Jamiyat | 12:59 / 19.04.2017
17645
5 daqiqa o‘qiladi

Chilonzor tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i jazoga tortildi

Sanjar Habibov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) oliy ma'lumotli bo‘lgach, turli joylarda faoliyat yuritdi. 2012 yil iyul oyida esa Chilonzor tumani obodonlashtirish boshqarmasiga boshliq etib tayinlandi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

S.Habibov ishni qo‘l ostidagi xodimlar bilan tanishib, kim nimaga qodirligini aniqlashdan boshlaydi. Ko‘p o‘tmay, uning atrofiga buyruqlarini to‘g‘rimi yoki qonunga zidmi, ahamiyat bermay bajarishga tayyor xodimlar birlashadilar. 

Boshliq ularni rejasidan ogoh etib, bir vaqtning o‘zida bir necha obektni qamrab olish kerakligini tushuntiradi. Xullas, uning topshirig‘i bilan ishonchli odamlari – boshqarmaga qarashli, obodonlashtirish obektlarini sanitariya jihatdan tozalash bo‘limi uchastkasi boshlig‘i Sa'dulla Abdiyev, boshqarma xodimlar bo‘limi boshlig‘i Dilso‘z Karamatova, bosh hisobchi Shohista Yormuhamedova hamda kassir Shoira Qurbonova ishga kirishadilar. Qarabsizki, soxta buyruqlar tayyorlanib, 2012 yildan 2016 yilning yanvar oyiga qadar S.Abdiyev boshliq bo‘lgan uchastkaga bir necha fuqarolar ishga qabul qilinadi. Ammo ular nafaqat o‘z xizmat vazifalarini bajarmagan, balki ishga ham kelmagan bo‘lsalar-da, nomlariga oylik maosh yoziladi. Bular kamlik qilganidek, ishdan bo‘shab ketgan ikki nafar ishchining ham ishlamagan kunlari uchun ishlagan, deya hujjatlar rasmiylashtirilib, qalbakilashtiriladi. Hisoblangan 113 mln. 131 ming so‘mlik ish haqi esa guruh a'zolari tomonidan o‘zaro taqsimlanadi.

Shu vaqtning o‘zida S.Habibov rahnamoligidagi guruh a'zolari boshqa bir uchastka ustasi Ravshan Do‘smatov bilan til biriktirib, bu uchastkaga 11 nafar shaxsni soxta buyruq asosida ishchi sifatida ishga qabul qiladilar. Shuningdek, ishdan bo‘shab ketgan uch nafar ishchining ham ishlaganligi haqidagi hujjatlarni rasmiylashtirib, ularning nomlariga hisoblangan 56 mln. 123 ming so‘mlik ish haqini o‘zlashtirib yuboradilar.

Umuman olganda esa, S.Habibov hamda uning gumashtalari tomonidan shu kabi usul bilan jami 390 million so‘mdan oshiqroq pul mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinadi.

Bundan tashqari, 2013-2014 yillar va 2015 yilning noyabr oyiga qadar boshqarmada ishlovchi xodimlarning razryadlari malaka komissiyasining xulosalari bo‘lmasdan, asossiz ravishda oshirilib, ushbu davrda 554 million 205 ming so‘mlik ish haqi ortiqcha to‘lab berilib, byudjyet mablag‘lari boshqarma smetasida nazarda tutilmagan xarajatlarga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, 2014-2015 yillar davomida boshqarmada ishlovchi ishchilarga 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ish haqi xizmat ko‘rsatish doirasining kengayganligi hamda bajariladigan ishlar hajmi ortganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma yoki boshqa tegishli hujjatlarsiz 82 million so‘mlikdan oshiqroq ish haqi hamda 2013-2015 yillarda boshqarma ishchi va xodimlariga 33 million 260 ming so‘mlik mukofot pullari to‘lab beriladi.

C.Habibov rahnamoligidagi guruhning qing‘irliklari faqat shulardangina iborat emas. Boshqarma mutasaddilari boshqarmaning yo‘l-ko‘prik xo‘jaligi bo‘limini nazorat qilish, tuman ko‘chalarini joriy ta'mirlash yuzasidan bo‘lim boshlig‘iga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berishga mas'ul hisoblanishsada, o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan qarashgan. Oqibatda Chilonzor tumanidagi jamoat transporti qatnaydigan va boshqa ko‘chalardagi yo‘l hamda yo‘laklar bo‘yicha 2013-2015 yillar davomida bajarilishi lozim bo‘lgan joriy ta'mirlash ishlari uchun tuzilgan manzilli dasturga asosan, 7 308 m/kv. hajmli, qiymati 91 million 488 ming so‘mlik ishlar sifatsiz bajarilib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan. 

Guruh tomonidan shuningdek, boshqarmaning tasarrufida bo‘lgan jamoat transporti qatnaydigan va boshqa ko‘chalarda bajarilgan joriy ta'mirlash ishlarida aslida sarflanmagan 82,8 tonna asfalt-beton mahsulotlari sarflanganligi haqida hujjatlar rasmiylashtirilib, umumiy qiymati 14 million so‘mdan ko‘proqni tashkil etgan mahsulotlar o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilinadi.

Bundan tashqari, rasmiy hujjatlar hisoblangan yo‘l varaqalari soxta ma'lumotlar va yozuvlar kiritilib, qalbakilashtiriladi. Shu yo‘l bilan 35 million 379 ming so‘mlik yoqilg‘i-moylash mahsulotlari ortiqcha hisobdan chiqarilib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi tomonidan sudlanuvchilarning har biriga qilmishiga yarasha jazo tayinlandi. 

 

Mavzuga oid