Niderlandiyalik rassomning kartinasi AQShdagi auksionda 81,3 mln dollarga sotildi
Niderlandiyalik mashhur rassom Vinsent Van Gogning (1853-1890) "Shudgorlangan yer va shudgorchi" (Laboureur dans un champ, 1889) nomli kartinasi 13 noyabr kuni Nyu Yorkda bo‘lib o‘tgan kim oshdi savdosida 81,3 mln dollarga sotildi. Bu haqda savdolarni uyushtirgan Christie's kim oshdi savdo uyi vakillariga asoslangan holda TASS xabar qilmoqda.
Uning savdoga qo‘yilgan qiymati 50 mln dollardan ortiqroqqa baholangan edi. Van Gog ushbu rasmda umrining oxirlarida Fransiyadagi shifoxonadagi derazadan guvoh bo‘lgan voqelikni tasvirlagan. Surat zamondosh rassomlar va impressionistlarning xususiy to‘plamda saqlanib kelayotgan kartinalari orasida eng qimmatlisi deb baholanar edi. Kim oshdi savdo jonli efirda Christie's saytida uzatilgan.
Umuman, amerikalik filantrop va metsenat Perri Bass hamda uning rafiqasi Nensi Liga tegishli to‘plamda 60 dan ortiq kartina bor edi. Savdolar yakunida tushgan pul miqdor 479 mln dollarni tashkil etdi.