O‘zbekiston | 12:20 / 24.09.2017
17767
3 daqiqa o‘qiladi

SamDUda Sharof Rashidovga yodgorlik o‘rnatildi

Atoqli davlat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov 1937–1941 yillarda Samarqandda O‘zbek davlat universiteti (hozirgi Samarqand davlat universiteti)ning filologiya fakultetida tahsil olgan. Talabaligidayoq universitet hayotida faol ishtirok etgan Sharof Rashidov filologiya fakulteti qoshidagi adabiy to‘garakning iste'dodli a'zolaridan biri bo‘lgan.

Sharof Rashidov keyinchalik viloyat, respublika idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan paytlarida ham qadrdon universitetiga tez-tez kelib turgan. Ustozlari, do‘stlarini yo‘qlagan, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatgan.

Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirda xalqimizning sevimli farzandi ana shunday xotiralar bilan yodga olindi. Tadbir avvalida universitetning Sharof Rashidov tahsil olgan bosh binosi peshtoqiga o‘rnatilgan yodgorlik lavhasi ochildi, deb xabar beradi Samarqand viloyat hokimligi rasmiy sayti.

Nazvaniye

Viloyat jamoatchiligi vakillari, poytaxtimiz va Jizzax viloyatidan kelgan mehmonlar, shoir va yozuvchilar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimizning 2017 yil 27 martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra yurtimizda ushbu sana munosabati bilan keng ko‘lamli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazilayotgani ta'kidlandi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari A.Umarov, Samarqand davlat universiteti rektori R.Xolmurodov, professorlar M.Jo‘raqulov, H.Umurov, «Jizzax ovozi» gazetasi bosh muharriri A.Inomov va boshqalar Sharof Rashidovning ibratli hayot yo‘li va serqirra ijodi, Samarqandga mehri tufayli bu yerda amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari, universitet bilan aloqasi haqida so‘z yuritdi.

— Samarqandda Sharof Rashidov bormagan, bu insonning e'tibori bilan obod etilmagan mahalla, qishloq yo‘q, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi, — deydi «Nuroniy» jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi H.Normurodov. — Ayniqsa, u kishi olis qishloqlarda aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, odamlarning og‘irini yengil qilishga alohida e'tibor qaratgan. Viloyatimizdagi ko‘plab chekka qishloqlarda u kishining tashabbusi bilan zamonaviy turarjoylar, ta'lim va tibbiyot muassasalari bunyod etilgan.

Tadbirda Sharof Rashidovning qizi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori, akademik Sayyora Rashidova xalqimizning asl farzandi xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning boshida turgan Prezidentimizga minnatdorchilik bildirdi.

Mavzuga oid