O‘zbekiston | 10:11 / 19.01.2018
4223
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki davlat boshqaruvida aholi ishtirokini oshirishga amaliy yordam beradi

Foto: Reuters

18 yanvar kuni Toshkentdagi Hyatt mehmonxonasida "Davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolar ishtirokini ta'minlashning ustuvor vazifalari: ilg‘or g‘oyalar, innovatsiya va texnologiyalar" mavzuida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda 2018 yilda amalga oshiriladigan Davlat dasturi davlat idoralari vakillari, xorijlik ekspertlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolik institutlari vakillari hamda OAV tomonidan muhokamaga qo‘yildi. 

Forum davomida, davlat boshqaruvida fuqarolar ishtirokchini ta'minlash bo‘yicha xorij tajribani o‘rganish, yangi innovatsion mexanizmlarni joriy etish hamda davlat va aholi o‘rtasida o‘zaro sherikchilik tamoyilini yo‘lga qo‘yish masalalari qayd etib o‘tildi.

Siril Muller, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti:

"Jahon banki O‘zbekistondagi vazirlik va idoralariga dolzarb muammolarni hal etish va davlat xizmatlari sifatini tubdan yaxshilash kabi masalalarga fuqarolarning o‘zlarini jalb etishda yaqindan ko‘mak berishga tayyordir. Aholini faol ishtirokini ta'minlash uchun amaliy choralar qo‘llashda yordam beramiz. Bugungi forumda tegishli idoralar bilan 2018 yilning dastlabki olti oyi davomida ta'lim, sog‘liqni saqlash, suv resurslaridan foydalanish, kommunal va ijtimoiy xizmatlar hamda boshqa sohalarda hamkorlikda bir qancha texnik seminarlar o‘tkazishni reja qildik". 

Anjuman yakunida "Fuqarolarning qarorlar qabul qilish va davlat xizmatlarining sifatini yaxshilashdagi ishtirokining innovatsion usullarini aniqlash hamda joriy qilish bo‘yicha Harakatlar rejasi"ning birinchi loyihasi ishlab chiqildi.

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid