O‘zbekiston | 23:00 / 12.10.2017
110155
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent yuridik kollejidagi qonli janjal tafsilotlari. Bir necha kishiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: minjust.uz

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Toshkent yuridik kollejining sobiq direktori Natalya Temirova hamda kollejda ishlagan boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB tomonidan 12 oktabr kuni o‘tkazilgan brifing vaqtida Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i, adliya katta maslahatchisi B.A.Dehqonov ma'lum qildi.

Shahar prokuraturasi tomonidan Natalya Temirova hamda boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ayni vaqtda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Ma'lumot uchun, JK 167-moddaning 2-qismi «g» bandiga ko‘ra, aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish mansab mavqeini suiiste'mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa — ayblanuvchi eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorida jarima yoki 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

6 oktabr kuni mazkur kollej hududida 3-kurs talabalari o‘rtasida janjal chiqqan, Saidkamron Saidvohidov o‘zining ikki kollejdoshi — Asadbek Parpiboyev va Rahmatilla Yorqoriyevga pichoq bilan tan jarohati yetkazgandi. Jabrlanuvchilarning biri — Asadbek Parpiboyev shifoxonaga olib borilganida ko‘p qon yo‘qotishdan vafot etgandi.

Toshkent yuridik kollejida qotillik ro‘y berdi

7 oktabr kuni kollej direktori Natalya Temirova o‘z lavozimidan ozod etildi. 

Natalya Temirova direktor sifatida kadrlarni ishga qabul qilishda qarindosh-urug‘chilikka, xodimlarni ishga qabul qilishda ta'magirlikka yo‘l qo‘ygani, bitiruvchilarga diplom berishda qonunchilik talablari buzgani aniqlangan. Shuningdek, kollej mehnat jamoasi o‘rtasida guruhbozlik va nosog‘lom muhit yuzaga kelgan.

«U o‘z o‘g‘li Rustam Temirov va qizi Nodira Temirovani o‘qituvchilar guruhiga kiritgan, ammo ular hech qachon dars o‘tishmagan», deya Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning so‘zlarini keltirgan «Gazeta.uz». 

Toshxo‘jayevning aytishicha, Natalya Temirova o‘quv muassasalarida xavfsizlikni ta'minlash uchun o‘rnatilgan tartiblarni inkor etgan.

«Huquq-tartibot organlari, shahar hokimiyati va vazirlik tomonidan o‘rnatilgan qoidalarga bo‘ysunmagan, talablarni bajarmagan. U hamisha faqat Adliya vazirligiga bo‘ysunishini aytib kelgan», degan u.

IIBB Qoidabuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi katta inspektori Abdurashid Ochilovning xabar qilishicha, 12 sentabr kuni kollej rahbariyati tashrif buyuruvchilarni tekshirish uchun kelgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini kiritmagan. Kollejda metall detektorlaridan foydalanilmagan.

Abdurashid Ochilovning aytishicha, Fojia ro‘y berishidan 3 kun oldin, 3 oktabr kuni Toshkent shahridagi ta'lim muassasalarida o‘tkazilgan tadbirlar davomida 3ta pichoq, bitta bolta va bitta bita topilgan. Bu o‘quvchilarning ota-onalari ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

6 oktabr kuni kollejdoshlarini pichoqlagan Saidkamron Saidvaliyevga nisbatan JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ayni vaqtda tergov davom etmoqda, ekspertizalar o‘tkazilishi tayinlangan. Doniyor Toshxo‘jayev ekspertizalar yakuniga ko‘ra, ish sudga oshirilishini ma'lum qilgan.

Saidkamron Saidvaliyev tergov vaqtida ko‘rsatma berishicha, u oshxonada kursdoshiga plastik butilka uloqtirganida idish boshqa kursda o‘quvchi Rahmatilloga borib tekkach, janjal kelib chiqqan. Bir-birini haqoratlashib, ular ko‘chaga chiqishgan. Asadbek ham janjalga qo‘shilgan.

Gumonlanuvchining hikoya qilishicha, janjal vaqtida Rahmatillo uni onasidan so‘kkan,  Saidkamron uning bel qismiga pichoq urgan. Bu vaqtda Asadbek uni tepgan, u bunga javoban uning oyog‘iga pichoq bilan zarba bergan. Saidkamron voqea joyidan qochib ketgan va o‘sha kuni kechqurun qo‘lga olingan. 

Doniyor Toshxo‘jayevning ma'lumot berishicha, tibbiy xulosalar uning qonida alkogol yoki narkotik bo‘lganini ko‘rsatmadi.

Toshkent yuridik kollejida pichoqlashganlar avval jinoiy ishlar ishtirokchilari bo‘lishgan

Oktyabr oyi boshida markaziy televideniye orqali Toshkent yuridik kollejidagi ahvolga bag‘ishlangan ko‘rsatuv efirga uzatilgan, u jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan edi. Unda, xususan, kollej o‘quvchilarining tartibsizliklari va axloqsizliklari ham ko‘rsatilgan.

7 oktabr kuni kollejga avval Toshkent yuridik universitetida prorektor, keyinroq kafedra mudiri sifatida ishlagan Vosit Ergashev yangi direktor etib tayinlandi.

Mavzuga oid