Jahon | 18:40 / 05.01.2018
6754
2 daqiqa o‘qiladi

Kipr sudi ukrainalik milliarderning 820 mln dollarlik aktivlarini muzlatib qo‘ydi 

Foto: RIA Novosti / Sergey Starostenko

Kipr sudi ukrainalik milliarder Rinat Axmetovning 820 mln dollarlik aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda Financial Times nashri xabar bermoqda. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, bu qaror 27 dekabrda Ukrainada fiksirlangan aloqa sohasidagi eng yirik kompaniyalar guruhi – “Ukrtelekom” kompaniyasi atrofidagi yuridik bahsni ko‘rib chiqish vaqtida qabul qilingan. Ushbu kompaniya Axmetovga Raga firmasi tomondan 2013 yilda sotilgan. Raga vakillari bitim qiymati 860 mln dollarni tashkil qilgani, biroq Axmetov bu summadan bor-yo‘g‘i 100 mln dollarni to‘lab berganini ta'kidlamoqdalar.

Axmetovning muzlatilgan aktivlari orasida uning Londondagi kvartirasi ham bor. Bu kvartira Axmetov tomondan sotib olingan vaqtda Buyuk Britaniya ko‘chmas mulk bozorida eng qimmati bo‘lgan. Sud qaroriga ko‘ra, Axmetov o‘z mulkidan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishi mumkin, biroq 820,5 mln dollarlik aktivni daxlsiz qoldirishi va Raga’ni o‘z mulki bo‘yicha tuziladigan bitimlardan xabardor qilishi lozim.

Axmetov sudning bu qarori bo‘yicha 8 yanvargacha shikoyat arizasi berishi mumkin.

Londondagi xalqaro hakamlik sudi ham 2017 yil yozida ushbu ish bo‘yicha Raga foydasiga qaror chiqargan.

Forbes jurnaliga ko‘ra, Axmetovning boyligi 4,6 mlrd dollarni tashkil qiladi. U Ukrainaning eng boy odami hisoblanadi va dunyo milliarderlari reytingida 359-o‘rinni egallamoqda. 

Mavzuga oid