O‘zbekiston | 21:45 / 05.07.2017
38867
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy harbiy ta'lim muassasalarida test sinovlari bo‘lib o‘tdi

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda harbiy kadrlarni tayyorlash va oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun nomzodlarni tanlab olish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 26 maydagi 320-sonli Qarori bilan Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga kiruvchi nomzodlarni kvotaga muvofiq taqsimlashni o‘z ichiga oluvchi yagona tanlov tizimi joriy qilindi. Bu tizim, test sinovlari natijalari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar orasidan oliy harbiy ta'lim muassasalarini to‘ldirish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 16 iyundagi 
209-sonli Qaroriga muvofiq oliy harbiy ta'lim muassasalariga kursantlar qabul qilishning yangi muddatlari belgilangani bu borada tashlangan navbatdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Mazkur hujjatga muvofiq endi oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishga nomzod abituriyentlarning har yilgi test sinovlari 
5 iyulda o‘tkazilib, kursantlikka qabul qilinganlar 10 iyulda e'lon qilinadi. 

Ta'kidlash joizki, mazkur Qaror bilan oliy harbiy ta'lim muassasalarini kursantlar bilan to‘ldirish sifatini yanada yaxshilash uchun puxta tayyorlangan yoshlar orasidan nomzodlarni tanlab olish imkoniyati takomillashtirilmoqda. Qolaversa, oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlaridan o‘ta olmaganlar boshqa oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirishga ulgurishmoqda. Bu esa kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodga davlatimiz tomonidan yaratilayotgan muhim imkoniyatlardan biridir. 

Hozirgi kunda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta'lim muassasalarida 28 ta mutaxassislik bo‘yicha ofitser kadrlar tayyorlanyapti. Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, oliy harbiy ta'lim muassasalarida ta'lim tizimi tubdan o‘zgarmoqda, ularda bo‘lg‘usi ofitserlarni tayyorlash va tarbiyalash hozirgi zamon talablariga to‘la mos keladigan, prinsipial jihatdan mutlaqo yangi o‘quv-texnik va ma'naviy-axloqiy asosda yo‘lga qo‘yilgan. Bir so‘z bilan aytganda, oliy harbiy ta'lim muassasalarida nazariy va amaliy bilimlarni uzluksiz ravishda o‘zlashtirib boradigan, kuchli, bilimli va qat'iy irodali ofitser kadrlarni tayyorlash uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Yuqorida keltirilgan Qaror ijrosi yuzasidan Mudofaa vazirligiga qarashli oliy harbiy ta'lim muassasalari – Qurolli Kuchlar akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakultetida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi mas'ul xodimlari ishtirokida 2017 yilning 5 iyulida test sinovlari o‘tkazildi. Unda 7800 dan ziyod yoshlar ishtirok etdi.

Mavzuga oid