Jamiyat | 13:25 / 17.04.2017
24398
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda poraxo‘r shifokor qo‘lga olindi

Mansur O‘rozmetovning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘ylamay qilgan birgina qilmishi uni 66 yoshida sudning qora kursisi tomon yetakladi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Bu shaxs tibbiyot sohasida faoliyat ko‘rsatib, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, hududning sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash ishiga hissa qo‘shib kelgan. Xorazm viloyatidagi tumanlarning birida DSENM bosh shifokori o‘rinbosari, 2015 yildan esa mazkur tumanga bosh shifokor vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlanadi.

Ish kunlarining birida fuqaro K.Sharipov kelib, qaysidir qishloqda yashovchi tanishi Yu.Matnazarovga tegishli noturar joy bo‘lgan bino va inshootlarni turar joy toifasiga o‘tkazish uchun ularning sanitariya talablariga muvofiq kelishi yoki kelmasligi yuzasidan sanitariya xulosasi yozib berishni so‘raydi.

-  Bu qiyin masala, - dedi bosh vrach vazifasini bajaruvchi. – Ammo eplasa bo‘ladi. Buning uchun esa 200 AQSh dollari yoki bir million ikki yuz ming so‘m berish kerak bo‘ladi.

-  Ancha qimmat ekan?!

-  Endi, o‘zingiz tushunasiz-ku...

Aslida DSENMga tuman hokimligi ushbu masalaga oydinlik kiritish yuzasidan xat yuborgan, shu asosdan sanitariya xulosasi tayyorlangan va hokimlikka tez kunlarda taqdim qilinishi kerak edi. M.O‘rozmetov vaziyatdan ustamonlik bilan foydalanib qolmoqchi bo‘ldi.

M.O‘rozmetov o‘z xizmat xonasida 200 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlandi. Sud hukmi bilan unga ma'lum muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid