Jahon | 03:42 / 07.03.2018
37510
12 daqiqa o‘qiladi

Singapur fenomeni: Qanday qilib mamlakat "yo‘qdan bor bo‘ldi"?

Bugun butun dunyo ahli Singapurga havas bilan qaraydi. BBC kolumnisti Sara Kiting Singapur bugungi darajasiga erishguniga qadar hukumat qanday choralar qo‘llaganiga doir maqolasi bilan bo‘lishdi.

«Kohi lah [qahva, — malaysk.]", — deydi keksa singapurlik kafega kelib. Qahvaxona xizmatchisi unga o‘tkir va quyuq qahvali qalin polietilen paketni uzatdi. "Sizlarda sog‘lom ichimliklar ham olinadimi?", - deya so‘rayman undan ingliz tilida. "Bo‘lib turadi", - deya kulib qo‘ydi u va men mahalliy aholi sekin-asta bo‘lsa-da, yaxshi tomonga o‘zgarayotganini tushunaman.

Bozor bo‘ylab sayr qilar ekanman, mahalliy taomlarning xushbo‘y hidi taraladi. Ko‘cha savdogarlarning rastalarida qizil yelimqog‘ozlarni ko‘rish mumkin. Ularning ba'zilarida "Sog‘lom taom tayyorlaymiz", degan ovozlar eshitiladi. Boshqalar esa taom tayyorlovchi "nisbatan xavfsiz yog‘"dan foydalanilishini ta'kidlaydi. Healthy Dining Board Health Promotion dasturi doirasida shunday qizil yelimqog‘ozlar tarqatishadi. Mazkur dastur o‘z xaridorlari salomatligini saqlash uchun qo‘shimcha sa'y-harakatlar qilishga tayyor sotuvchilarga grantlar taklif etadi. Bu hukumat yumshoqlik bilan, lekin to‘xtovsiz ravishda aholini mamlakat manfaati uchun foydali odatlarga yo‘naltiruvchi muhim omillardan biridir.

Foto: Sina

Tez orada Malay yarim oroli janubidagi shahar-davlat 50 yillik yubileyini nishonlagandan keyin uning ma'muriyati yorug‘ kelajakni ta'minlashning eng yaxshi usuli - boshqa mamlakatlar bilan faol hamkorlik qilish va ularning turli sohalardagi tajribasini o‘zlashtirish ekanini anglab yetdi.

O‘shandan buyon shahar hukumati doimiy ravishda yangi strategik tashabbuslarni amalga oshiradi, ulardan biri xalq orasida "Bilakdan turtuvchilar" nomini olgan Britaniya hukumati qoshidagi Behavioural Insights Team olimlar guruhi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Ular juda jiddiy g‘oyalarni ilgari surishardi: guruh turtish nazariyasini siyosatda qo‘llashga ixtisoslashgan.

Bu nazariya odamlarda tanlov erkinligini saqlagan holda  yaxshi xatti-harakatlarga moyillik uyg‘otishi mumkinligini tasdiqlaydi. Bir tomondan, bu tabiiy holdek, - biroq uning muallifi o‘z g‘oyalari uchun Nobel mukofotini olgan, butun dunyo siyosatchilari esa ko‘p yillardan beri aholi bilan ishlashda uni muvaffaqiyatli qo‘llab kelmoqda. Uning samarasini baholash uchun ushbu mitti mamlakat tarixi haqiqatda tanishib chiqishga arziydi.

Singapur tartib va samaradorlik namunasi sifatida mashhur - hatto u haqida deyarli hech narsa bilmaydiganlar orasida ham (masalan, ko‘pchilik bu Yer yuzidagi saqich taqiqlangan yagona shahar ekani haqida eshitgan). Bugun u dunyoning moliyaviy markazlaridan biridir, biroq bunday nufuzga erishish aslo oson kechmagan. 1965 yilda shahar Malayziya Federatsiyasidan mustaqillikni e'lon qilishga qaror qilganida u shaharni jangsiz, boz ustiga atrofidagi hududlari bilan birga qo‘yib yuborgan: zero shahar mutlaqo hech qanday istiqbolga ega emas, deya hisoblangan.

Darhaqiqat, Singapur ko‘p ijtimoiy-iqtisodiy muammolardan aziyat chekkan - ishsizlik va aholi bilimsizligidan tortib, to bo‘sh yerlar va tabiiy resurslarning yo‘qligigacha. Shahar salohiyatli savdo hamkorlariga hech narsa taklif qila olmasdi, ular esa, o‘z o‘rnida, shaharning mustaqilligini tan olishga shoshilishmasdi.

