G‘oibnazarov boks va hayotdagi qiyinchiliklar, finalga jarohat bilan chiqqani va boshqalar haqida
Fazliddin G‘oibnazarov haqida gap ketganda, birinchi navbatda, ko‘z oldingizga Rio olimpiadasi shohsupasida yig‘lab madhiya kuylayotgan qahramon keladi. Qisqa muddatda millat qahramoni darajasiga chiqa olgan sportchilarimizdan biri sanalgan «Fayzi» yaqinda KUN.UZ mehmoni bo‘ldi. Hozirda professional boksda faoliyatini olib borayotgan G‘oibnazarov bilan sport, faoliyati va boshqa ko‘p narsalar haqida suhbatlashdik.
— Boksgacha bosib o‘tgan yo‘ldan boshlaylik. Umuman, sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlarning ko‘pchiligi katta sportga kirib kelgunicha turli qiyinchiliklarga chiday olmasdan sportni tashlab yuboradi va ko‘plab iste'dodlarni biz yarim yo‘lda boy beramiz. Bu hamma sport turlarida kuzatiladigan holat. Fazliddin G‘oyibnazarov ham bugungi darajaga yetib kelguniga qadar katta qiyinchiliklarga duch kelgani tabiiy. Shu haqida to‘xtalib o‘tsangiz. Balki bizni ko‘rib turgan yosh avlodga bu o‘rnak bo‘lar.
— Boksga kirib kelishimga Doston ismli sinfdoshim sababchi bo‘lgan. 2001 yilda u bilan birinchi marta boks to‘garagiga borgandik. O‘zi meni erkin kurashga bo‘lgan qiziqishim juda yuqori edi. Ammo erkin kurash bilan shug‘ullanish uchun to‘garak tushlikdan keyin edi. Bu paytda men maktabga borishim kerak bo‘lardi va hech qanaqasiga to‘garakka vaqt ajrata olmasdim. Shunda Doston sinfdoshim ertalab bo‘ladigan boks to‘garagiga birga qatnashishni taklif qildi. Uning taklifiga rozi bo‘lib bordim. Bu davrda juda ko‘plab bolalar bilan birga shug‘ullandik. Ularning ko‘pchiligi siz aytganingizdek yarim yilda sportni tashlab ketdi. Kimlardir oxirigacha davom ettirib, yaxshi natijalarga erishdi. Kimdir yutqazganidan keyin, kimdir g‘irromlik bilan hakamlar raqibga yon bosganidan so‘ng sportdan ko‘ngli sovib ketdi. Lekin menda bunaqa holat bo‘lmagan. Xudo xohlasa, bundan keyin ham bo‘lmaydi. Yutqazsam, ichimdan alam o‘tardi. Agar yaxshiroq tayyorgarlik qilsam, yutardimku, deb o‘ylardim. Umuman, mag‘lubiyatdan o‘zim uchun to‘g‘ri xulosa chiqarardim.
— Terma jamoaga kirib kelishingiz haqida gapirib bering?
— Birinchi marta o‘smirlar, keyin yoshlar o‘rtasidagi terma jamoalar bilan shug‘ullanib yurganimizda, bizni kattalar terma jamoasi bilan birga shug‘ullanishga chaqirishdi. 2008 yilda hali o‘smirlar terma jamoasi a'zosi bo‘lganimdayoq kattalar terma jamoasi bilan shug‘ullanganman. Rasman birinchi marta asosiy terma jamoa safiga 2009 yil kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida g‘alaba qozonganimdan so‘ng qabul qilinganman.
—O‘tgan yilgi olimpiadaga borgan sportchilar ichida eng tajribalilardan biri edingiz. London olimpiadasida ham ishtirok etgandingiz va bu sizning ikkinchi olimpiadangiz edi. Umuman, mana shu ikkita olimpiada oralig‘ida nimalar o‘zgardi. 21 yoshli G‘oibnazarov bilan 25 yoshli G‘oibnazarov o‘rtasida qanday o‘zgarish bo‘lgandi?
— 4 yil juda katta muddat. Bu muddatda hayotimda juda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu o‘rtada hattoki boksni tashlab qo‘yishimga ham to‘g‘ri keldi. Boksdan biroz uzoqlashib, keyin yana qaytib terma jamoa tarkibidagi joyimni qaytarib oldim. To‘rt yil davomida nafaqat sportda, hayotimda ham katta yangiliklar bo‘ldi. Bu orqali tajriba orttirdim.
Albatta, bu voqealarni aytib berish uchun juda ko‘p vaqt talab qiladi. Lekin men o‘zimga kerakli xulosalarni qilib oldim. Hech qachon shoshib qaror chiqarmaslik kerak ekan. Hali yoshman, katta qiyinchiliklar, hayotning past-u balandi hali oldimda, deb o‘ylayman. Shu ma'noda bu davrni juda katta qiyinchiliklar davri deb ham bo‘lmas. Yosh bo‘lishimga qaramasdan, terma jamoaning tajribali a'zosi edim. Olimpiada, jahon va Osiyo chempionatlarida ishtirok etgan terma jamoa a'zosi edim. Ammo 2014 yilda kutilmaganda o‘ng qo‘lim chiqib ketishi natijasida jiddiy jarohat oldim. Hech narsa qila olmay qolarkansiz. Boksdan yiroqlashib ketishga to‘g‘ri kelardi. Mustaqil mashg‘ulotlar qilardim, lekin buni yetarli, deb bo‘lmasdi. Shunda hayotning hamma sinovlariga tayyor turish kerakligini tushunganman. Ba'zi odamlarga ishongandim. Ammo ular kerak paytda yo‘qolib qolishgandi. Butun fikri xayolim boksda bo‘lardi va birdaniga hammasi yo‘qoldi. Shundan keyin o‘zimcha o‘ylab, har bir odam oilasiga, ota-onasiga suyanib, qiyinchiliklarni yengib o‘tishi lozim ekan.
Londondagi musobaqaga keladigan bo‘lsak, u yerda tajribali bokschilarimiz Abbos Atoyev, Elshod Rasulovlar Olimpiadaning bosimi yuqori bo‘lishini, faqat taktik va jismoniy tayyorgarlik bilan natijaga erishib bo‘lmasligini aytishgandi. Ruhiy tayyorgarlik bilan olimpiadaga borish muhimligini tushuntirishgan. Ammo biz yosh, kuchga to‘lgan vaqtimiz edi. Jismonan baquvvat bo‘lib, yaxshi sport formasida bo‘lsak, istalgan raqibni yutamiz, deb ishonib borganmiz. O‘zimizga ishonch yuqori edi. Ammo u yerga borgandan keyin esa butunlay boshqacha vaziyat ekanini tushundik. Bu men uchun katta tajriba bo‘ldi. 2016 yilgi Olimpiadaga esa tayyorgarlik mutlaqo boshqacha bo‘ldi. Jamoaviy hamjihatlik kuchli edi. Eng asosiysi hech qanday ruhiy bosim bo‘lgani yo‘q.
— Rio Olimpiadasi finalini yodga olaylik. Eshitishimizga qaraganda o‘shanda barmog‘ingiz yoki qo‘lingiz singan bo‘lgan ekan. Shunga qaramasdan ringga ko‘tarilgan ekansiz. Bu qanchalik rost? Umuman, o‘shandagi holatni bir xotirlab ko‘raylik.
—Hozir buni aytib bersam ko‘pchilikka ertak tuyulishi mumkin, ammo o‘sha vaqtda terma jamoa a'zolarining birortasi soppa-sog‘ emasdi. Bektemirni beli og‘rirdi. Shahramni boshqa yog‘i. Asosan, qo‘lda jarohatlar bo‘lardi. Masalan, men ham chap qo‘limni Olimpiada oldidan operatsiya qildirgandim. Bahodir Jalolovda ham shunaqa bo‘lgandi. Hattoki qo‘lim musht bo‘lmasdi. Hozirgacha yaxshi musht qila olmayman. O‘ng qo‘lim esa to‘liq ochilmasdi. Aynan shu sabab 2014 yilda boksni tashab uzoq vaqt ringga chiqmagandim. Shunga qaramasdan, muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlashlari va duolari sabab yaxshi natijaga erisha oldik.
— Havaskor boks bilan professional boks o‘rtasidagi farq qanday? Bu faqat mashg‘ulotlarda ko‘rinadimi? Umuman, havaskorlikdan profiga o‘tishdagi eng katta qiyinchilik nima ekan?
— Hali professional boksga o‘tganimga ko‘p bo‘lmadi. Lekin bir narsani bildimki, havaskor boksda to‘plangan tajriba qo‘l kelarkan. Mashg‘ulotlarda ham deyarli farq yo‘q. Faqat bu yerda hayron qoldirgani hamma o‘zi uchun shug‘ullanadi. Professional sportchi o‘zi harakat qiladi. Men murabbiyim Abror Tursunpo‘latovni ham olib borgandim. Hozirgacha birga ishlab kelmoqdamiz. Vaqti kelsa, professional boks murabbiylaridan tavsiya olib turibmiz. Professional boks bu uch yoki besh raund emas. 8-10-12 raund. Bunga tayyor bo‘lish kerak. Asta-sekin moslashib bormoqdamiz.
—Tor Rank varianti qanday paydo bo‘ldi? Nega aynan shu promouterlik kompaniyasi bilan ish olib borayapsiz. Olimpiadadan keyin boshqa takliflar ham bo‘lganmidi?
— Albatta, takliflar bo‘lgandi. Ammo Tor Rank nom jihatdan ham, safidagi mashhur bokschilari bo‘lgani uchun ham murabbiy va yaqinlarimiz bilan kelishib, shu yerda shug‘ullanishga qaror qildik.
— Butunlay yangicha muhit, yangicha hayot, begona yurtda qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?
— Albatta, qiyinchiliklar ham bo‘ldi. Bu qiyinchiliklardan o‘tdik, deb o‘ylayman. Ammo bir narsani unutmasligim kerak-ki, men u yerga dam olgani yoki o‘yin kulgi qilib, shaxsiy ishim bilan borganim yo‘q. U yerga oldimga aniq maqsad qo‘ygan holda borgandim. Vatanim sha'ni, oilam uchun kelganman. Farzandlarim hozir eng shirin vaqti. Ularni sog‘inaman, ammo meni nima maqsadda kelganim tinchlantirardi.
