Jahon | 13:59 / 16.01.2018
6703
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada Osventsimning 96 yoshli hisobchisi afv etishlarini so‘radi

Foto: AFP

96 yoshli sobiq es-eschi, «Aushvits buxgalteri» sifatida mashhur Oskar Gryoning nemis prokuraturasiga afv etish uchun iltimosnoma yuborgan, deb yozadi NDR telekanali.

«Biz afv etish haqidagi tegishli iltimosnomani ko‘rib chiqmoqdamiz», — degan Lyuneberg prokuraturasi vakili.

Dekabr oyining oxirida GFR konstitutsion sudi qamoqqa olish ko‘rinishidagi jazoni kechiktirish yuzasidan Gryoning tomonidan berilgan shikoyatni ko‘rib chiqishni rad etgan edi.

2015 yil iyulida Gryoning Ikkinchi jahon urushi davrida Aushvits (Osventsim) konsentratsion o‘lim lagerida 300 ming kishining o‘ldirilishiga aloqadorlikda ayblanib, to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Gryoning advokatlari hukm ustidan shikoyat qilishga urinishgan. Avgust oyida Hannover prokuraturasi uni qamoq jazosini o‘tash uchun yetarli tarzda sog‘lom deb topgan. Noyabr oyi oxirida Tselledagi oliy yer sudi ekspertlar fikriga asoslanib, Gryoning keksa yoshiga qaramasdan qamoqda jazo o‘tashi mumkinligi haqida qaror chiqargan. Sudning fikriga ko‘ra, davlat hukm etilganlarning barchasiga teng munosabatni ta'minlashi zarur, Gryoningning alohida ehtiyojlari «zarur ehtiyot choralari bilan qondirilishi mumkin»ligi qayd etilgan edi.

Gryoning Aushvits konslageri ma'muriyatida buxgalter bo‘lib ishlagan va asir tushganlar lagerga keltirilgach, ulardan olib qo‘yilgan valyutalarni kirim qilish bilan shug‘ullangan. Sud jarayoni davomida Gryoning ikki bor konslagerda insonlarning o‘ldirishida ma'naviy aybi borligini tan olishini bayon etgan.

Aushvits-Birkenau (bizda ko‘proq Osventsim sifatida mashhur) — 1940–1945 yillarda Polshaning Krakvodan 60 km uzoqlikda Osventsim shahri yaqinida joylashgan nemislarning konsentratsion va o‘lim lagerlari majmuasidir. 1941–1945 yillarda Aushvitsda 1,4 millionga yaqin odamlar qirib yuborilgan, ularning 1,1 millioni yahudiylar bo‘lgan.

Aushvits-Birkenau natsistlarning eng yirik va eng uzoq faoliyat ko‘rsatgan o‘lim lageri bo‘lgan va shu sababli Holokost ramzlaridan biriga aylangan. Lager 1945 yilning 27 yanvarida sovet qo‘shinlari tomonidan ozod etilgan. Shu kuni BMT tomonidan Holokost qurbonlarini yod etish kuni deb belgilangan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid