«O‘gay mahalla» yoxud shovotliklarni qiynayotgan ijtimoiy muammolar
KUN.UZ tahririyatiga Xorazm viloyati, Shovot tumani, Chig‘atoyqal'a qishlog‘i, «Guliston» mahallasida istiqomat qiluvchi bir guruh mehnat faxriylari, fermerlar, nafaqaxo‘r onaxonlardan murojaat tushdi.
Ular qishloqdagi ijtimoiy muammolar bo‘yicha shikoyat qilishdi. Xatda bolalar bog‘chasi ishlamayotgani, uning ayanchli holatda ekani, mahallada kutubxona tugatib yuborilgani, ichimlik suvi tarmog‘i yo‘qligi, qishloq vrachlik punktiga ega emasligi, guzar tugul, hatto sartaroshxona yo‘qligi, masjid mavjud bo‘lishiga qaramay, unda ibodat qilishga ruxsat berilmagani ko‘rsatilgan.
Vaziyatni o‘rganish uchun Shovot tumani, Chig‘atoyqal'a qishlog‘ining «Guliston» mahallasiga tashrif buyurdik. U yerda mehnat faxriylari Matchonov Jumanazar, Qalandarov Shermat, Boyjonov Bekturdi, Ahmedov Xudoyor va boshqa fuqarolar bilan uchrashdik.
Chig‘atoyqal'a qishlog‘ining «Guliston» mahallasi Shovot tumani markazidan 7 km uzoqlikda joylashgan. Unda 600dan ziyod xonadon mavjud.
Fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, mustaqillikka erishilganidan so‘ng, mahallada birorta madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy obekt qurilmagan. Mavjud bo‘lganlari esa tugatilib, mulki talon-toroj qilib yuborilgan.
Vayronaga aylanayotgan «Orzu» maktabgacha ta'lim muassasasi
1985 yilda «Mehnatobod» jamoa xo‘jaligi mablag‘lari hisobiga mahallada «Orzu» maktabgacha ta'lim muassasasi barpo qilingan. Unda shu mahalla bolalari ta'lim-tarbiya olgan, savodini chiqargan.
Mahalla aholisining aytishicha, 2015 yilda bog‘cha kapital ta'mirlash bahonasida yopilgan, ammo hozirgi kungacha hech qanday ta'mirlash ishlari bajarilmagan va qarovsiz ahvolda, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Uni tugatib yuborish haqida biror qaror mavjud emas, ammo bog‘cha mulki (ya'ni davlat mulki) talon-toroj qilib yuborilgan.
Faxriylar bilan bo‘lgan suhbatda, 66 yoshli Jumanazar aka bergan bir ma'lumot bizni hayron qoldirdi.
«Bog‘chaning yopilib ketmasligi uchun, u yerda ishlayotgan tarbiyachilar va boshqa xodimlarning har biri, o‘z ixtiyori bilan, o‘z maoshi hisobidan, 10 nafar bolaning bog‘cha puli yarmini to‘lab kelishgan! Bu bilan kam ta'minlangan oila bolalarining bog‘chadan qolib ketmasligi, muassasaning esa yopilib, tugatib yuborilmasligiga umid qilishgan. Axir qanday qilib bunday xodimlarni ishsiz qoldirish mumkin?» - deydi Jumanazar aka.
Ayni paytda, mahalla bolalari boshqa hududlardagi, 4-5 km uzoqlikdagi bog‘chalarga borishga majbur. Bu juda uzoq va noqulay. Bunday xarajatlarni faqat shaxsiy transporti bor va o‘ziga to‘q oilalargina ko‘tara oladi. Ular esa ozchilik.
Mahalla fuqarolarini bog‘chaning xususiylashtirish masalasi ham qiynamoqda. Agar bog‘cha xususiy tadbirkorlarga sotib yuborilsa, bog‘cha pulining qimmat bo‘lishi, natijada, oilalar qiynalib qolishi, buning oqibatida bolalarini bog‘chaga bermay qo‘yishi, shundan so‘ng, umuman tugatilib, uning tijorat maqsadlarida ishlatilish xavfi borligi aholini tashvishga solgan.
1985 yilda barpo qilingan bog‘cha keyinchalik bir necha marta shu mahalla fuqarolarining tashabbusi va hashari bilan ta'mirlab berilgan. U juda puxta qurilgan bo‘lib, 33 yilda eskirib, yaroqsiz holga kelishiga ishonging kelmaydi.
Bu otaxonlarga bog‘cha nimaga kerak ekan, nabiralarini uyda o‘ynatib, tarbiyalab o‘tirsa bo‘lmasmikan degan fikr hayolingizdan o‘tishi mumkin. Ular bilan yaqindan tanishgach, bu savollarga javob topasiz.
Matchonov Jumanazar aka shu qishloqda 24 yil davomida maktab direktori bo‘lib ishlagan, geografiya fanidan dars bergan. Ayni paytda, nafaqada. Jumanazar akaning 176 nafar (!) o‘quvchisi Respublika fan olimpiadalarida ishtirok etgan. Uning shogirdlari Xorazm viloyati tarkibida 13 marta Respublika olimpiadalarida 1-o‘rinni egallagan. 4 nafar o‘quvchisi esa, Moskvada o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada bronza medallarini qo‘lga kiritishgan.
Allaberganov Anvar (huquq fanlari nomzodi, professor), Dushamov Shuhrat (fizika fanlari nomzodi, yadro fizikasi olimi), Matchanov Muzaffar (fan nomzodi, xalqaro ekologiya bo‘yicha mutaxassis) kabi olimlar aynan shu qishloqning farzandi hisoblanadi. Bundan tashqari, qishloqning ko‘plab fuqarolari ayni paytda oliy ta'lim dargohlarida dars berib, davlat idoralarining rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda, O‘zbekistonning ravnaqi uchun mehnat qilmoqda. Bularning barchasi shu qishloqda bolalarning tarbiyasi, o‘quvchilarning bilimiga, ilm-ma'rifatga qaratilgan e'tibor tufayli bo‘lgan. Bog‘cha esa shu tizimning ajralmas bir bo‘g‘ini hisoblanadi.
«Bog‘chamiz saqlanib qolsin, u ishga tushirilsin. Bolalarimizni, nabiralarimizni bog‘chaga beraylik. Ular o‘qisin, o‘rgansin, ilmli-ma'rifatli bo‘lsin. Biz mana shuni istaymiz» - deydi ko‘p yillar davomida maktab o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan Shermat aka.
Talon-toroj qilingan ichimlik suvi ta'minoti tarmog‘i
«Guliston» mahallasida ichimlik suvi ta'minoti tarmog‘i qurilishi o‘tgan asrning 90-yillarida boshlangan, ammo oxirigacha yetkazilmagan. Keyinchalik esa uning uskunalari, qurilish materiallari talon-toroj qilingan. Ayni paytda mahalla aholisi yer osti suvini ichmoqda, bundan tashqari, haftada bir marta ularga ichimlik suvi tarqatilmoqda.
Tugatib yuborilgan, talangan qishloq vrachlik punkti
«Guliston» mahallasida mavjud bo‘lgan tibbiyot punkti ham tugatib yuborilgan. Buning sababi sifatida, qo‘shni «Bo‘ston» mahallasidagi qishloq vrachlik punkti (QVP) tarkibiga qo‘shib yuborilishi ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng, gulistonliklar 1-1,5 km masofani bosib o‘tib, «Bo‘ston» mahallasidagi QVPga borishga majbur bo‘lishgan.