— So‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonlik ko‘plab havaskor bokschilarning professional faoliyatini boshlayotgani haqida eshitmoqdamiz. Murodjon Ahmadaliyev, Shahram G‘iyosov va yana bir qator bokschilar. Ularning ham Amerikaga yo‘l olganidan xabarimiz bor. Bu bokschilar ham Tor Rank promouterligi ostida ringga chiqadimi?
— Hozir ularning ikkalasi ham AQShga jo‘nab ketishgan. Lekin ular hali hech qaysi biri shartnoma imzolagani yo‘q. Muzokaralar davom etmoqda. Professional shartnoma imzolangach, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar berishsa kerak. Ularda ham takliflar ko‘p. Shuning uchun har bir taklifni ko‘rib chiqishmoqda.
— Umuman, yana qaysi bokschilarimizni professional boksga o‘tish vaqti keldi deb hisoblaysiz? Umuman, nega so‘nggi vaqtlarda bizda bokschilar havaskor ringda keraklicha natijalarga erishgan bo‘lsada, professional boksga o‘tishga shoshilmay qo‘yishgan. Masalan, Hasanboy Do‘smatov olimpiya chempioni bo‘lgach, ko‘pchilik uni profiga o‘tadi, deb kutgandi. Ammo u hamon havaskor boksda yuribdi.
— Yo‘q, buni odamning o‘zi hal qilishi kerak. Masalan, menga qolsa, o‘zim kelgusi olimpiadada ham ishtirok etgan bo‘lardim. Bunga kuchim yetadi, deb o‘ylayman. Hasanboy bilan ham boshqa terma jamoa yigitlari bilan ham gaplashib turaman. Kimdir profiga o‘tyapti, kimdir qolmoqchi. Hasanboy Do‘smatov bilan ham gaplashganimizda u kelgusi olimpiadada ishtirok etmoqchi ekanini aytdi. Buni juda yaxshi qaror, deb hisoblayman. Hali u yosh, keyingi olimpiadada ham oltin medal olib kela olishi mumkin, deb o‘ylayman. Masalan, Bektemir Meliqo‘ziyevga ham juda yaxshi taklif chiqqandi. Amerikadagi promouterlardan. Ular bizga gaplashib berishimizni so‘radi. Shunda Bektemirga bor gapni aytdim. Ammo u hali Tokio olimpiadasida ishtirok etish niyati borligini aytdi. Umuman, boshqa sportchilarda ham imkoniyat bor. Ularning o‘zini shaxsiy murabbiylari bor. Ko‘pincha, aynan shular bilan maslahatlashgan holda ish ko‘rishadi.
— To‘rtinchi jangingizni 9 dekabr kuni o‘tkazishingiz lozim edi. Uch marta bekor bo‘ldi. Keyin amerikalik Ortiz bilan jang o‘tkazilishi aytilgandi. Ammo u ham o‘tkazilmadi. Qandaydir muammo paydo bo‘ldimi?
— Mashg‘ulotlar yaxshi kechayotgandi. Jangga ikki hafta qolganda o‘ng qo‘limdan jarohat oldim. 2014 yilda qo‘lim chiqib ketgandi. O‘sha jarohat yana qaytalab qo‘lim og‘rib qoldi. Menga qolsa, bir qo‘limda bo‘lsa ham jang qilmoqchi edim. Albatta, hozir bir qo‘lim bilan deganimda ham, jang bo‘lsa baribir og‘irayotgan qo‘limni ham ishlatgan bo‘lardim. Ammo menejyerlar yaxshisi to‘liq sog‘ayib olishimni, ularga mening sog‘lig‘im kerakligini aytishdi. Shu sabab bilan jang bizning tomon talabi bilan bekor bo‘ldi.
2018 yilning yanvaridan yana mashg‘ulotlarga qaytaman. Mart oyining o‘rtalarida jangga tushmoqchiman. Hozircha jang qilish uchun ikkita aniq variant chiqib turibdi. Jang yo Dubayda bo‘ladi yoki Nyu-Yorkda. Raqibga keladigan bo‘lsak, o‘sha Stiven Ortiz variantida to‘xtab turibmiz. Agar u oldinroq jang o‘tkazib qo‘ysa, balki boshqa raqib bo‘lishi ham mumkin.
Intervyuning to‘liq ko‘rinishini Youtube‘dagi sahifamiz orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Azamat Murodov suhbatlashdi
Mavzuga oid
11:03 / 16.11.2024
Boks. Afsonaviy Mayk Tayson bloger Jyeyk Polga mag‘lub bo‘ldi
17:23 / 04.11.2024
O‘zbekiston – World Boxing tashkiloti a’zosiga aylandi
09:34 / 03.11.2024
Bektemir Meliqo‘ziyev og‘ir kechgan jangda ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozondi
10:17 / 09.10.2024