Jahon | 00:24 / 14.06.2017
4331
2 daqiqa o‘qiladi

Bangladeshda kuchli yomg‘irlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 130 nafardan oshdi

Foto: AFP

Oxirgi kunlarda Bangladesh janubi-g‘arbida davom etayotgan kuchli yomg‘irlar va uning oqibatida sodir bo‘lgan ko‘chkilardan halok bo‘lganlar soni 134 nafarga yetdi. Bu haqda AFP axborot agentligi mahalliy hukumatga iqtibos keltirgan holda xabar berdi.

Avvalroq 77 nafar odam halok bo‘lgani ma'lum qilingandi.

Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofatga uchragan tumanlarda qutqaruv ishlari amalga oshirilib, mahalliy aholi uylaridan evakuatsiya qilinmoqda. Hukumat qurbonlar soni oshishidan xavotir bildirmoqda. Hozirda qutqaruvchilar ofat domida qolgan borish qiyin bo‘lgan hududlarga yetib borishga harakat qilishmoqda.

Kuchli yomg‘irlar 12 iyun tongda Bangladeshning janubi-sharqiy qismida boshlangan. Yomon ob-havodan ko‘proq Rangamati va Bandarban okruglari jabr chekkan. Ofatdan jabr chekkan hududlarda telefon aloqasi ishlamayapti, transport harakati izdan chiqqan.

Rangamati ma'muriyati vakili Mazural Mannon bu okrugning o‘zida 98 kishi halok bo‘lganini ma'lum qilgan.

Ta'kidlanishicha, halok bo‘lganlardan aksariyati tabiiy ofat qanday zarba berishidan bexabar osoyishta uyquda bo‘lganlar.

Bangladeshda musson yomg‘irlar mavsumi iyundan sentabrgacha davom etadi. Bunda jalali yomg‘irlar oqibatida kelib chiqadigan ko‘chkilar ko‘pincha o‘nlab odamlarning hayotini olib ketadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid