Jamiyat | 15:15 / 19.04.2017
20176
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilarning mukofot pullarini o‘zlashtirgan direktor jazolandi

Sanobar Panayeva (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2009 yildan 2016 yil 25 iyulgacha Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi umumta'lim maktablarining birida direktor bo‘lib ishlagan. Faoliyati davomida maktabda ta'lim-tarbiya jarayonlarini samarali yo‘lga qo‘yishni ta'minlash barobarida, o‘z cho‘ntagini qappaytirishni ham unutmagan. Bunda esa direktor jamg‘armasi unga qo‘l kelgan, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

U 2011-2015 yillar va 2016 yilning yanvar-may oylarida 27 nafar xodimga 72 ta holatda 25 mln. so‘mdan ortiq moddiy rag‘batlantirish pullari noto‘g‘ri to‘lanishiga sabab bo‘lgan. Buning o‘ziga xos “jihat”lari bor edi. Rag‘batlantirish pullari xodimlarning plastik kartochkalariga o‘tkazib berilar, aksariyat hollarda bu mablag‘ni direktorning o‘zi tasarruf qilardi.

“Yil o‘qituvchisi”, “Oyning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovlarida qatnashib, yuqori o‘rinlarni olgan o‘qituvchilarga 2011-2014 yillar davomida mukofot pullari yozilib, plastik kartochkalariga tushirib berilgan. Biroq, bu pullarni o‘qituvchilar emas, balki S.Panayeva o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan ekan.

Holat yuzasidan olib borilgan tergov va surishtiruv jarayonida direktor tomonidan davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanishiga erishildi. Sud hukmi bilan S.Panayevaga tegishli jazo tayinlandi.

Mavzuga oid