Fotolavha: Bekobod-Toshkent-Bekobod elektrpoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
2017 yil 3 oktabr nafaqat “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, balki O‘zbekistonning eng yangi tarixida yana bir sahifa bilan yodda qoladi. Gap shundaki, bugun Bekobod-Toshkent-Bekobod yo‘nalishi bo‘yicha zamonaviy elektropoyezd qatnovi qayta yo‘lga qo‘yildi.
Shu yilning 16 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bekobod shahriga tashrif buyurgan chog‘ida shaharliklarga yanada ko‘proq qulayliklar taqdim etish maqsadida taklif va tavsiyalarini bergan, shu jumladan Bekobod-Toshkent-Bekobod yo‘nalishi bo‘yicha elektrichkalar qatnovini qayta tiklash vazifasini qo‘ygan edi.
Bekobod shahri Toshkent viloyatining eng uzoq shaharlaridan biri hisoblanadi. Endilikda, tarkibida 6 ta zamonaviy, keng va shinam qilib ta'mirlangan, yumshoq o‘rindiqlar o‘rnatilgan vagondan iborat elektropoyezd shaharni O‘zbekiston poytaxti bilan bog‘laydi.
Qayd etish joizki, ushbu poyezd qatnovi vaqtlarini belgilashda bevosita xalq fikri o‘rganilib, belgilandi. Ertalab 6-35 da Bekobod shahridan yo‘lga chiqqan poyezd Xovos, Yangiyer va Guliston bekatlarida to‘xtab, 183 km masofani 2 soat-u, 45 daqiqada bosib o‘tib, 9-20 da Toshkent shahriga yetib keladi.
Havoni mo‘'tadillashtiruvchi maxsus uskunalar bilan jihozlangan vagonlar “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi” AJda tubdan rekonstruksiya qilindi. Ularning har biriga yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida maxsus kuzatuvchilar biriktiriladi.
Ta'kidlash o‘rinliki, aholiga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish maqsadida Bekobod shahri vokzali qisqa muddatda qayta kapital ta'mirlandi. Bu yerda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, xalqaro andozalarga to‘la javob beradigan servisni tashkil etiish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Vokzalda 150 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan kutish zali, ona va bola, tibbiyot xonalari mavjud bo‘lib, qulay o‘rindiqlar qo‘yilgan. Kutish zalida havo sovutgichlar o‘rnatildi va boshqa qulayliklar barpo etildi.
Bundan tashqari, 3 oktabrda shaharni ikki qismga bo‘lib turuvchi temir yo‘lni kesib o‘tuvchi yangi avtoo‘tkazgich ham ochildi. Bundan avval, shahar aholisi bir hududdan ikkinchisiga o‘tishi uchun 12 kmgacha (bir tomonga) masofani bosib o‘tishlari talab etilar edi. Bir necha 10 yillardan beri bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan yo‘lo‘tkazgich Prezidentning mahalliy oqsoqol faollardan birining taklifini qo‘llab-quvvatlagani va ko‘rsatma bergani evaziga barpo etildi va xalqning uzog‘i yaqin bo‘ldi.
Ma'lum qilinishicha, yaqin kunlarda mazkur elektropoyezd qatnovini kuniga 2 marta amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Hozircha, chipta narxi necha so‘mligi rasman e'lon qilinmagan bo‘lsa-da, ayrim ma'lumotlarga binoan u 7 ming 700 so‘mni tashkil etadi.
Mavzuga oid
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024