Sport | 14:30 / 20.07.2017
9854
2 daqiqa o‘qiladi

Morata nima uchun «Chelsi»ni tanlaganini aytdi

«Real»dan «Chelsi»ga transfer bo‘layotgan Alvaro Morata o‘z hissiyotlarini bildirib o‘tdi. Ayni vaqtda u Londonga yangi jamoasi bilan shartnoma imzolash uchun yo‘l olgan.

«Men juda baxtiyorman, tez orada «Chelsi» a'zosiga aylanaman. Bu klub hamisha mening o‘yinlarimni kuzatib kelgandi. Men Madriddan ketayotganimdan afsuslanmayman, bu yerda 4 sovrin qo‘lga kiritdim. Endi «Chelsi» futbolkasini kiyaman va faqat shu jamoa haqida o‘ylashim kerak bo‘ladi», —deya Morataning so‘zlarini keltirgan Marca.

U nega aynan London klubi taklifini qabul qilgani haqida ham aytib o‘tgan.

«Men o‘zimga hammadan ko‘proq ishonch bildirgan murabbiy boshqaruvidagi jamoani tanladim. Bu men uchun juda muhim. Men Konte bilan barchasini gaplashib olganman», — degan Morata.

Ushbu hujumchi 80 mln yevro evaziga transfer bo‘lmoqda. Endilikda u futbol tarixidagi eng qimmatbaho ispaniyalik futbolchiga aylanadi. Bungacha bu maqom Fernando Torresga tegishli edi, u 2011 yili «Chelsi»ga «Liverpul»dan 58 million yevro evaziga kelib qo‘shilgandi.

Morata yangi klubida yiliga 9 million yevro miqdorida maosh oladi.

Bu futbolchi avvaliga «Manchester Yunayted»ga o‘tishi kutilgandi, ammo inglizlar klubi Romelu Lukakuni tanladi. Ko‘p o‘tmasdan Morataga «Milan» asosiy da'vogarga aylandi, ammo kutilmaganda «Chelsi» uni «ilib ketdi».

O‘tgan mavsumda ushbu 24 yoshli futbolchi «Real»ning Primeradagi 26 uchrashuvida (shundan 14tasi — boshlang‘ich tarkib), 15 gol urgan va 4 golga pas bergan.

Mavzuga oid