Jamiyat | 19:10 / 13.11.2017
49919
15 daqiqa o‘qiladi

Bir kredit tarixi: qaror bor, garov bor - ijro yo‘q

Xalqimizda «sheriklik oshni it ichmas» degan maqol bor. Quyida sizga hikoya qilib bermoqchi bo‘layotgan voqeamizda ana shu maqolga hayotiy misolni ko‘rib, ota-bobolarimiz bejizga bu gapni aytib ketishmaganiga guvoh bo‘lasiz. Ushbu voqeani keng jamoatchilik e'tiboriga havola qilishdan maqsadimiz ham «hisobli do‘st ayrilmas», deganlaridek, oldi-berdi munosabatlarda keyinchalik tushunmovchilik kelib chiqmasligi uchun qanday yo‘l tutmaslik kerakligini mushtariylarimizga bildirib qo‘yish. Zero, har qanday odamning olasi ichida.

Tahririyatga shikoyat kelib tushdi

2017 yilning 15 sentabr kuni samarqandlik tadbirkor, Payariq tumani Chelak shaharchasida faoliyat ko‘rsatadigan «Tangem Abbos» xususiy korxonasi rahbari Achilov Nabining shaxsan o‘zi shikoyat xati va unga tegishli hujjatlarni KUN.UZ maxsus muxbirlari Sh.Shokirjonov va T.Rahmatovga topshirib, vaziyatni tushuntirib berdi.

Ayni paytda Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan JKning ma'lum bir moddasi sifatida ayblanuvchi, deb topilib, ehtiyot shart sifatida qamoqqa olinishi mumkinligidan qochib yurgan N.Achilov boshiga tushgan ko‘rguliklar haqida o‘shanda shunday hikoya qilib bergan edi:

— Men umumiy ovqatlanish korxonasi va savdo do‘koniga ega bo‘lgan «Tangem Abbos» korxonasini 2007 yili yanvar oyida ochib, o‘shandan beri yuritib kelayotgan edim. Oshxonamiz Chelak shaharchasida tillarga tushdi. Mijozlarimiz kundan kunga ko‘payayotgan edi. Turli sohada ishlovchilar kelib, oshxonamizda tamaddi qilib ketishardi.

Ana shunday kunlardan birida «Xalq banki»ning Payariq tuman bo‘limi xodimlari o‘zaro suhbat asnosida menga ishlab chiqarish uchun kredit ajratishda yordam qilishlari mumkinligini aytishdi. Men buncha kreditga garov mulkim yo‘qligini aytib, rad javobini berdim.

(Qayd etib o‘tish kerakki, o‘sha davrda Payariq tuman «Xalq banki» bo‘limi rahbarlari va xodimlari fuqarolarning omonat pullarini o‘zlashtirib yuborib, «dovrug‘» qozongan, jinoyat ishlari ochilgan — bu endi mutlaqo boshqa mavzu)

Men bilan aka-ukachilik qilib, oldi-berdi qilib yurgan inson — Mamasaid Igamov ham ushbu suhbatda bor edi. «Kreditni olish kerak, menda qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan dastgohlar bor, o‘shani kredit mablag‘lari hisobiga xarid qilib, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarib, Chelak shaharchasini ta'minlasa bo‘ladi», dedi. Bu payt 2013 yilning oktabr-noyabr oylari edi.

«Menda buning uchun sex ham, kredit garovi uchun mulk ham yo‘q-ku, — dedim. — Boz ustiga, savdo do‘konim faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun «Savdogarbank»dan biroz kredit olganman, hisob raqamim ham o‘sha bankda».

«Savdogarbank»dan olingan kreditni muddatidan avval yopib, hisob raqamini «Xalq banki»ning Payariq tuman bo‘limiga o‘tkazasan. Tsex uchun joyni o‘zim beraman. Men o‘zim minib yurgan «Spark» avtomobili va Samarqand shahrida joylashgan, firmam nomidagi 3 xonali kvartirani ham garov sifatida tikaman. Tsexni ishga tushirib, kreditni sekin-asta yopib berasan. Sen hech narsa yo‘qotmaysan, chunki garov uchun men o‘z mulkimni tikayapman, bu senga kafolat bo‘ladi», — dedi M.Igamov.

Xullas, «Savdogarbank»dagi kreditimni zudlik bilan so‘ndirib, hisob raqamimni «Xalq banki»ga o‘tkazdim va 2014 yil aprel oyida 3 yilga 200 mln. so‘mlik kredit rasmiylashtirdim. Uning 170 million so‘mi M.Irgashevning «Sam Universal teks» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga dastgoh sotib olish uchun 3 yilga, 30 millioni xomashyo xarid qilish uchun 1 yilga ajratildi.

Biz M.Igamovga tegishli sexda dastgohlarni ishga tushirib, ishni boshladik. Bank bu orada 171,5 million kredit hisobidan «Sam Universal Teks» MChJga 95 million dastlabki transhni o‘tkazdi. Pul tushishi hamono M.Igamovning menga munosabati o‘zgardi. Dastgohlar ham o‘z-o‘zidan ishdan chiqa boshladi. Ishni to‘xtatdik. Bizni sexdan haydab chiqarishdi... 75 million kredit hali bankda edi. Unga foiz va asosiy qarzni grafik bo‘yicha to‘lab turuvdim. Agar bu pullarni M.Igamovning firmasiga ham o‘tkazib bersam, juda yanada kattaroq summaga tushishim mumkinligini anglab yetdim. Ishlar bunday tus olgach, kredit mablag‘i bekorga band bo‘lmasin deb, savdo do‘konimga mahsulot olish uchun o‘tkazib yubordim.

Menga 2017 yil 7 mart kuni tuzilgan 7/03-sonli shartnomaga ko‘ra «Sam Universal Teks» MChJ o‘tkazilgan 95 million mablag‘ hisobidan dastgoh ham bermadi, biror hujjat ham taqdim etmadi, pullarimni ham qaytarib bermadi. Men kreditning o‘zimga tegishli qismini so‘ndirdim. Korxonam shu kreditning orqasidan kasodga uchradi. Guldek ishlab turgan oshxonam ham, do‘konim ham yopilib ketdi. Bir necha oila shu korxonlarim orqasidan ro‘zg‘or tebratib turishgan edi.

Hozir Mamasaid Igamov o‘sha 95 millionni (penyalari bilan) qaytarib bersa, davlat banki oldidagi qarzimiz uziladi. Men bankka kredit mablag‘larining bu qismini qaytarishga qurbim yetmasligini, kreditni undirish uchun garovdagi mulklarga qaratishni so‘rab xat yozdim. Bank fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudida da'vogar sifatida ariza bergan, sud 2015 yildayoq kreditni undirish uchun M.Igamovga tegishli «Spark» avtomashinasi va noturar-joy binosini xatlovga olish haqida hal qiluv qarori chiqargan. 2017 yil may oyida bu borada yana qaror chiqdi.

Biroq garovdagi mulk undirilishi mumkin bo‘lgani holda, viloyat prokuraturasi meni 200 million kredit mablag‘ini maqsadsiz ishlatganlikda ayblab, tergov qilmoqda. Lekin men o‘zim ishlatgan pulni qaytardim. (N.Achilovning advokati I.Hamidovning aytishicha, ushbu summadagi pul prokuraturaning depozitida turibdi). Ikki yildan buyon bank va avval sud ijrochilari departamenti, endilikda tuman majburiy ijro byurosi 2015 yilda chiqarilgan sudning hal qiluv qaroriga nopisand munosabatda bo‘lib, garov mulkini auksion orqali sottirib, menga tegishli kreditni yoptirishni paysalga solmoqda (15 sentabrdagi ma'lumot ekanligini yodda tuting).

M.Igamov bilan ushbu kredit mashmashalaridan boshqa turli oldi-berdilarimiz ham bor edi. O‘shalarni ro‘kach qilib, ovozimni telefonga yozib olib, ustimdan prokuraturaga ariza tashlagan.

Endi voqea yuzasidan Mamasaid Igamovning so‘zlariga quloq tuting:

— Darhaqiqat, N.Achilov bilan avvaldan tanishmiz, bir-birimiz bilan turli masalalarda oldi-berdi qilib, hamkorlik qilib kelganmiz. Xitoydan turli qandolat mahsulotlari ishlab chiqaradigan dastgohlar olib kelganimni eshitib, N.Achilov ulardan ayrimlarini kredit evaziga xarid qilishini aytib, bu masalada yordam so‘rab murojaat qildi.

Men rozi bo‘ldim. Ishlatish uchun joyim yo‘q, deb yordam so‘ragan edi, sex uchun unga joy berdim. Na ijara puli, na elektr energiyasi va gaz uchun to‘lov qildi. Barcha sharoitni muhayyo qilib berdim. Dastgohning pulini so‘rayverganimdan so‘ng kredit olish uchun garovga mol-mulkim yo‘q degan edi, Samarqand shahridagi turar joyimning hujjatlarini berdim. Turar joyni garovga qo‘yib bo‘lmaydi, shuning uchun uyni noturar joy sifatida hujjat tayyorlab, uni garovga qo‘yibdi. Baholatishda uyning summasi yetmagan ekan, qo‘shimchasiga men o‘zim haydab yurgan «Spark» avtomashinamni ham garovga tikdik.

N.Achilov sexning ochilish marosimini o‘tkazib, nuroniy va mahalla ahlini taklif etib, ishga tushirdi. Tsexni 4 oy ishlatib, tuzilgan 171,5 million so‘mlik shartnoma asosida 95 million hisob raqamimga ikki bo‘lib (30+65 mln.) ko‘chirib berishdi. Qolgan summa qachon ko‘chadi, desam, «bank menga 200 million emas, 130 million kredit berdi», deb meni 6 oy davomida aldadi. Surishtirib bilsam, 200 million so‘m kredit ajratilgan va 75 million so‘m mablag‘ menga ko‘chirib berilmasdan, maqsadsiz foydalanilgan.

Men o‘zimga ko‘chirilgan kredit summasini yopish uchun boshqa firmalarimdan «Tangem Abbos» xususiy korxonasiga moddiy yordam sifatida, shuningdek, o‘sha payt hisob raqam yopiq bo‘lganligi sababli N.Achilov nomiga ochilgan omonat hisob raqamiga naqd pul qo‘ydim. (Ya'ni, kredit mablag‘i bo‘yicha qarzdor «Sam Universal Teks» MChJdan bank hisob raqami orqali «Tengem Abbos» XKga bir tiyin ham o‘tkazib berilmagan). N.Achilovga bergan jami pullarim miqdori 105 milliondan oshiq edi. Maqsad — kreditdan tezroq qutilib, mening garovdagi mulklarimni ozod qilish edi.

Mening garovda mulkim turgani sababli, 2017 yilning yanvar oyida ushbu kreditni yopish borasidagi oldi-berdilarimiz haqidagi o‘zaro suhbatimizni yozib olganimni dalil qilib, prokuraturaga murojaat qildim.

Sud majlisi

2017 yil 25 avgust kuni Samarqand shahar iqtisodiyot sudiga da'vogar «Tengem Abbos» xususiy korxonasi ishonchli vakil, advokat I.Hamidov siymosida javobgar «Sam Universal Teks» MChJdan 95 million kredit mablag‘i hisoblangan bank foizlari va penyalari bilan qaytarishni talab qilib bergan arizasi ko‘rib chiqilib, mavjud hujjatlar o‘rganilgan holda, qanoatlantirilgan.

26 oktabr kuni «Sam Universal Teks» MChJ Samarqand shahar iqtisodiyot sudiga kassatsiya tarzida murojaat qilib, birinchi instansiya sud majlisidan bexabar qolgani, sud uning ishtirokisiz o‘tganini ro‘kach qilib, sud materiali bilan tanishish va kerakli hujjatlarni taqdim qilishini so‘rab, sud majlisi keyinchalik muddatga belgilashni iltimos qildi.

Javobgarning iltimosi qondirildi. Biroq, 2 noyabr kuni berilgan keyingi majlisda ham A.Igamov aynan ushbu kredit mablag‘ini qaytarganligi yuzasidan biror-bir jo‘yali hujjatlar taqdim eta olmadi.

Sud 25 avgust kungi hal qiluv qarorini o‘z kuchida qoldirdi. Unga ko‘ra «Sam Universal Teks» MChJ «Tangem Abbos» xususiy korxonasiga o‘tkazib berilgan 95 million mablag‘, shuningdek, bank foizi va penyalarni qaytaradigan bo‘ldi.
 

Garovdagi mol-mulklar-chi?

Ayni paytdagi vaziyatning lo‘nda ifodasi mana shular. Muxtasar qilib yakunlaydigan bo‘lsak, kimni kim aldayotgani, aslida kim kuyib qolayotgani ma'lum emas.

Mamasaid Igamovdan so‘raymiz:

«Nega o‘z mulkingizni sotish uchun boshqa birovning korxonasi olgan kreditga boshqa bir mulklaringizni garov sifatida berishga rozi bo‘ldingiz?»

«Aka-uka edik, avvaldan oldi-berdi qilib yurardik. Avval ham bir necha marta pul berganman, ishonchimdan chiqqan. Ishondim-da», deydi u.

Nabi Achilovga savol beramiz:

«O‘z mulkini garovga qo‘yib, sizga kredit oldirib, u pulni qaytarmaslikdan Mamasaid akaning murodi ne bo‘lgan?»

«Maqsad — meni qamatish tahdidi bilan qo‘rqitib, 170 million pulni yeb yuborish va tanish-bilishlarini o‘rtaga solib, mol-mulkimni, kerak bo‘lsa uy-joyimni sottirib, bank kreditini to‘lattirish bo‘lgan», — deydi N.Achilov.

Shunisi e'tiborliki, 2015 yildayoq N.Achilov ortiq kredit to‘lay olmasligi, korxonasi bankrot bo‘lganligi sababli, kredit undiruvini garovdagi mol-mulkka qaratish haqida bankka ariza bergan. Bank sudga bergan. 2015 yil 26 noyabrda FIB Ishtixon tuman sudi bu haqda hal qiluv qarori chiqargan va sud qarori 2015 yil 17 dekabrda qonuniy kuchga kirgan. 2017 yil 5 may sanasida yana bir karra bu haqda qaror chiqargan.

«Xalq banki» Payariq tuman filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari Erkin Abdurashidov bilan KUN.UZ maxsus muxbirlari — X.Daliyev, T.Rahmatov va Sh.Shokirjonov gaplashganimizda, ayni paytda bo‘limda undirilmay osilib yotgan eng mojaroli kredit mana shu bo‘lib turgani, shu kredit undirilsa bo‘lim foydaga chiqishi, xodimlar uzoq tashvishlardan so‘ng mukofot puli olishlari haqida gapirib o‘tdi.

Bank sud qarori asosida garovdagi mollarni onlayn auksionga qo‘yib, pulni undirishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab Majburiy ijro byurosi Payariq tuman bo‘limi va Samarqand viloyat boshqarmasiga ham xat yo‘llagan. Olgan ma'lumotlarimizga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi hozircha faqat «Spark» avtomashinasini jarima maydonchasiga qo‘ygan.

Vaziyat shundayki, agar Samarqand shahar iqtisodiyot sudining qaroriga ko‘ra M.Igamovga tegishli «Sam Universal Teks» MChJdan 95 million undiriladigan bo‘lsa va kredit yopilsagina yana M.Igamovga tegishli turar-joy va «Spark» avtomashinasi taqiqdan chiqadi. Yo‘qsa M.Igamov kvartirasi va mashinasi bilan xayrlashishga majbur. Qonunlarimiz shuni taqozo etadi. Yana bir — N.Achilovga real tahdid solib turgan variantda u davlat mablag‘larini talon-taroj etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi.

«Birovga qarz berganda yozib qo‘y», deyishadi. Uni so‘rash ham adabdan. Birovning haqini yeb ketish esa katta gunoh. Chunki birovning haqi, albatta, teshib chiqadi. Biz ushbu vaziyatni batafsil yoritar ekanmiz, aynan mana shu odam yolg‘onchi, deya olmaymiz. Har tomonning o‘z haqiqati bor. Tomonlar murosa yo‘lini tanlab, kreditni so‘ndirishlari o‘zlarini esa tashvishdan xalos etishlari kerak, tamom.

 

Shuhrat Shokirjonov

Kun.uz maxsus muxbiri

Mavzuga oid