Afsuski, yaqinda «Bo‘ston» QVP ham «optimizatsiya» bahonasida tugatilib, «Mehnatobod» mahallasidagi oilaviy poliklinikaga qo‘shib yuborilgan. Ayni paytda, «Bo‘ston» va «Guliston» mahallasi fuqarolarining bu poliklinikaga borishi uchun 4-5 km masofani bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Mahalliy aholining noroziligi va shikoyatlaridan so‘ng, «Bo‘ston» QVP tayanch punkti sifatida qoldirilgan. Unda mavjud bo‘lgan yangi, zamonaviy tibbiyot uskunalari, avtoklav, laboratoriya jihozlari, EKG va boshqa uskunalar yuk mashinasida olib ketilmoqchi bo‘lganida, bundan xabar topgan mahalliy aholi kelib, norozilik bildirgan. Shundan so‘ng, yuk mashinasida kelganlar ko‘zdan g‘oyib bo‘lishgan. Ammo, tunda kelib, barcha jihozlar va uskunalar odamlarga bildirmasdan olib ketilgan.
E'tiborli jihati, «Bo‘ston» QVP yonida 44-son umumiy o‘rta ta'lim maktabi bor. Shu yerda mehnat qiluvchi o‘qituvchilar oldimizga kelib, shu QVP saqlab qolinishini iltimos qilishdi. «Biz bolalar bilan ishlaymiz, biror kor-hol yuz bersa, darhol shu yerga kelib, ular uchun tibbiy yordam olardik. Biz uchun yaqin va qulay edi. Endi 4-5 km masofaga qanday qilib boramiz» - dedi maktab o‘qituvchilaridan biri kuyinib.
Qurilishi paysalga solinayotgan mahalla guzari
«Guliston» mahallasida guzar tugul, sartaroshxona ham yo‘q. Mahalla tadbirkorlaridan biri Ahmedov Xudoyor aka bundan 5 yil oldin guzar tashkil qilishni, uni barpo qilib, ishga tushirishni o‘z zimmasiga olib, Shovot tumani arxitektura bo‘limiga ariza topshirgan ekan.
«Shu paytgacha hech qanday javob olmadim. Biz shu guzarni qurib, sartaroshxona, temirchilik ustaxonasi va boshqa qulayliklarni yaratmoqchi edik. Ammo ish haligacha paysalga solib kelinyapti. Sababini bilmaymiz» - deydi Xudoyor aka.
Yopib yuborilgan kutubxona
«Guliston» mahallasida sobiq jamoa xo‘jaligi mablag‘lariga barpo qilingan mo‘'jaz kutubxona mavjud bo‘lgan. Keyinchalik uning binosi mahalla idorasiga aylantirilib, kutubxona tugatilib yuborilgan. Ayni paytda, «Mehnatobod» madaniyat saroyida yangi kutubxona tashkil qilish ishlari boshlab yuborilgan, ammo uning uzoqligi mahalliy aholini norozi qilmoqda.
«Kutubxonamiz fondida 3000-4000ta kitob mavjud edi. Ayni paytda 1 dona kitobni 40-50 ming so‘mga olyapmiz. Bugungi kunda yoshlarimizni kitobxonlikka o‘rgatish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Mahalla hududidagi boy kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxona esa tugatilib yuborildi. «Mehnatobod» madaniyat saroyida tashkil qilinayotgan kutubxona bizdan 4-5 km uzoqlikda. Bolalar unga qanday qilib boradi?» - deydi mahalla ko‘chaboshisi Bekturdi aka.
Hozirgi kunda, gulistonliklar mahalla idorasiga aylantirilgan sobiq kutubxonani tiklab berishni iltimos qilishyapti.
«Shu kutubxona uchun ajratilgan xonani o‘z hisobimizdan ta'mirlab berishga ham tayyormiz. Maqsad - farzandlarimiz kitobga mehr qo‘ysin, o‘qisin, ilmli-ma'rifatli bo‘lsin» - deydi Xudoyor aka.
Ibodat qilishga ruxsat berilmagan masjid
«Guliston» mahallasida masjid bor. U tarixiy obekt hisoblanadi. Xiva xoni davrida barpo qilingan mo‘'jazgina masjid keyinchalik abgor ahvolga kelib qolgan. Mahalliy aholi uni hashar va xayriya yo‘li bilan ta'mirlab, tiklab olgan. Ammo, ayni paytda bu masjidda ibodat qilishga ruxsat yo‘q.
Mahalla otaxonlari bu masjidda ibodat qilishga Ramazon oyigacha ruxsat berilishdan umidvor bo‘lishyapti.
