Jahon | 20:28 / 04.09.2017
18928
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Myanmadagi inqirozni islom davlatlari yetakchilari bilan muhokama qildi

Foto: RIA Novosti / Mixail Klimentev

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Myanmada rohingya musulmonlari bilan bog‘liq inqirozni Islom hamkorligi tashkilotiga (IHT) kiruvchi 20 ga yaqin davlat yetakchisi bilan muhokama qildi. Anqara, shuningdek, bu masalani BMT Bosh assambleyasiga muhokamaga olib chiqmoqchi.  

“Men bu inqirozni IHTga kiruvchi taxminan 20 ta davlat yetakchisi bilan muhokama qildim va muzokaralarni davom ettirmoqdaman. 19 sentabrda biz bu masalani BMT Bosh assambleyasiga olib chiqamiz va uni dunyo yetakchilari bilan muhokama qilamiz. Afsuski, Myanmada musulmonlar ommaviy tarzda o‘ldirildi. Biroq dunyo bunga befarqlik qildi”, deb aytdi Erdo‘g‘an jurnalistlarga. 

Myanma qurolli kuchlari Rakxayn shtatini jangarilardan tozalash operatsiyasini olib bormoqda. Mamlakat OAV bu jangarilarni “bengal terrorchilari” deb ataydi. Jangarilarning Rakxayn shtatida politsiyachilar va chegara postlariga birinchi hujumi o‘tgan yil oktabrida sodir etilgan. Ikkinchi shunday hujum 25 avgustda yuz berdi. Bu hujumga javoban qurolli kuchlar tozalash operatsiyasini o‘tkazmoqdalar. Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 10 kun ichida Rakxaynda 400 kishi halok bo‘lgan, ulardan 30 nafari harbiylar va politsiyachilar, qolganlari esa rohingya millatidan chiqqan jangarilardir.

Rohingyalar 19-asr oxirlari-20-asr boshlarida mustamlakachi Britaniya ma'muriyati tomondan Rakxaynga ko‘chirilgan bengallar avlodlari bo‘lib, shtat aholisining katta qismini tashkil qiladi. Biroq ular orasida mamlakat fuqaroligiga ozchilik ega. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid