Jamoalar jamoasi
Rossiya kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «17 raqamli afsona» («Legenda № 17») filmida bitta epizod bor. Sobiq Ittifoq hokkey terma jamoasi hokkeychilari o‘rtasida ichki muhitda muammolar paydo bo‘la boshlaydi. Ashaddiy raqiblar «Spartak» va TsSKA klubi a'zolari terma jamoada ham kelisha olmay, urushib ketaverishadi.
Shunda o‘sha vaqtlardagi jamoa bosh murabbiyi Anatoliy Tarasov jamoaning barcha a'zolarini muz ustiga olib chiqib, maydon markazidagi aylana bo‘ylab katta tezlikda aylanishni so‘raydi. Katta tezlikda harakatlanayotgan hokkeychilarga qarata, o‘rtada «Spartak» a'zolari to‘xtang, TsSKA, to‘xtang deb jamoalar nomini almashtirib birin-ketin buyruq bera boshlaydi. Juda katta tezlikda yig‘ilib harakat qilayotganlarning qaysidir qismi to‘xtagach, qolganlar ularga urilib yiqilib tushaveradi, tushaveradi. Film bosh qahramoni Valeriy Xarlamov esa (u afsonaviy hokkeychi, Sobiq Ittifoq terma jamoasi yulduzi bo‘lgan) hammaga qarab qichqiradi: «To‘xtamaymiz, to‘xtamaymiz!». Bosh murabbiy undan so‘raydi: «Nega to‘xtamaysizlar, men buyruq beryapman». Shunda Xarlamov javob beradi: «Biz bu yerda TsSKA yoki «Spartak» emasmiz. Bu yerda bitta jamoa — terma jamoa bor».
Tarasov ham aynan shuni shogirdlariga tushuntirmoqchi bo‘lgandi. U shu yerda mashg‘ulotlarni to‘xtatadi.
Kecha «Uzbek Tigers» juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Menimcha bu jamoaning keyingi 3 mavsumdagi eng muhim g‘alabasi edi. To‘g‘ri, jamoa pley-off bosqichlarida qatnashgan, chorak final, yarimfinallarda ishtirok etgan. Lekin men uchun jamoaning kechagi g‘alabasi eng muhimi edi.
So‘nggi vaqtlarda bu jamoa atrofida gap-so‘zlar ko‘payib ketdi. Matbuotda, jumladan «Kun.uz» saytida ham jamoa faoliyatini tugatishi mumkinligi haqida xabar berildi. Yaxshiyamki, keyinchalik olimpiya qo‘mitasi bu xabarlarni inkor qilib chiqdi. Shunday bo‘lsada, bunday xabar tarqalishining o‘zi, u qanchalik rost yoki yolg‘on bo‘lishidan qat'i nazar, shu jamoada mehnat qilayotgan, shu jamoada ringga chiqayotgan har bir a'zo uchun ruhan ta'sir o‘tkazgani bor gap. Qilayotgan mehnatingiz, harakatlaringiz, barchasi bekor bo‘lishi mumkinligi haqida bir daqiqa bo‘lsada o‘ylab ko‘ring, istaysizmi, yo‘qmi bir zum bo‘lsada izdan chiqasiz. Seskantirib yuboradi. O‘sha xabar chiqqanda o‘zimni bokschilar, murabbiylarning o‘rniga qo‘yib ko‘rdim. Ishoning, men kabi hissiyotli odam uchun bu dahshatning o‘zginasi edi.
Kecha Sanjar Tursunov hali shu paytgacha hech qachon mag‘lub etmagani Erislandi Savonni mag‘lubiyatga uchratdi. Kecha Shahobiddin Zoirov olimpiadadan keyin vaznining oshib ketishi bilan bog‘liq muammolar tufayli deyarli bir yarim yildan keyin eng muhim jangiga chiqib, ajoyib qaytishni amalga oshirdi. Kecha Hasanboy Do‘smatov jahon chempionatidagi mag‘lubiyat aslida tasodif ekanini isbotladi. Isroil bu vaznda hali aytadigan gapi ko‘p ekanini namoyish etdi.
Bularning barchasiga ular tinimsiz mehnat, tinimsiz mashg‘ulotlar bilan erishdi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q. Tinimsiz mashg‘ulotlar, mehnatlar harakatlar har doim ham asqatgan. Lekin kechagi g‘alabani men jamoa bo‘lib yutish, degan bo‘lardim.
Kechagilar individual sportchilar emasdi, kecha har safar ringga butun boshli jamoa chiqdi. Har bir zarbani birgalashib berishdi. Ring yonida o‘tirgan Bahodir Jalolovni kuzatdim. Akalari safiga endi-endi qo‘shilib kelayotgan Shunqorni, Xudoynazarni kuzatdim. Ular shu kuni qalban Hasanboy bilan birga ringga ko‘tarilishdi, u bilan birga jang qilishdi. Endigina jangini tugatgan Hasanboy darhol ringga qaytib Iqbol, Isroil va Sanjarga qo‘shilib yana jang qildi. Yana o‘sha o‘z jangidagi emotsiyalarini boshidan kechirdi. Sanjarning har bir zarbasiga Bahodir Jalolovning, To‘lqin Qilichevning, Rahmatjon Ro‘zioxunovning mushtlari qo‘shilgandi. Janglarni «Sport» telekanali sharhlovchilari bilan yonma-yon kuzatib o‘tirdim. Har bir raund tugagach, xuddi o‘zi ringdan tushib kelgandek, «Bu raundda nima bo‘ldi?» deb har bir bokschining har bir raundidan keyin bizdan so‘rab turgan Bahodirni bu jamoa uchun qanchalik qayg‘urayotganini ko‘rdim.
Bokschilarimizning mehnatlarini, harakatlarini qayd etmaslikning iloji yo‘q. Buning uchun ularga rahmat aytamiz. Ammo kechagi janglarda faqatgina mashg‘ulotlar bilan g‘alaba qozonib bo‘lmasdi. Kuchli raqibga qarshi g‘alabalar faqatgina tinimsiz mashg‘ulotlar ham ish bermay qolishi mumkin, ana shunday paytda atrofingda yig‘ilgan yaqinlaring ko‘magini har qachongidan ko‘proq his qilasan.
Janglardan bir kun oldin Shahobiddin Zoirovdan «Ertaga uzoq vaqtdan buyon katta janglarga qaytishni ikki karra olimpiya chempioniga qarshi boshlaysiz», degan ma'noda savol so‘raganimda u shunday javob bergandi: «Uch karra olimpiada chempioni bo‘lsa ham farqi yo‘q. Men undan qo‘rqmayman, buni jangda isbotlayman». Kecha Zoirov buni isbotladi. U bokschi uchun uzoq tanaffusdan so‘ng tarixda qolgan g‘alabalari tasodif bo‘lmaganini isbotlashi kerak edi. U qaytdi, isbotladi. Isbotlay oldi. «Sanjar Savonni yutmagan, ertaga xudo xohlasa, albatta yutadi», deb ishonch bilan gapirgandi To‘lqin Qilichev. Sanjar murabbiyining aytgan gaplarini yuzaga chiqara oldi. Sanjarning g‘alabasiga, Shahobning qaytishiga ularning o‘zi ham murabbiy ham, boshqa jamoa a'zolari ham ishongandi. Ular birgalikda g‘alaba qozonishdi, birgalikda qayta olishdi.
Bilasizmi, «Natijaga erishishimiz uchun birgalikda ishlashimiz kerak», «Bir yoqadan bosh chiqarishimiz kerak», «24 soat ishlashimiz kerak» kabi balandparvoz gaplarni istagancha aytish mumkin. Lekin quruq gap bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Haqiqiy birdamlik, haqiqiy bir yoqadan bosh chiqarish so‘zda emas, amalda, mana shunday bahslarda bo‘ladi. Buni so‘z bilan, qandaydir yig‘ilishlar o‘tkazib, o‘rgatib bo‘lmaydi. Bunaqa hissiyot o‘z-o‘zidan, tabiiy yo‘llar bilan paydo bo‘ladi. Chiroyli gapirishni bilmaydigan, xudoni tilidan tushirmaydigan, vatan nomini har gapida eslaydigan mana shunday yigitlar isbotlay oladi. Men, siz, ular muxlis bo‘lib qolishiga sababchi bo‘ladi. Endigina maktabga chiqqan bolakayni o‘zidan katta ryukzakni yelkasiga osib olib, sport to‘garagiga kelishga majbur qila oladi. Bunda barchasi tabiiy, samimiy bo‘ladi. Vatanning yangi qahramonlari shunday tug‘iladi. Yurt sha'nining haqiqiy himoyachilari shunaqa paydo bo‘lishadi.
Yuqorida eslagan filmga qaytamiz. Tarasovning o‘ta qattiqqo‘l murabbiyligi, noodatiy va murakkab mashg‘ulotlari, cho‘rtkesarligi ko‘pchilikka yoqmasdi. Jamoadagi ichki muhitning buzilishi ham ayrim kishilarning gij-gijlashi, Tarasovga qarshi harakatlarning bir qismi edi. Ular jamoani izdan chiqarish orqali Tarasovni chetga surib qo‘yishmoqchi bo‘ladi. Ammo murabbiyning birgina aqlli qarori bu jamoani yanada jipslashtiradi. Yanada kuchliroq qiladi. Bir oilaga aylantiradi. Ular olimpiada chempioni bo‘la olishadi. O‘sha g‘alaba hozirgacha Sobiq Ittifoq tarixidagi eng buyuk g‘alaba sifatida eslanadi (1972).
Kecha «Uzbek Tigers»ning janglarida men haqiqiy jamoani, haqiqiy oilani ko‘rdim. Ular tarqalgan har xil xabarlardan keyin ham birlasha olishlarini, yanada kuchliroq, yanada birdamroq bo‘la olishlarini isbotlay olishdi. Ularning ichida murabbiy-shogird tushunchasi u yerda haqiqiy oila bor. Ota-farzand bor, aka-uka bor. Respublikaning turli burchaklaridan kelgan, bir maqsad yo‘lida birlashgan katta jamoa bor. Ruslarda yaxshi ibora bor — «Bolshe chem komanda». Kechagi, bugungi «Uzbek Tigers» aynan shu ta'rifga mos keladi. Bu yerda jamoadanda ustunroq, ta'riflab bo‘lmaydigan darajadagi omillar bor.
1994 yil Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan O‘zbekiston futbol jamoasi qanday bo‘lganini yaxshi bilmayman. U paytlari ancha yosh bo‘lganman. Tushunib ko‘rganlarim ichida eng zo‘r jamoa bu Abramovning 2011 yilgi Osiyo kubogida qatnashgan jamoasi edi. O‘zbek sporti tarixida hali bu qadar kuchli jamoani ko‘rmaganman. Lekin kechagi «Uzbek Tigers» Abramovning o‘sha 2011 yildagi jamoasidan ham kuchliroq edi.
Azamat Murodov
Mavzuga oid
17:23 / 04.11.2024
O‘zbekiston – World Boxing tashkiloti a’zosiga aylandi
09:34 / 03.11.2024
Bektemir Meliqo‘ziyev og‘ir kechgan jangda ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozondi
10:17 / 09.10.2024
Isroil Madrimovning keyingi raqibi va jang sanasi ma’lum qilindi
10:17 / 22.09.2024