O‘zbekiston | 16:20 / 26.12.2017
8822
4 daqiqa o‘qiladi

"Rossiyada ish" portalida "Agentlik shaxsiy kabineti"ning quyi tizimi rasman ochildi

26 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi "Rossiyada ish" ("Rabota v Rossii") portalida "Agentlik shaxsiy kabineti" quyi tizimining rasmiy ochilish marosimiga bag‘ishlangan matbuot anjumanini o‘tkazdi. Unda RFning Mehnat va bandlik federal xizmati rahbari o‘rinbosari Mixail Yurevich Ivankov, "Rostrud" vakillari va Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlari ishtirok etishdi. 

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 5 aprelda Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi davomida imzolangan RF hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi  fuqarolarini tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilish to‘g‘risidagi bitim shu yilning 21 dekabridan kuchga kirdi. Ushbu bitim ishchi  kuchi migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish va kelgusida shu sohada huquqiy nazoratni yanada takomillashtirish, shuningdek RF hududida vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan migrantlarning huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish zaruratidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan. 

Joriy yilning 2 noyabrida Rossiya Federatsiyasi hukumat raisi D.M.Medvedevning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Agentlik hamda Mehnat va bandlik federal xizmati ("Rostrud") o‘rtasida axborot almashish to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Unga muvofiq, "Rossiyada ish" ("Rabota v Rossii") portalida "Agentlik shaxsiy kabineti" quyi tizimini ishlab chiqish va ishga tushirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. 

Tadbirda ma'lum qilinishicha, shaxsiy kabinetning quyi tizimida rossiyalik ish beruvchilar, bo‘sh ish o‘rinlari, nomzodga qo‘yiladigan talablar, ish haqi kabi qator ma'lumotlar o‘rin olgan. Bundan tashqari, ishchi o‘rinlar soni, imtiyoz va bonuslar, ijtimoiy paket va boshqa ma'lumotlar batafsil taqdim etiladi. 

Mehnat migrantlariga qulaylik yaratish maqsadida portalda ijtimoiy xarita berilgan bo‘lib, unda tanlangan ish joyi atrofidagi infratuzilmalar haqida ma'lumot olish mumkin. Deylik, Rossiyaga oila a'zolaringiz bilan birga ketgansiz, farzandingizni bog‘cha yoki maktabga joylash uchun ish joyingiz yaqinidagi bog‘cha va maktablar haqida ma'lumot olishingiz mumkin. 

Shu bilan birga, "Rostrud"ga murojaatlarni yo‘llash, ma'lumot almashish imkoni mavjud. Ta'kidlash joizki, ish beruvchi va mehnat migranti o‘rtasidagi shartnoma RFga jo‘nab ketishdan avval elektron imzo orqali tuziladi. 

Tadbir yakunida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari X.Asomov ikki tomonlama uchrashuvlarni yilda bir marta emas, ikki marta yoki har chorakda o‘tkazish taklifini berdi va bu Rossiya vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid