Jamiyat | 13:12 / 28.09.2017
27821
2 daqiqa o‘qiladi

MXX valyutafurushlarga qarshi reydlarni davom ettirmoqda

Illyustrativ surat. Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari noqonuniy valyutafurushlar faoliyatini aniqlash va oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniya doirasida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu ishda ayniqsa, Milliy xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura tomonidan tashkil etilgan maxsus guruhlar faollik ko‘rsatmoqda.

Xususan, Xorazm viloyatidagi maxsus amaliyot vaqtida, 6100 AQSh dollarini 8200 so‘mlik kurs bo‘yicha 50 million so‘mga sotishga uringan Urganch shahrida istiqomat qiluvchi 41 yoshli Davron Ro‘zmetov jinoyat ustida qo‘lga olindi. Tintuv davomida uning yonidan yana 2300 dollar va 5 ming Rossiya rubli topilgan.

«Farg‘ona viloyatida tezkor xodimlar 7850 dollarni 64,6 mln. so‘mga sotish paytida Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi 26 yoshli Hamidjon Azimov, shuningdek, kelishuvda vositachi sifatida ishtirok etgan uning jiyani A.Nazirovni qo‘lga olishdi. H.Azimovga tegishli bo‘lgan «Damas» avtomashinasidagi tintuv davomida yana 1,1 mln. so‘m topildi», - deya xabar berdi Milliy xavfsizlik xizmati vakili.

Bundan tashqari, Milliy xavfsizlik xizmati va Departament maxsus guruhi Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi 31 yoshli Bobur Tojiboyevni mijozga 5 ming AQSh dollarini 8100 so‘mlik kursda 40,5 mln. so‘mga sotishga urinish chog‘ida jinoyat ustida qo‘lga oldi. Tekshirish mobaynida erkakning shaxsiy narsalaridan yana 330 dollar va 2,5 million so‘m topildi.

Yuqorida keltirilgan holatlar bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid