Migratsiya agentligi rahbari bilan suhbat: xorijda ishlash, test sinovlari va hujjatlar bilan bog‘liq masalalar
O‘zbekistonda ayni paytda global-siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar davri boshlandi. Shuning barobarida davlat va jamiyat hayotining juda ko‘p tarmoqlariga yangicha nuqtai nazar bilan qarashga o‘tildi. Aytish kerakki, migrantlarning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasi salmoqlidir. Ammo jarayon iqtisodiy o‘sish bilan chegaralanib qolmaydi. Migrant zamonaviy texnologiyalar bilan ishlab, o‘z tajribasini oshiradi, dunyoqarashini kengaytiradi. Hozirgi kunda tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining faol ishtirokida ushbu sohadagi huquqiy asoslar takomillashtirilmoqda.
Bugun mazkur agentlik hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘lmoqda? Aholi o‘rtasida agentlikka bo‘lgan munosabat nimalar evaziga yaxshilanmoqda? Kun.uz ijodiy jamoasi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi Xo‘jabahlil Asomov bilan ochiq muloqotda bo‘ldi.
Xo‘jabahlil Asomov chetga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lgan aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida agentlik tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalar ekan, shunday dedi: “Ayni kunlarda dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda shunday jarayonlar ketyaptiki, yaqin kelajakda aniq-aniq davlatlarga ishlash uchun odam yuborish bilan xususiy kompaniyalar shug‘ullanishni boshlaydi. Bu yangilik qonun yo‘li bilan tasdiqlanadi va mustahkamlanadi. Bundan tashqari, agentlikning shu kungacha O‘zbekistonning beshta viloyatida filiali mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib ular butun respublika bo‘ylab ochildi. Ular bizning joylardagi vakillarimiz bo‘lib, fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollar bilan filiallarimizga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, qaysi bir davlat bizga vakant jo‘natsa, ushbu vakant haqida ma'lumot barcha filiallarda bo‘ladi”.
Janubiy Koreyaga ishlash uchun ketish vaqtida olingan imtihonda yuzaga chiqqan mashmasha haqida izoh bera turib, suhbatdoshimiz quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi: “Bu masala nafaqat O‘zbekistonda, balki ayrim chet el davlatlarida ham o‘ziga xos reaksiya keltirib chiqardi. Aytishim mumkinki, o‘sha jarayonga mas'ul barcha rahbar va xodimlar lavozimidan ozod etildi. Test sinovlarini tashkil etishda kelgusida yangicha yondashuv qo‘llaniladi. Ya'ni, chet davlatga ishlagani ketmoqchi bo‘lgan fuqaro yil o‘n ikki oy, haftaning besh kunida test topshirishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ushbu testlarga agentlik sayti orqali tayyorgarlik ko‘rish imkoniyati taqdim etiladi. Bu bilan ular o‘z bilimlarini oshirib borishadi. Shu o‘rinda aytib o‘tishim lozimki, bu tizim to‘liq ishga tushgach, aholi o‘rtasida qayta test sinovlari bo‘lib o‘tadi. Aslida, ayni kunlarda saytimizning ishlamay turganiga asosiy sabablardan biri ham ana shu. Maqsadimiz mukammal va tez ishlovchi saytimizni ishga tushirishdir”.
Xo‘jabahlil Asomovning ma'lum qilishicha, Koreyada o‘zbek ishchilarining imiji tushib bormoqda. Bunga qator sabablar bor. Masalan, bulardan eng kattasi ularning til bilmasligida ekan. Yana bir sabab o‘zbek migrantlari o‘z ish joylarini tez-tez o‘zgartirib turisharkan. Hujjatsiz ravishda avtomobil boshqarish va turli qoidabuzishlar ham bularga misol bo‘la oladi.
“Shuni qo‘shimcha qilib o‘tishni istardimki, Koreya tomoni keyingi sinovlarda migrantlarning nafaqat til bilishiga, balki ularning kasbiy malakasini tekshirish uchun ham test o‘tkazishadi”, dedi Xo‘jabahlil Asomov.
Suhbatdoshimiz yangi davlatlarga ishchi kuchi yuborish haqida to‘xtalar ekan shunday dedi: “Hozirgi kunda Yaponiya, Polsha, Rossiya, Qozog‘istondan tashqari Turkiya, Ummon va BAA kabi davlatlar bilan yangi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Keyinchalik “qaysi davlatlar”, degan tushuncha bizning agentlik faoliyatida bo‘lmaydi. Chunki biz O‘zbekiston fuqarosi qaysi davlatda ishlamasin, uning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha zarur ishlar olib boramiz”.
Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi Xo‘jabahlil Asomov Rossiyaga ishlashga ketish mavzusiga alohida to‘xtalib o‘tdi. “Rossiya O‘zbekistonning strategik hamkori hisoblanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil Rossiyaga qilgan tashriflari davomida Rossiya hududida O‘zbekiston fuqarolarini vaqtincha ishga joylashtirish bo‘yicha katta bitim imzolandi. Bu fuqarolarimizga nima beradi? Birinchidan, Rossiyaga ishlagani ketayotgan fuqaro aynan qayerga ishlagani ketayotgani, qancha maosh olishi, qayerda yashashi va shu kabi holatlarni oldindan biladi. Ikkinchidan, Rossiya hududida ishlash uchun olinadigan “patent”da test sinovlari bor edi. Endilikda ana shu test O‘zbekiston hududida topshiriladigan bo‘ldi. Ilgari “patent”dagi uchta shart – tibbiy ko‘rik, rus tili va qonunchiligi bo‘yicha test va ijtimoiy sug‘urta Rossiyaning o‘zida olinar edi”.
Suhbat davomida chet elda ishlash tartib-qoidalari, litsenziya olish holatlari va yana ko‘plab savollarga javob olindi. Intervyuning to‘liq hajmini tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
19:33 / 13.11.2024
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin
21:00 / 12.11.2024
Rossiyada migrantlar uchun uy-joy ijarasi qoidalari kuchaytiriladi
16:55 / 12.11.2024
Tramp millionlab migrantlarni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda - OAV
00:11 / 12.11.2024