Jahon | 11:09 / 02.08.2017
8254
2 daqiqa o‘qiladi

Havayida piyodalar o‘limiga qarshi qonun ishlab chiqildi

Ayni kunlarda Havayi markazi bo‘lmish Honolulu shahri ma'muriyati yangi qonun loyihasini qabul qilmoqda.

Endilikda piyodalar avtomobil yo‘lini kesib o‘tish chog‘ida uyali aloqa vositalari, qo‘l telefoni, peyjyer, noutbuk, planshet va elektron qurilmalardan foydalanish taqiqlanadi. Gap shundaki, piyodalar yo‘l harakati qoidalariga beparvo bo‘lib, ko‘pincha bunday holatlar ko‘ngilsizlik bilan tugamoqda. Shaharning eng tirband chorrahalaridan birida qonun hujjatini imzolagan Honolulu shahri meri Kirk Kolduell​ elektron gadjyetlar ko‘pchilikning umriga zomin bo‘layotgani haqida aniq ma'lumotlar keltirib o‘tgan.

Qonun bandlariga ko‘ra, birinchi marta taqiqlangan harakatni amalga oshirgan piyodaning jinoyati politsiya​ tomonidan aniqlangan holatda 15-35 dollari miqdorida, ikkinchi marta 35-95 dollar, bundan keyin esa 99 dollargacha jarima undirilishi mumkin. Shu bilan birga piyodalar telefonda suhbatlashib yo‘lni kesib o‘tishi noqonuniy harakat emas. Shuningdek, piyodalar yo‘lakchasida elektron gadjyetlardan foydalanishga taqiq yo‘q.

Shu yilning 25 oktabridan boshlab bu qonun kuchga kirishi belgilangan. Honolulu ma'muriyatining tashabbusi Boshqaruvchilar yo‘l xavfsizligi uyushmasi (GHSA) tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanishi kutilmoqda, chunki ushbu uyushma taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yilning birinchi yarim yilligida piyodalar o‘limi 2015 yilning shu paytiga nisbatan 11 foizga oshgan.

Mavzuga oid