“Navoiy” xalqaro aeroportini 29 million so‘mlik jarimaga tortmoqchi bo‘lgan tamagir aniqlandi
Yusuf xos Hojibning “Tafakkur tuhfalari” asarida shunday hikmat keltirilgan “To‘g‘riga ham egriga ham birdek ajrim qiladigan haqiqat kuni bordir”. U haqiqat mezoni shunday omil bo‘ladiki, oqni oq, qorani qora deb ko‘rish qiyin kechmaydi.
“Huquq” gazetasining yozishicha, buni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AK “Buxoro” mintaqaviy temiryo‘l uzeli “Karmana” temiryo‘l bekati boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Faxriddin Rustamov qonun bilan yuzma-yuz bo‘lganida, sudning qora kursisidan pushaymonlikdan bosh egib turganida yanada chuqurroq his etgan bo‘lsa, ajabmas.
“Navoiy” xalqaro aeroporti ehtiyojlari uchun “Karmana” temiryo‘l bekatiga 2016 yilning 16-17 avgust kunlari kelgan aviayoqilg‘i yuklangan vagon sisternalarning to‘xtab qolishi bekat boshlig‘i F.Rustamovni uncha tashvishlantirmadi. Chunki aeroportning yoqilg‘i-moylash materiallari xizmati boshlig‘i S.Soliyev (ism-familiyalar o‘zgartirildi) unga qo‘ng‘iroq qilib qoladi.
- Aka, sisternalarni bo‘shatib ololmaymiz. Yoqilg‘i uchun joy masalasi tanqisroq bo‘lib turibdi.
- Mayli, xavotirlanmang hali vaqt borku, - dedi-yu, F.Rustamovning ko‘nglida g‘araz niyat paydo bo‘ldi.
Bekat boshlig‘i kutganidek bo‘lmadi, aeroportdagilar ham anoyi emas. Qonunlar mohiyati, me'yoriy hujjatlar bilan ishlash tartib-qoidasini bilgani bois barcha hujjatlarni tayyorlab, vagon-sisternalar me'yordan ortiq saqlanmaganligini isbotlamoqchi bo‘laverdi. Ammo F.Rustamov ham o‘z so‘zida turib oldi.
- Agar qonun yo‘li bilan hisob-kitob qilganda 4 kunda 20 million so‘m jarima to‘lashingizga to‘g‘ri keladi, - dedi F.Rustamov.
- Aka, yordam qiling, axir...
- Bo‘pti. Jarimani 3 million so‘m qilib beraman. Siz ham biror narsa berarsiz.
- Biror narsa... tushunmadim?...
- 200 ta “ko‘k”, kelishdikmi?
S.Soliyev va'daga vafo qilishga harakat qildi, ammo tamagir so‘ragan “ko‘k”ni topolmadi. Yo‘lovchi tashuvchi taksi haydovchisidan 100 ming so‘m berib yubordi. Bu xatti-harakat F.Rustamovning nafsoniyatiga tegib ketdimi, ishqilib, agar aytilgan 200 AQSh dollarini yetkazmasa, “Navoiy” xalqaro aeroportini 29 million so‘m jarimaga tortish haqidagi hujjat tayyorligini bildirdi. Bu gap S.Soliyevga ta'sir qildi.
- Aka, xotirjam bo‘ling, qolganini ham so‘mda yetkazaman, bugunoq 1 million 200 ming so‘m yuboraman.
- Men roziman. Faqat cho‘zmang, - keskin javob berdi F.Rustamov.
2016 yilning 16 sentabr kuni o‘z xizmat xonasida 1 million 200 ming so‘m porani sanab stoli g‘aladoniga tashlab qo‘ygan F.Rustamov halol faoliyat yuritgan davrlarida misqollab yiqqan obro‘siga shu soniyalarda putur yetkazayotganligi anglab yetmadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudi hukmi bilan F.Rustamov uzil-kesil 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimida ishlash huquqidan hamda 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Mavzuga oid
20:33 / 13.11.2024
«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarining vagon qismini 30 foizga oshiradi
20:00 / 13.11.2024
«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJning 35 foiz aksiyalari 200 mlrd so‘mga sotildi
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
11:34 / 06.11.2024