O‘zbekiston | 21:00 / 08.10.2017
49167
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: Shovot tumanida bozor manzaralari

Kuz-qish mavsumi yaqinlashib kelishi bilan avtomobil yo‘llarning ahvoli yomonlashib boraveradi. Ana shunday mazmundagi murojaatlarning soni Xorazm viloyati Shovot tumanidan ko‘plab yuborilmoqda. Tahririyatga yuborilgan bir nechta murojaatlarga asosan, Kun.uz muxbiri Shovot tumaniga yo‘l olib, vaziyatni o‘rgandi.

Urganch tumanidan o‘tib borar ekanmiz, xalq orasida «Pir bozor»​ nomi bilan mashhur «Shovot sharq bozori»​ MChJga qarashli savdo maydoniga ko‘z tushdi. Ushbu manzarada tasvirlangan obekt uzoq yillardan buyon xalqqa bozor vazifasini o‘tab kelmoqda. Ammo ahvol shu darajada achinarli darajaga yetib kelganki, yog‘ingarchilik boshlansa, sotuvchilar katta avtomobil yo‘li chetiga ham chiqib ketadi.

Oddiy sanitariya qoidalariga rioya qilinmay tayyorlangan taomlar bilan xizmat ko‘rsatish salbiy oqibatlarga olib kelishi barchaga ayon. Shunga qaramay, bu yerdagi vaziyatga ijobiy ta'sir ko‘rsatishning imkoniyati bo‘lmagan.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Shovot tumani hokimi birinchi o‘rinbosarining aytishicha, aynan «Pir bozor»​ni to‘liq rekonstruksiya qilish va ta'mirlash uchun smeta-loyiha hujjatlari tasdiqlangan.

«Joriy yilning avgust oyida mana shu xayrli ishga qo‘l urildi. Nasib qilsa, 2019 yil 1 yanvar kuniga qadar savdo kompleksini zamonaviy tarzda qurib bitkazishni rejalashtirmoqdamiz»​, deydi u.

Biz mutasaddi vakilning bergan ma'lumotidan qoniqish his qilib, o‘z yo‘limizda davom etarkanmiz, «Shovot dehqon bozori»​ va undan bir ko‘cha narida joylashgan «​Buyum bozori»​ga tashrif buyurdik. Hovlisi huvillab qolgan bozorga kirib kelishingiz bilan «yuzlab chuqurcha peyzaji»ga e'tibor qilishingiz aniq. ​Ochig‘ini aytganda, tumanda yirik 3ta bozorning xaridorgir bo‘lishi ko‘zga tashlanmay turgani muxbirni ajablantirgan bo‘lsa, bozor rahbarining so‘zlari tushunmovchilikka oydinlik kiritdi.

«Bizning tumanda bozorlar haftasiga bir marta faoliyat olib boradi. Masalan, «Pir bozor»​ chorshanba kuni, mening rahbarligim ostidagi «Shovot dehqon bozori»​ esa haftaning boshqa kunida aholiga xizmat ko‘rsatadi. Siz ko‘rib turgan kamchiliklarni inkor etishdan yiroqman, chunki bozordagi sharoitni yaxshilash uchun harakat qilyapmiz»​, deydi u.

Ma'lum bo‘lishicha, 2016 yilning yanvar oyidagi holatga ko‘ra, «Shovot dehqon bozori»​ MChJning faoliyatida yirik qarzdorlik mavjud bo‘lgan. Jamiyatning dastlabki 96 million so‘m atrofidagi kamomaddan shu kunlarda taxminan 3.7 million so‘m qolgan. Shuningdek, Kun.uz muxbiriga ma'lum bo‘lishicha, ushbu inshoot O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil imzolangan 2853-son qaroriga muvofiq 2017-2019 yillarda qayta ta'mirlanishi belgilangan savdo komplekslardan biri sifatida qayd etilgan. Demak, kelgusi ikki yil ichida Shovot tumanida o‘zgacha ko‘rinish va viqor bilan qad rostlagan savdo komplekslarining faoliyatiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Xorazm viloyatida yashovchi aholi uchun quvonarli xabarlardan biri, Shovot-Qo‘shko‘pir tumanlararo avtomobil yo‘lida joriy ta'mirlash ishlarini boshlash bo‘lishi tabiiy.

Shovot tuman hokimligining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, joriy yilning oktabr oyining o‘zida joriy ta'mirlash ishlari uchun bir milliard so‘m, umumiy hisobda ikki milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Ta'kidlash joizki, ushbu yo‘l orqali Xivaga borish imkoniyati mavjud va ayni paytda yo‘l juda achinarli holatga kelib qolgan.

Mavzuga oid