Fan-texnika | 23:56 / 31.01.2018
10152
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung yig‘iluvchi ekranli smartfonini qachon chiqarishini oshkor qildi

Samsung kompaniyasi yig‘iluvchi ekranli smartfonini 2018 yil oxirigacha chiqarmoqchi. Bu haqda kompaniyaning 2017 yilning 4-moliyaviy choragi bo‘yicha bergan hisobotida aytilgan.

“2018 yilda biz OLED-displeyli yig‘iluvchi smartfonlar kabi ilg‘or mahsulotlar ishlab chiqarish bilan ajralib turamiz”, deb aytilgan kompaniya xabarida.   

Shuningdek, kompaniya fevral oxirida Barselonada o‘tuvchi MWC ko‘rgazmasida Galaxy S9 smartfonini taqdim qilish bilan “yetakchiligini mustahkamlab olmoqchi”.

Kompaniya CES 2018 ko‘rgazmasi doirasida yig‘iluvchi smartfoni yopiq taqdimotini o‘tkazgan. Ushbu taqdimotda bo‘lganlarning ta'kidlashicha, kompaniya qurilmaning yig‘iluvchi displeyining turli mexanizmli bir nechta kontseptini tayyorlab qo‘ygan.

Kompaniyaning Galaxy X nomli bukiluvchi smartfoni haqidagi gaplar anchadan beri  yuribdi. Ushbu smartfonning taqdimoti 2016 yil oxirida o‘tishi kutilgandi. Biroq Galaxy Note7 bilan yuz bergan muammolar sababli ushbu smartfon taqdimoti 2017 yil oxiriga, so‘ngra yana keyinroqqa surilgandi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, smartfon ekrani ikkala tomonga ham bukila oladi, AMOLED-panelni esa uni shikastlab qo‘yish xavfisiz 12 millimetrga cho‘zish mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid