Jamiyat | 17:01 / 05.07.2017
6810
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zLiDeP faollari yoshlar istiqboli yuzasidan fikr almashishdi

Kuni kecha Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi yoshlar oromgohida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan “Yangi avlodni tarbiyalash, yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” oldidagi dolzarb masalalar” mavzuida o‘quv-seminari tashkil etildi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zLiDeP  Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi vakillari, taniqli tadbirkorlar, hududiy Kengashlardagi partiya hamda “Yoshlar qanoti” yetakchilari va faollari ishtirok etishdi.

Elbek Shukurov, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari:

— Yoshlar bilan ishlashda nafaqat bitta ma'lum bir tashkilot balki barchamiz birdek mas'ulmiz. Shu jumladan, siyosiy partiyalar ham bugungi kunda aynan yoshlar masalasiga katta urg‘u bermoqda. Xususan, Prezidentimizning partiya se'zdida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha bergan tavsiyalaridan kelib chiqib, bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish, ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan samarali ishlash tizimini shakllantirish maqsadida partiyamiz tizimida yoshlar bilan ishlovchi alohida qo‘shimcha shtat birligi tashkil etildi. Bugungi seminarning asosiy maqsad va vazifasi ham joylardagi faollarimizni, partiyamizning yosh hayrixohlarini birlashtirib turgan ana shunday yetakchi-targ‘ibotchilarimizni zamon talablari darajasida o‘qitish, ularning ham kasbiy, ham nazariy bilim ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan. Kuni kecha Prezidentimizning “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati IV qurultoyida yoshlar masalasi borasida bildirgan fikr mulohazalari, kelgusida juda katta ko‘lamda amalga oshirilishi shart qilib belgilab bergan vazifalari tabiiyki, bizning partiya “Yoshlar qanoti” oldiga ham qator mas'uliyatli vazifalarni qo‘yadi. Shundan kelib chiqib, o‘quv seminarlarimizda aynan davlatimiz rahbari qo‘yayotgan talablar asosida yangicha fikrlab, zamon bilan hamnafas ishlaydigan, yoshlarimizni ezgu g‘oyalar atrofida birlashtirib, yorqin kelajakka safarbar eta oladigan kadrlarni tayyorlash masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi.

O‘tgan vaqt davomida belgilab olingan vazifalardan kelib chiqib, O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” tomonidan mamlakat yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joylarda olib borilayotgan amaliy ishlar, yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar, targ‘ibot va tashviqot ishlarining ta'sir doirasi ortib borayotganligi natijasida bugun 180 mingdan ziyod yoshlar partiya safida birlashdi.

Ana shunday tashabbuskor, shijoati baland yoshlarning tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirning birinchi kunida hududlardan kelgan partiya “Yoshlar qanoti” faollari va yosh tadbirkorlar kichik guruhlarga bo‘lingan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunning asosiy mazmun-mohiyati va undan kelib chiquvchi partiya “Yoshlar qanoti”ning kelgusidagi vazifalari, yetakchilik qobiliyati, jamoani boshqarish hamda uni birlashtirish mexanizmlari va yoshlarning bugungi kundagi muammolari atroflicha muhokama etildi.

Zebo Safarova, Surxondaryo viloyat Kengashi Yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri:

- Joriy yilning o‘tgan 6 oy davomida tuman (shahar) hududidagi kasb-hunar kollejlarida Vatanimizning kelajagi uchun javobgarmiz!” shiori ostida “Yosh mulkdor-yurt tayanchi” hamda “Diplom bilan biznesga” loyihalari asosida, tijorat banklardan 161 nafar uyushmagan yoshlarga jami 1mlrd. 205 mln. 525 ming so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Buning natijada yoshlarimiz o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, o‘z ishini boshladi. 116 nafar kollej bitiruvchisi esa tijorat banklardan 566 mln. 793 ming so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar olish imkoniga ega bo‘ldi.

Shuningdek, bugungi kunda siyosiy partiyalar faoliyatiga qo‘yilayotgan talablardan kelib chiqib, joylarda zamonaviy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish, aholi bilan muloqot qilishning samarali usullaridan foydalanish, uyushmagan yoshlar bilan samarali ishlash qoidalari to‘g‘risida batafsil ma'lumot berildi.

Tadbirning ikkinchi kuni O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti”ning mavjud o‘ndan ortiq loyihasi taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Unda loyihalarga kiritilgan o‘zgartirishlar hamda amaliyotga tatbiq etilishi rejalashtirilayotgan yangi loyihalar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.    

Seminar doirasida taniqli tadbirkorlar ishtirokida “Yoshlarni, jumladan, uyushmagan yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish va “Start-Up”larni qo‘llab-quvvatlash” mavzuida master-klasslar va sport musobaqalari tashkil etildi.

Tadbir yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan yoshlarning fikr-mulohazalari va takliflari umumlashtirilib, partiya “Yoshlar qanoti” faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Mavzuga oid