Li Kuan Yu
Foto: RIA "Novosti"

Singapur ilk 50 yildagi misli ko‘rilmagan o‘zgarishlari uchun deyarli bir kishi oldida qarzdor - marhum bosh vazir Li Kuan Yu. An'anaviylik tarafdori va qaysidir jihatdan hatto diktator hisoblangan bosh vazir Singapur gullab-yashnashi uchun o‘zgarishi kerakligini yaxshi anglab yetgan. "Biz qo‘shnilarimiz kabi yashashga harakat qilsak, halok bo‘lishimizni bilardik: ularning oldiga qo‘yish uchun hech narsamiz yo‘q edi. Shuning uchun qanday qilib ular taklif qila olishi mumkin bo‘lgandan-da qadrli narsa ishlab chiqarish mumkinligi haqida o‘ylashimizga to‘g‘ri kelgan. Bunday yondashuv bizni samarali ishlashga undab, munosiblar gullab-yashnaydigan shart-sharoitlarni yaratish imkonini berdi - eng asosiysi, u ish bermoqda", - dedi bosh vazir ko‘p yillardan so‘ng New York Times'ga bergan intervyusida.

Shunday bo‘lsa-da, bu usulni ish berishga majbur qilish uchun hukumat nafaqat iqtisodiyot, balki jamiyatning o‘zini ham nazorat ostiga olishga to‘g‘ri keldi - albatta, uning manfaati yo‘lida.  Hukumat ko‘p qavatli ijtimoiy turar-joy qurilishiga doir dasturni yo‘lga qo‘ydi va chet ellik sarmoyachilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratdi. Sekin-astalik bilan bo‘m-bo‘sh orollar haqiqiy mitti davlat ko‘rinishiga kela boshladi.

Bosh vazir avval boshdanoq multimadaniy aholi o‘rtasida milliy o‘ziga xoslik hissini shakllantirishga yo‘naltirilgan axborot kampaniyalarini tashkil qildi. Ilk tashabbuslar maqsadi atrof-muhit tozaligini oshirish bo‘lgan; keyingi kampaniyalarda asosiy e'tibor oilani rejalashtirishga qaratilgan: hukumat fuqarolarni "ikkinchi bolada to‘xtash"ga chaqirgan. Singapur biroz boyiganidan keyin shahar aholisini g‘arb maneralariga o‘rgatuvchi va pu­tun­xua (butun dunyodagi xitoyliklar tushunuvchi standart lahja)da muloqot qilishga chorlovchi kampaniyalar vaqti keldi. Bu loyihalarning bari bir maqsadni ko‘zlagan: mustahkam va taraqqiy etgan jamiyat yaratish.

1986 yilda Li Kuan Yu iqror bo‘ldi:

"Meni ko‘pincha fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashishda ayblashadi. Ha, bu ayblovlar adolatli, biroq agar men shunday qilmaganimda bugun biz bo‘lmasdik. Agar kim bilan qanday yashayotganingiz, qay darajada shovqin solayotganingiz, qayerda tupurishni joiz topganingiz yoki qaysi tilda gapirayotganingiz nazorat ostiga olinmaganida, biz bugungi iqtisodiy taraqqiyotga erisha olmagan bo‘lardik. Qanday qilsa to‘g‘ri bo‘lishini biz hal qilamiz".

Aytish mumkinki, o‘tgan 50 yil ichida strategiya o‘zini to‘liq oqladi: mamlakat iqtisodiyoti dunyodagi eng innovatsion va biznesga ijobiy moyillikka ega bo‘ldi. Singapurda hukumat hali-hanuz jamiyatni nazorat qilish kerak deb hisoblashsa-da, so‘nggi yillarda u buning uchun nisbatan yumshoqroq usullarni qo‘llamoqda.

Foto: iStock

"Turtish nazariyasi" faqatgina Singapurda qo‘llanmaydi. Butun dunyo bo‘ylab 150 dan ortiq hukumat shu usulni samarali hisoblab, qo‘llab keladi. Masalan, Qatar sog‘liqni saqlash vazirligi Ramazon oyida tibbiy markazlardan birida bepul qon tahlillarini taklif qiluvchi dasturni yo‘lga qo‘yib, diabetdan ogohlantirish ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.

Qulaylik va vaqtni to‘g‘ri tanlay bilish — "turtish"ning ikki asosiy muvaffaqiyatli komponenti.

Islandiya, Hindiston, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda ham shularga o‘xshash usullar qo‘llanadi. Biroq aynan Singapurda "turtish nazariyasi" katta muvaffaqiyat bilan qo‘llanadi. Chekuvchilar yo‘lovchilarga xalaqit bermasliklari uchun urnalar avtobus bekatlaridan uzoqroqqa qo‘yiladi. Kommunal xizmatlar hisob-kitobi suv va elektr energiyasi uchun qo‘shnilarga nisbatan qancha ko‘p yo kam to‘layotganingizni ko‘rsatadi. Aholi muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lishi uchun ko‘p qavatli turar-joylar oldida sport maydonlari qurilgan. Temir yo‘l platformalaridagi yashil va qizil belgilar chiqayotganlarni turtmay vagonga tezroq kirish uchun qayerda turishingiz kerakligini ko‘rsatadi. Jamoatchilik transporti tig‘iz vaqtga qolmaslik uchun ishga ertaroq chiqadiganlar uchun pasaytirilgan tariflarni taklif qiladi.

10 singapurlikdan 6 nafari haftada to‘rt martadan ortiq ovqatni o‘zlari bilan olib yuradi, -  aynan shuning uchun hukumat fuqarolar salomatligiga e'tibor qaratishni lozim topib, bu jarayonga eng avvalo ko‘chadagi sotuvchilarni jalb qildi. Ba'zi inshootlar boshqaruvchilari odatiy taomlarning nisbatan sog‘lom variantlariga narxlarni tushirib, shu tariqa tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdi.

Foto: Getty Images

National Steps Challenge dasturi doirasida esa shahar aholisiga bepul qadam o‘lchagichlar tarqatildi, bosib o‘tilgan qadamlarni naqd pullar va mukofotlarga almashtirish imkoni taqdim etildi. Tashabbus shu qadar muvaffaqiyatli kechdiki, hatto mashhur brendga aylandi. O‘yin eng samarali motivatsiya usullaridan biri hisoblanadi.

Shahar tug‘ilish ko‘rsatkichlarining pastligidan jabr ko‘rmoqda va endi hukumat 2030 yilgacha aholi sonini 30 foizga oshirshini maqsad qildi. Baby Bonus dasturi ko‘proq farzand ko‘rishga qaror qilgan ota-onalarga pul to‘lovlarini taklif qiladi, ta'kidlash joizki, 2001 yildan beri hatto bir farzandi bo‘lgan singapuliklar ham imtiyozli to‘lovlarga ega bo‘lishmoqda. Bundan tashqari, bola tug‘ilganida uning hisobiga bolalar bog‘chasi va tibbiy xizmatlar uchun to‘lov kiritishda foydalanish mumkin bo‘lgan mablag‘lar o‘tkaziladi. Farzandlaringiz qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p pul olasiz: 2016 yilning martidan birinchi farzand uchun bir vaqtning o‘zidagi to‘lov 8000 singapur dollari (6000 AQSh dollari)ni tashkil qiladi, uchinchi va undan keyingi farzandlar uchun esa to‘lov summasi 10 000 singapur dollari (7,5 ming AQSh dollari)ga yetishi mumkin.

Singapur aholisining hukumatga bo‘lgan ishonchi yuqori darajani namoyon etadi, bu ham turtish nazariyasi samaradorligidan darak berishi mumkin.

Shunday qilib, Singapur hukumatining navbatdagi qadami qanday bo‘ladi? Davlat tahlil xizmatiga muvofiq, bu raqamli hukumatga o‘tish jarayoni bo‘ladi: davlat xizmatlarining to‘liq kompyuterlashuvi ularni yanada arzon va samarali qilishi kutilmoqda.

Bizning dunyo bilan munosabatlarimiz tobora tezlashib, yuqori texnologiyalarga boyib va ehtimol, borgan sari real hayotdan uzoqlashib bormoqda. Odamlar kundalik vazifalarni bajarishda chat-botlar va to‘ldirilgan reallik xizmatlaridan foydalanishga o‘rganib qolishmoqda - Singapur hukumati ham bu jarayondan ortda qolgisi yo‘q.

Foto: Getty Images

Men bozorni tark etib, shisha va metalldan qurilgan 30 qavatli inshootlar yarqirab turgan megapolisga qaytaman. 50 yil avval bu yerlar qanday bo‘lganini aqlga sig‘dirish qiyin. Davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarda bunday uzviylikni hamma ham qabul qilishga qodir bo‘lmasa-da, Singapur o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishganini inkor qilib bo‘lmaydi.

Mavzuga oid