniga endi e'tibor berdi. Jahongir oyisini boshdan oyoq kuzatdi. Jarohat izini topa olmadi.

Mashina shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yetib keldi. Shifokorlar bemorni darhol ichkariga olib kirib, uzun yo‘lakning oxiridagi xonaga olib kirib ketishdi. Jahongirga ruxsat berilmadi. Eshik yopilgach “Jonlantirish bo‘limi” degan yozuvni ko‘rdi. Bu yerda kuzatuvchilar ko‘p edi. Ularning pichir-pichiri quloqqa chalinardi:

–  Nima bo‘libdi ?!

–  Yong‘in!

- Nimadan chiqibdi ?!

– Nosoz rozetkadan...

–  Kuyibdimi ?!

–  Yo‘q, tutundan zaharlangan.

– .... Yong‘in o‘chiruvchilar kelmabdimi?

– Kech qolishibdi. Yo‘lda ushlanib qolishganmish...

Jahongirning boshiga to‘qmoq bilan urgandek bo‘ldi. Bir zumda hayolida onasining rozetkani almashtirib qo‘yish haqidagi yolvorishlari, uning befarq bo‘lib qo‘l siltagani, yo‘ldagi sirena ovozi, bopladimmi, deya tirjaygani yarq etib o‘tdi. Ustozining darsdagi gapini esladi:

– “ ...Insonning tutundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikki daqiqa nafas olishi halokatga sabab bo‘lishi mumkin...”

Boshi aylandi. Oyoqlari bo‘shashib yerga o‘tirib qoldi. Qo‘llari boshini changalladi. Uning nima qilib qo‘ydim, deya ingrashini atrofdagilar eshitmadi.

Shahar osud uyquga cho‘mgan,  endi sirena ovozi eshitilmasdi.

Farrux  Abduraxmanov
Jizzax viloyati IIB YoXB
katta muhandisi, leytenant

Mavzuga oid