«Namozimizni shu masjidda o‘qisak, ibodatimizni qilsak. Juma namozi, tarovihlar uchun 7-8 km yo‘l bosib, tuman markaziga boryapmiz. Bu biz uchun juda noqulay va qiyin. Mahallamiz masjidini ta'mirlab, tayyor qilib qo‘ydik. Ammo unda ibodat qilishga ruxsat yo‘q. Shu masala Ramazon oyigacha (15 may kuni boshlanadi) hal bo‘lsa, xursand bo‘lar edik» - deydi otaxonlardan biri.
Mahalla fuqarolarining ma'lum qilishicha, «Guliston» mahallasidagi ijtimoiy muammolar haqida fuqarolar bir qancha joylarga, xususan, Xorazm viloyati hokimiyati, Shovot tumani hokimiyati va Xalq qabulxonalariga murojaat qilishgan. Ammo, ular tomonidan amaliy yordam bo‘lmagach, KUN.UZ tahririyati bilan bog‘lanishga jazm qilishgan.
«Guliston» mahallasi tumanimiz uchun o‘gaymi, nega uning muammolari hech kimni qiziqtirmayapti? Bizning shikoyatimizni, dardimizni eshitadigan odam bormi?» - deb kuyinadi Jumanazar aka.
Biz bu muammolar bo‘yicha Shovot tumani hokimiyatiga murojaat qilib, yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha hokim o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Muhiddin Quronboyev bilan uchrashdik. U mahalla aholisiga o‘z vakolati doirasidagi masalalar bo‘yicha yordam berishni va'da qildi.
Bu masala yuzasidan, O‘zLiDeP partiyasidan, 53-Chig‘atoy saylov okrugidan Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashiga saylangan deputat Ilyos Abdullayev bilan ham suhbat qurdik. U ham o‘z vakolati doirasida, mahalla fuqarolarining muammolari bilan shug‘ullanishga, deputatlar kengashi muhokamasiga olib chiqishga so‘z berdi.
Xulosa o‘rnida
Shovot tumanidan qaytar ekanman, mahalla otaxonlari, onaxonlarining talab va istaklarining mohiyati meni hayratda qoldirdi. Odamlar o‘ziga yer, arzon kredit, uy-joy va boshqa narsalarni so‘rab murojaat qilayotganini ko‘rgan, eshitgandim. Ammo, qishloq farzandlarining bog‘chaga borishi, ilmli, ma'rifatli bo‘lishi, kutubxona ochilib, undan kitob olib o‘qishi, aholisining malakali tibbiy yordam olishi, bolalarining sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi, o‘z manfaati uchun emas, balki kelajak avlod manfaati uchun jon kuydiradigan insonlar ham bor ekanidan chuqur ta'sirlandim.
Otaxonlarning bir gapi fikru-hayolimda jaranglayverdi - «Biz shu qishloq farzandlarining tayoqni qo‘liga ushlab, qo‘yning, molning ketidan yugurib, katta bo‘lishini istamaymiz. Ilmli-ma'rifatli, odob-axloqli, bizdan ham aqlli bo‘lishini, yaxshi yashashini xohlaymiz. Bizdan keyin obod qishloq, farovon yurt qolishi tarafdorimiz!»
Ayni paytda, bizlarda, rahbarlarda, yurt istiqboli uchun mas'ul mulozimlarda kelajagimizni kimlarga ishonib topshirishni tanlash imkoniyati bor: ilm-ma'rifatli, yetuk avlodgami yoki savodsiz, omi, johillargami...
Biz albatta «Guliston» mahallasidagi vaziyat bo‘yicha voqealar rivojini kuzatib boramiz.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
20:29
Xorazmga 2025 yilda 1,5 milliard dollar investitsiya jalb etish rejalashtirildi
18:04 / 18.11.2024
Urganch shahriga 50 ta zamonaviy avtobus keltirildi
12:07 / 09.11.2024
Xorazmda mevaga kira boshlagan intensiv bog‘ buzib tashlandi
10:50 / 28.10.2024